31 avgust — Qatag'on qurbonlarini yod etish kuni
Yurtimizda har yili 31 avgust sanasida Qatag'on qurbonlarining pok ruhlari yod etiladi. Ushbu sana sovet mustabid tuzumi davrida siyosiy qatag'on qurboni bo'lgan minglab vatandoshlar xotirasini abadiylashtirish maqsadida joriy etilgan. XIX asr oxiri va XX asrning birinchi yarmida Turkiston o'lkasida, ayniqsa, sovet hokimiyati davrida keng ko'lamli siyosiy qatag'onlar amalga oshirilgan. Jadidlar, davlat arboblari, olimlar, yozuvchilar, shoirlar, din arboblari hamda milliy istiqlol g'oyalarini ilgari surgan minglab insonlar ta'qib qilindi, qamoqqa tashlandi, surgun qilindi yoki qatl etildi. 1937-1938 yillardagi ommaviy repressiyalar qatag'on siyosatining eng og'ir bosqichi hisoblanadi.
O'zbekiston mustaqillikka erishgach, tarixiy adolatni tiklash va qatag'on qurbonlari xotirasini abadiylashtirishga alohida e'tibor qaratildi. 2002 yil 31 avgustda Toshkent shahri Yunusobod tumanida tashkil etilgan “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasi hududida ozodlik va mustaqillik uchun kurashgan fidoyilar xotirasini yod etish maqsadida “Qatag'on qurbonlari xotirasi” muzeyi ochildi.
Raqamlarga to'xtaladigan bo'lsak, 1937-1953 yillarda O'zbekistonda 100 ming odam qatag'onga uchragan. Ularning 13 ming nafari shafqatsiz otib tashlangan. Qanchadan-qancha oilalar xonavayron bo'lib, bolalar yetim qolgan. Birgina 1937-1938 yillardagi katta qatag'on davrida 7 mingga yaqin vatandoshimiz otilgan.
Har yili 31 avgust kuni respublika bo'ylab xotira tadbirlari, ilmiy-amaliy konferensiyalar, davra suhbatlari va ma'naviy-ma'rifiy uchrashuvlar o'tkaziladi. Asosiy tadbirlar Toshkent shahridagi “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasida tashkil etiladi. Bu yerda davlat va jamoat arboblari, olimlar, talabalar hamda keng jamoatchilik vakillari qatag'on qurbonlari xotirasiga hurmat bajo keltiradilar.
Ayniqsa so'nggi o'n yillikda qatag'on qurbonlarining xotirasini yod etish borasida o'ziga xos tashabbuslar amalga oshirib kelinmoqda. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 19 iyuldagi “Siyosiy qatag'on qurboni bo'lgan yurtdoshlarimiz hayoti va faoliyatini o'rganish, targ'ib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni kengaytirish to'g'risida”gi 270-sonli qarori shular jumlasidandir.
Hozirgi murakkab va tahlikali davrda mustaqilligimizni har tomonlama mustahkamlash, tariximizning noma'lum sahifalarini tiklash va ilmiy nuqtai nazardan chuqur o'rganish, inson, uning huquq va erkinliklarini oliy qadriyat sifatida e'tirof etish, shu asosda yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yosh avlodning Vatan taqdiri va kelajagiga daxldorlik tuyg'usini, fuqarolik pozitsiyasini kuchaytirish, ularni bugungi tinch, erkin va ozod hayotning qadriga yetish ruhida tarbiyalash maqsadida, Siyosiy qatag'on qurboni bo'lgan yurtdoshlarimizning hayoti va faoliyatini o'rganish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish ishlarini muvofiqlashtirish bo'yicha respublika komissiyasi tashkil etildi. Mazkur komissiyaning zimmasiga qatag'on qurboni bo'lgan shaxslarning hayoti va faoliyatini o'rganish, ularni nomma-nom aniqlash, tarixiy xizmatlari haqidagi ma'lumotlarni, arxiv va muzeylar, kutubxonalar va turli fondlarda saqlanayotgan hujjatlarni to'plash va tadqiq etish, ommalashtirish uchun ishchi guruhlar faoliyatini tashkil etish; qatag'on qurbonlarining avlodlari va yaqinlari, o'sha davr voqealariga guvoh bo'lgan insonlarning xotiralarini yozib olish, oilaviy arxiv va kutubxonalarda saqlanayotgan tarixiy manbalarni, noyob suratlarni to'plash bo'yicha ishlarni muvofiqlashtirish va yana qator vazifalar yuklandi.
Respublika komissiyasining ishchi organi etib, Mudofaa vazirligining umumiy rahbarligida Qatag'on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi, Fanlar akademiyasi Tarix instituti, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi, O'zbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti, “G'alaba bog'i” yodgorlik majmuasi, “Shon-sharaf” davlat muzeyi mas'ul xodimlari va yetakchi mutaxassislaridan iborat guruh belgilandi.
Mazkur qarorga ko'ra, har yili oktyabr oyining birinchi haftasi mamlakatimizda “Siyosiy qatag'on qurbonlarini yod etish haftaligi” sifatida nishonlanmoqda. Qatag'on qurbonlari, jumladan, jadidlik harakati namoyandalarining ibratli hayoti va faoliyatini xalqimiz, ayniqsa, yoshlar orasida yanada keng targ'ib etish maqsadida, “Nuroniy” jamg'armasi, O'zbekiston mahallalari uyushmasi “Shahidlar xotirasi” jamoat fondi, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi, Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida xalqimizning mustaqillikka erishish yo'lidagi ko'p asrlik mardona kurashi, bu yo'lda siyosiy qatag'onga uchragan yurtdoshlarimizning hayoti va faoliyati hamda ularning xotirasiga bag'ishlangan ma'naviy-ma'rifiy targ'ibot tadbirlari, davra suhbatlari, ta'lim muassasalari va mahallalarda uch avlod uchrashuvlari tashkil etilmoqda.
Qatag'on qurbonlarining hayoti va faoliyatiga doir chet ellardagi mavjud manbalarni izlab topish hamda o'rganishda xorijdagi ilmiy-tadqiqot markazlari, nufuzli universitet va fondlar hamda soha mutaxassislari bilan yaqindan hamkorlik ishlari yo'lga qo'yilib, bu borada qator natijalarga erishib kelinmoqda. Olib borilayotgan amaliy sa'y-harakatlar jarayonida shaxsiy va oilaviy arxivlarda saqlab kelinayotgan qatag'on qurbonlari faoliyatiga bevosita daxldor bo'lgan qo'lyozma, kitob, surat va buyum shaklidagi tarixiy-madaniy ashyolarning davlat muzeylari fondlariga qabul qilib olish bilan bog'liq tashabbuslarga ham alohida e'tibor qaratilmoqda.
Xulosa qilish mumkinki, xalqimiz hurligi, farovonligi hamda taraqqiyoti yo'lida o'z jonini fido etgan ajdodlarimizning xotirasi qalblarimizda mangu yashaydi. Yurtboshimiz ta'kidlaganlaridek, “Eng katta maktab, eng katta tarbiya — tarixning o'zi. Yoshlarimiz tariximizni yaxshi bilishi, boshqalardan emas, o'zimizning bobolarimizdan namuna olishi kerak. Buning asosini mukammal qilib, yoshlarga munosib tilda, qiziqarli tarzda, ijtimoiy tarmoqlar orqali yetkazish, jamiyatga singdirish zarur. Yosh avlodni shu ruhda tarbiyalasak, o'z tanlagan yo'limizdan qat'iy bora olamiz”.
Shunday ekan, har bir ishda ajdodlarimizning dono o'gitlariga amal qilib, ularning pok ruhlarini yod etgan holda, zimmamizdagi vazifalarimizni ado etishga sidqidildan kirishishimiz lozim. Shundagina ko'zlagan maqsadlarimizga erishamiz, orzularimiz ijobatga aylanadi. “Tilda, fikrda, ishda birlik” g'oyasi biz uchun dasturilamal bo'lmog'i darkor. Zero, o'tganlarning xotirasi hamisha porloq, ularning qoldirgan merosi esa biz uchun mangu yo'lchiroqdir.
U. Eshpo'latov.