Ikromxon NAJMIDDINOV,

 “Nuroniy” jamg'armasi Namangan

viloyati bo'limi raisi,

senator, viloyat hokimi maslahatchisi.

O'tayotgan har bir kunimiz Vatanimizning shonli yuksalish tarixida yorqin sahifaga aylanmoqda, desak, aslo mubolag'a bo'lmaydi. Mamlakatimizda kechayotgan keng ko'lamli islohotlar, eng avvalo, inson manfaatlarini ta'minlash va el-yurt farovonligini oshirishday ezgu maqsadlarga xizmat qilayotgani ahamiyatli.

Bugun Yangi O'zbekistonimizning ulkan o'zgarishlar yuz berayotgan barcha hududlari qatorida Namangan viloyati ham yangi taraqqiyot bosqichiga ishonch bilan qadam qo'ydi. Viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini to'liq ishga solish hamda aholi turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan ezgu tashabbuslar so'nggi o'n yilda Namanganni misli ko'rilmagan bunyodkorlik va yangilanishlar maydoniga aylantirdi.

Buning amaliy tasdig'ini raqamlar ham yaqqol ko'rsatib turibdi: so'nggi o'n yilda 40 mingdan ziyod yangi korxona ish boshladi, ishlab chiqarish hajmi esa 6 barobarga oshishi evaziga 40 trillion so'mga yetdi. Shu bois, bugungi Namangan viloyati haqida shunchaki iqtisodiy o'sish hududi emas, balki yangicha fikr, zamonaviy tashabbuslar va imkoniyatlar tutashgan istiqbolli maskan sifatida so'z yuritish asoslidir.

Iqtisodiyot va sanoat rivojlandi

Viloyatning ayni davrdagi iqtisodiy qiyofasi tadbirkorlik uchun yaratilgan qulay imkoniyatlar va xususiy sektorning jadal kengayishi bilan chambarchas bog'liq. O'tgan 2025 yil yakunlariga ko'ra, viloyat yalpi hududiy mahsuloti 85,4 trillion so'mni tashkil etib, o'sish sur'ati 8,2 foizga yetdi. Sanoat mahsulotlari hajmi 40,1 trillion so'm, xizmatlar hajmi esa 56,3 trillion so'mni tashkil qildi. Viloyatga 3,3 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb etilib, eksport hajmi 916 million dollarga yetkazildi.

Aytib o'tish o'rinliki, bunday natijalarga osonlik bilan yetib kelingani yo'q. Mustaqillikning dastlabki davrida davlat mulkini xususiylashtirish jarayonidagi shoshma-shosharlik oqibatida “Namanganto'qimachi”, “Noto'qimachi”, “Atlas” kabi yirik sanoat korxonalari bankrotlikka uchrab, ko'plab ish o'rinlari yo'qotilgan edi. Ishlab chiqarish hajmi keskin qisqarib, ayrim korxonalarda faoliyat butunlay to'xtab qoldi. Guvohi bo'lganmiz, bu og'ir vaziyat bir necha yillar davomida saqlanib turdi. 2016 yildan boshlab mamlakat iqtisodiyotida tub islohotlarning yangi bosqichi boshlanishi bilan vaziyat jiddiy ravishda o'zgardi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni har tomonlama qo'llab-quvvatlash va xususiy sektor ulushini oshirishga qaratilgan tub chora-tadbirlar Namangan iqtisodiyotiga ham yangi sur'at bag'ishladi.

Ishlab chiqarish quvvatlari ortib, investitsiyalar oqimi jadallashdi, eksport salohiyati esa muttasil yuksalib bormoqda. Bugungi kunda viloyatdagi 72 ta kichik sanoat zonasida tashkil etilgan korxonalarda 75 mingta yangi ish o'rni yaratilgani bu jarayonlarning amaliy samaradorligidan dalolat beradi. Namangan viloyati endilikda chin ma'noda farovonlik va taraqqiyotning zamonaviy manziliga aylandi.

Sanoat, shaharsozlik, uy-joy va yo'l-transport infratuzilmasidagi o'zgarishlarni qiyosiy tahlillar ham tasdiqlaydi: 2000 yilda viloyatdagi 631 ta sanoat korxonasida 38,1 ming nafar ishchi mehnat qilgan bo'lsa, bugun 4423 ta zamonaviy sanoat korxonasi faoliyat yuritmoqda. Ya'ni sanoat sub'yektlari soni qariyb 6,8 barobarga ko'paydi. 2025 yilda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 40,1 trillion so'mga yetdi, sohadagi yangi ish o'rinlari esa 39 mingtani tashkil etdi.

Bunyodkorlik loyihalari kengaymoqda

Zamonaviy texnologiyalar asosida raqobatbardosh mahsulotlar chiqarishning yo'lga qo'yilishi eksport imkoniyatlarini tobora kengaytirmoqda. Uy-joy qurilishi sohasida ham ulkan muvaffaqiyatlarga erishildi. Masalan, 2017 yilda viloyatda 180 xonadonli 8 ta ko'p qavatli uy qurilgan bo'lsa, 2025 yilning o'zida qariyb 170 ta ko'p qavatli turar joy barpo etilib, 8500 ta oila shinam va zamonaviy xonadonlarga ega bo'ldi.

Bunyodkorlik ishlarining ko'lami yildan-yilga kengayib bormoqda. Jumladan, 2026 yilda Namanganda 8 ta “Yangi O'zbekiston” qiyofasidagi ko'chani to'liq rekonstruksiya qilish belgilangan. Ushbu loyihalarning tamal toshi nuroniylar ishtirokida qo'yilgani ham bunyodkorlik jarayonlari xalq bilan hamohanglikda amalga oshirilayotganining ifodasidir.

Shuningdek, yo'l va ko'priklarni modernizatsiya qilishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Bundan 19-20 yil avval Sirdaryo orqali Namangan va Andijonni bog'lovchi ko'prik qurilishidagi murakkabliklar hali ham hammaning yodida. Bugun esa bir necha yildan buyon deyarli yaroqsiz holga kelib qolgan tor “Norin – Andijon” ko'prigi rekonstruksiya qilinib, avtomobillar qatnovi uchun to'rt yo'lakli zamonaviy ko'prik barpo etilmoqda.

Namanganliklarning ko'p yillik orzularidan biri bo'lgan “Pop–Namangan” avtomobil yo'lini kengaytirish ishlari ham xorijiy hamkorlar ishtirokida boshlandi. Loyiha doirasida o'nlab ko'priklar va yo'l o'tkazgichlar qurilishi ko'zda tutilgan. Eng muhimi, ushbu magistral yo'lning modernizatsiya qilinishi faqat transport qatnovini yengillashtirib qolmay, uning atrofida yangi ishlab chiqarish quvvatlari, xizmat ko'rsatish shoxobchalari barpo etilishiga, minglab yangi ish o'rinlari yaratilishiga xizmat qiladi.

 Bugungi Namangan manzarasiga qarab, bir haqiqatni teran anglash mumkin: taraqqiyot bir-biri bilan uzviy bog'liq jarayonlardan tashkil topadi. Ya'ni yangi korxona yangi ish o'rnini, yangi yo'l yangi investitsiyani, yangi uy-joy esa insonning farovon hayotini ta'minlaydi.

Qishloq xo'jaligi: daromadli sohaga aylandi

Viloyatning so'nggi o'n yildagi taraqqiyoti haqida so'z yuritganda, qishloq xo'jaligidagi tub o'zgarishlarni tilga olmaslikning iloji yo'q. Chunki namanganliklar hayoti azaldan yer, dehqon mehnati va baraka bilan chambarchas bog'langan. Biroq mustaqillikning dastlabki yillarida agrar sohada shakllangan munosabatlar kutilgan samarani darhol bera olmagan edi.

Sobiq davlat va jamoa xo'jaliklari o'rnida fermer xo'jaliklari tashkil etilgan bo'lsa-da, ularning erkin va samarali faoliyat yuritishi uchun zarur mexanizmlar to'liq shakllanmagandi. Davlat buyurtmasi, mahsulotlarni sotishdagi qat'iy narxlar, yetishtirilgan hosilni erkin tasarruf etish imkoniyatining cheklangani dehqonning mehnatga bo'lgan manfaatdorligini susaytirdi. Sohadan yetarlicha xabardor bo'lmagan mutasaddilarning fermerlarga asossiz ko'rsatmalar berishi ham rivojlanishga salbiy ta'sir ko'rsatdi, oqibatda paxta va g'alla hosildorligi pastligicha qoldi.

Muhtaram Prezidentimizning sa'y-harakatlari bilan so'nggi o'n yillikda amalga oshirilgan tub islohotlar agrar sohadagi eski yondashuvlarni mutlaqo o'zgartirdi. Eng muhimi, mahsulot yetishtiruvchining manfaati ustuvor mezonga aylandi. Bozor munosabatlari asosida erkinliklar kengaydi, davlat buyurtmasi bosqichma-bosqich bekor qilindi.

Ekin maydonlarini joylashtirish, mahsulotni bozor talabidan kelib chiqib sotish imkoniyati yaratildi. Natijada 2016 yilda viloyatda paxta hosildorligi gektariga 21,7 sentnerni tashkil etgan bo'lsa, 2025 yilga kelib bu ko'rsatkich 45,8 sentnerga yetdi, ya'ni hosildorlik 2,1 barobarga oshdi. Shu davrda g'alla hosildorligi ham 118,1 foizga o'sib, 2025 yilda har gektardan o'rtacha 64,5 sentner hosil olindi.

Bugun dalalarimizda ilm-fan yutuqlari, zamonaviy texnologiyalar va xorij tajribasidan foydalanish odatiy holga aylanmoqda. Xususan, ayrim xo'jaliklarda plyonka ostida qo'sh qatorlab, xitoy usulida paxta yetishtirish yo'lga qo'yilib, gektaridan 75-80 sentnergacha hosil olish imkoniyati yaratilmoqda.

Agrar islohotlar samarasi chorvachilikda ham yaqqol namoyon bo'lmoqda. Ilgari chorvachilik ko'p hollarda zarar bilan ishlagan va mahsuldorlik past bo'lgan. 2016 yildan esa sohada iqtisodiy munosabatlarni yangilashga keng yo'l ochildi. Ozuqa bazasini mustahkamlash, ixtisoslashgan chorvachilik xo'jaliklarini tashkil etish, xorijdan zotdor chorva hayvonlarini olib kelish hamda parrandachilik, baliqchilik va asalarichilikni jadal rivojlantirish choralari ko'rildi.

Yaratilgan imkoniyatlar nafaqat yirik xo'jaliklarda, balki oddiy xonadonlarda ham daromad manbalarining ko'payishiga xizmat qilmoqda. Masalan, Namangan shahridagi “Diyor” mahallasida yashovchi O'lmas Nuriddinovlar oilasi bor-yo'g'i 3 sotix hovlida 2 bosh sog'in sigir va 6 bosh qo'y parvarishlab, sut mahsulotlari sotish orqali kuniga 60-300 ming so'mgacha daromad olmoqda. Yangi Namangan tumani “Furqat” mahallasida yashovchi Ahmadjon Abduqahharov esa xonadonida 600 bosh “Arashan” zotli qo'y boqib, daromad topish bilan birga, qo'shnilariga ham naslli chorva yetkazib bermoqda.

Bu kabi ibratli misollar viloyatda juda ko'p. Eng muhimi, dehqon va chorvador o'z mehnati mahsulini ko'rib, faoliyatini kengaytirmoqda, bu esa sohani daromadli va istiqbolli tadbirkorlik yo'nalishiga aylantirmoqda.

 Obodlik har bir inson hayotiga kirib bordi

So'nggi yillarda aholini munosib va zamonaviy turar joylar bilan ta'minlash borasida ham mutlaqo yangi tizim shakllandi. Ilm-fan yutuqlari va zamonaviy texnologiyalarning joriy etilishi natijasida viloyatda zamonaviy qurilish industriyasi qad ko'tardi.

Viloyatga bir necha yil rahbarlik qilgan inson sifatida yaxshi eslayman: avvallari uy-joyga muhtoj, yolg'iz yoki boshpanasiz qolgan oilalarni turar joy bilan ta'minlash juda katta muammo edi. Ba'zan ularni vaqtincha eski dala shiyponlari yoki masjid binolariga joylashtirishga to'g'ri kelardi. Bugun esa bu manzara tubdan o'zgardi. Bunday toifadagi fuqarolar uchun ham zamonaviy va shinam xonadonlar barpo etilib, ularga munosib turmush sharoiti yaratilmoqda. Yangi O'zbekistonning zamonaviy va obod manzarasi shakllanmoqda.

Viloyatda xizmat ko'rsatish sohasini rivojlantirishga ham alohida e'tibor qaratilib, shahar va tumanlarda zamonaviy xizmat ko'rsatish maskanlari, savdo va ko'ngilochar ob'yektlar, aholi uchun qulay muhit barpo etilmoqda. Bugun odamlarning orzu va maqsadlari ham kengaymoqda. Madaniy dam olish, tabiat qo'ynida hordiq chiqarish va oilaviy sayohatlarga chiqish istagi tobora kuchaymoqda.

Tabiiyki, bu borada turizmni rivojlantirish muhim ahamiyatga ega. Viloyatning imkoniyatlaridan samarali foydalanish maqsadida Nanay, Kosonsoy, Chortoq, Chust va Pop tumanlarida zamonaviy turizm majmualari barpo etilmoqda. Prezidentimiz ta'kidlaganlaridek, mamlakat taraqqiyotining eng muhim omili — chuqur bilim, zamonaviy tafakkur va ilm-fan yutuqlaridir.

Ayniqsa, yoshlarga ta'lim olish uchun yaratilayotgan imkoniyatlar bu boradagi o'zgarishlarning eng yorqin ifodasidir. Viloyatimizdagi oliy ta'lim muassasalari soni so'nggi yillarda 3 tadan 9 taga yetkazildi, nufuzli xorijiy oliygohlar filiallari ochildi. Bu raqamlar ortida minglab yoshlarning taqdiri va porloq kelajagi mujassam. Ta'kidlash joizki, inson salomatligini asrash va sifatli tibbiy xizmat ko'rsatish borasidagi islohotlar ham o'z amaliy natijasini bermoqda.

Yaqin yillar ichida viloyatda ilg'or texnologiyalarga ega o'nga yaqin ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari tashkil etildi. Tibbiyot muassasalari jahon andozalariga mos jihozlandi. Bu orqali bemorlarga ko'rsatilayotgan tibbiy xizmatning sifati va imkoniyatlari kengaymoqda.  Ilgari respublika markazi yoki xorijda bajarilgan murakkab jarrohlik amaliyotlarining endilikda viloyatning o'zida o'tkazilayotgani — Yangi O'zbekistonda inson salomatligi va qadri eng yuksak mezonga aylanayotganining amaliy ifodasidir.

Investitsiya muhiti shakllandi

Viloyat iqtisodiyotining jadal rivojlanishida xorijiy sarmoyalarni jalb etish muhim o'rin tutadi. 2016 yilgacha investorlar manfaatlarini himoya qiladigan mustahkam kafolatlar tizimi mavjud emas edi. Keyingi yillarda esa investorlar uchun qulay muhit yaratish, valyuta munosabatlarini erkinlashtirish va tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash bo'yicha tashlangan dadil qadamlar sarmoyalar oqimini keskin oshirdi.

Bugun xorijiy sarmoya ishtirokida yangi korxonalar, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari tashkil etilmoqda. Xorijiy investitsiyalarni mamlakatga kirib kelayotgan mablag' sifatida baholash kamlik qiladi. U bilan birga, yangi texnologiya, zamonaviy boshqaruv tajribasi, yangi kasb va ko'nikmalar, yangi bozorlar va yangi imkoniyatlar ham kirib keldi.

Mustaqillik yillarida mamlakatimiz hayotida ro'y bergan eng muhim o'zgarishlardan biri — iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, investitsiya muhitini yaxshilash va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan islohotlardir. Bu jarayonning dastlabki bosqichlari oson kechmagani, ayniqsa, iqtisodiy barqarorlikni ta'minlash bilan bog'liq qator muammolar mavjud bo'lgani hayotiy tajribadan ma'lum. O'sha davrlarning murakkab manzarasiga o'zim guvoh bo'lganman. O'sha murakkab davrlarga o'zim ham guvoh bo'lganman. O'sha davrda rahbarlarning asosiy e'tibori byudjet daromadlari, soliq tushumlari, ish haqi va pensiyalarni moliyalashtirish kabi kundalik muammolarga qaratilgan edi. Ish haqi va pensiyalarning oylab kechiktirilishi, ishlayotgan pensionerlarga pensiyasining yarmi to'lanishi kabi holatlar aholiga jiddiy qiyinchilik tug'dirgan. Plastik kartalar joriy etilgan dastlabki davrda bankomatlar va to'lov terminallarining yetishmasligi ham ko'plab noqulayliklarni keltirib chiqargan edi.

Bugun esa ana shu murakkab davrlardan tubdan farq qiladigan yangi iqtisodiy muhit shakllandi.O'tgan yillarga nazar tashlasak, elektr ta'minotidagi uzilishlar ham odamlar hayotiga salbiy ta'sir ko'rsatganini ko'ramiz. Bundan 7-8 yil avval chiroq kuniga bir necha bor, ba'zan kunlab o'chib qolardi. Bugun esa energetika tizimida yangi quvvatlar barpo etilib, GES va TESlar rivojlantirilmoqda, quyosh va shamol kabi muqobil energiya manbalaridan foydalanish kengaymoqda. Eng muhimi, aholi orasida energiya tejamkorligi madaniyati shakllanmoqda.

Tinchlik va yaxshi qo'shnichilik — istiqbol garovi

Mamlakat taraqqiyotini qo'shni davlatlar bilan do'stona munosabatlarsiz tasavvur etib bo'lmaydi. Ayniqsa, Markaziy Osiyo davlatlari o'rtasidagi aloqalarning yangi bosqichga ko'tarilishi chegara hududlarida yashayotgan aholi hayotida yaqqol sezilmoqda. Bir vaqtlar chegaradan o'tishda murakkabliklar bor edi, bugun esa qarindoshlik va qo'shnichilik rishtalari yanada mustahkamlandi. Zero, tinchlik va yaxshi qo'shnichilik bor joyda ishonch, investitsiya, hamkorlik va taraqqiyot bo'ladi. Bugun Namanganga xorijiy hamkorlar qiziqishining ortishi ham ana shu barqarorlik samarasidir.

Yaqinda davlatimiz rahbariga Namangan viloyatini joriy yilda ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yanada jadal rivojlantirishga qaratilgan ustuvor loyihalar taqdim etildi va aniq vazifalar belgilab berildi. Ishonch bilan aytish mumkinki, bugungi yutuqlar — bosib o'tilgan yo'lning yakuni emas, balki yangi marralar sari tashlangan dadil qadamlardir.

Yuqoridagilar taraqqiyot evrilishlarining birgina Namangandagi bilganimiz va ko'rganimiz sarhisobi. Anglash qiyin emaski, boshqa hududlarda ham bu kabi obodonchilik va bunyodkorlik, farovonlik omillari chandon yuksalmoqda. Biz esa erishilgan natijalar bilan cheklanib qolmasdan, ana shu ezgu o'zgarishlarning faol ishtirokchisiga aylanishimiz, yagona Vatan, yagona xalq bo'lib, farovon kelajagimizni o'z qo'limiz bilan barpo etishimiz zarur.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan