Avval xabar berganimizdek, yurtimizda davom etayotgan “Nuroniylar kuylaganda” ko'rik-tanlovi tobora qizg'in tus olmoqda. O'tgan haftada qator hududlarda ushbu bellashuvning viloyat bosqichlari o'z yakuniga yetdi. Tadbirlar undagi ijodkor nuroniylarning iste'dodi-yu maromiga yetkazib kuylangan ashulalarning fayzi bilan yanada maroqli kechdi. Bir qarashda, sahnada qo'liga milliy cholg'u asboblarini olib, qo'shiq ijro qilgan nuroniylarning san'at ustalaridan qolishmaydigan mahoratiga qoyil qolmay iloj yo'q, albatta.

Jumladan, Samarqand shahridagi “Nurafshon” san'at saroyida o'tkazilgan ko'rik-tanlov muxlislarda katta taassurotlar qoldirdi. Bellashuvlar   samimiy, do'stona, shu bilan birga, g'oyat qizg'in kechdi. Tanlov yakunlariga ko'ra, Tayloq tumani faxriysi, “Buvijonlar maktabi” a'zosi Nodira Tojiyeva maqom yo'nalishi bo'yicha, Samarqand tumani faxriy nuroniysi Mamur Ochilov milliy qo'shiqchilik yo'nalishi bo'yicha g'olib deb topildilar.

Bu biz uchun katta imkoniyat. Axir, san'atga yoshidan qat'i nazar, barcha qiziqadi. Musiqa, qo'shiq insonni ezgu fazilatlar ruhida tarbiyalaydi. Tanlovda g'olib bo'laman deb o'ylamagandim, to'g'risi. Shunday bo'lsa-da, bor kuch-imkoniyatim va mahoratimni ishga soldim. Kutilmaganda g'olib bo'lganligimdan hayajonda qoldim. Bu yog'iga yana astoydil bo'lib, yakuniy bosqichga yaxshilab tayyorgarlik ko'rishim kerak. Viloyat sharafini himoya qilish, bu — katta mas'uliyat degani. O'z navbatida, biz, nuroniylarga qaratilayotgan  e'tibor, bildirilayotgan yuksak ishonch uchun davlatimiz rahbariyatiga ulkan minnatdorlik bildiraman, — deydi tanlov g'olibi Nodira aya Tojiyeva.

Namangan viloyatida o'tkazilgan tanlovda ham tuman va shahar bosqichlarida g'oliblikni qo'lga kiritgan 28 nafar nuroniy ishtirok etib, maqom va milliy qo'shiqchilik yo'nalishlarida o'z mahoratlarini namoyish etdilar. Tadbirda Namangan viloyati hokimining o'rinbosari Botirjon Nuritdinov ishtirok etib, nuroniylarning jamiyat hayotidagi faolligi, ma'naviy-ma'rifiy tadbirlardagi ishtiroki va milliy qadriyatlarimizni targ'ib etishdagi hissasini alohida ta'kidladi.

Ko'rik-tanlov Sirdaryo, Qashqadaryo, Jizzax, Farg'ona, Navoiy, Surxondaryo viloyatlarida ham uyushqoqlik bilan tashkil qilinib, ularda viloyat hokimliklari, mutasaddi va hamkor idoralar vakillari ishtirok etdilar.

Tanlov sahnasida o'z mahoratini namoyon etgan otaxonu onaxonlar, chinakam ma'noda, san'atga oshufta qalblari bilan bir-biridan go'zal maqom ashulalari va milliy qo'shiqchilik namunalarini ijro etdilar. Ishtirokchilarning ovoz imkoniyati, sahna madaniyati, ijro mahorati va badiiy saviyasi hakamlar hay'ati tomonidan baholab borildi.

Tadbirlar yakunida g'olib va sovrindorlar aniqlanib, ularga turli darajadagi diplom hamda qimmatbaho sovg'alar topshirildi. G'oliblar tanlovning respublika bosqichida ishtirok etish imkoniyatini qo'lga kiritdilar.

Maqom san'atini rivojlantirish, birinchi galda, yosh avlodimizga kerak. Yoshlarimiz shu san'at turini o'rgansalar, ularning ongi va qalbiga milliy qadriyatlarimiz  chuqur singib, ma'naviyati, madaniyati yuksalib boraveradi. Ilgari bunday tashabbuslar bo'lmagan. To'g'risi, bu loyihadan qattiq hayajonga tushdik. Umid qilamizki, ushbu tanlov kelajakda bardavom bo'ladi, — deydi tanlov ishtirokchisi — navoiylik otaxon Shuhrat ota Dehqonov.

Ha, “Nuroniylar kuylaganda” ko'rik-tanlovining eng qizg'in va murosasiz bosqichi tobora yaqinlashmoqda. Ushbu bosqich ko'p sonli san'at shaydolariga unutilmas onlar va taassurotlarni tuhfa etishi aniq. O'z navbatida, bellashuv ishtirokchilari — xushovoz otaxonu onaxonlarga galdagi bahslarda omad va muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.

B.Valiyev.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan