Davlatimiz Istiqlolining 35 yilligi tantanalari oldidan ma'rifiy targ'ibot qizg'in pallaga kirdi

Davr silsilasi har bir bunyodkor xalq va demokratik davlat zimmasiga jadal rivojlanish va istiqbolni belgilash mas'uliyatini yuklaydi. Shu ma'noda, so'nggi o'n yillikda Vatanimiz taraqqiyoti tarixiy islohotlar, jahonga yuz ochish, tub yangilanishlar hamda ulkan bunyodkorlik ishlari bilan hamohang kechib, yangicha ma'no va mazmun kasb etmoqda.

Hamyurtlarimiz kechagi va bugungi kun o'rtasidagi tub farq, turmush farovonligi ortayotganini o'z hayotida yaqqol his etmoqda. Boy tarixi, har sohadagi salmoqli yutuqlari bilan jahon hamjamiyatida alohida e'tirofga sazovor bo'layotgan  O'zbekistonimiz istiqlolining 35 yillik ayyomini yuksak ko'tarinkilik bilan kutib olmoqda.

Alohida ta'kidlash joizki, bu borada Davlatimiz rahbarining 2026 yil 2 apreldagi “O'zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish to'g'risida”gi qarori mustahkam huquqiy zamin bo'lib xizmat qilmoqda. Hujjatning bayramdan qariyb to'rt oy oldin qabul qilinganidan ham anglash mumkinki, bunday zalvorli va tarixiy sanaga tayyorgarlik ham shunga munosib holda, puxta va keng ko'lamda olib borilishi lozim.

Shunga muvofiq, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi, O'zbekiston mahallalari uyushmasi, Madaniyat vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, “Ma'rifat” targ'ibotchilar jamiyati, “Nuroniy” jamg'armasi hamda qator davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligida joriy yilning may-sentyabr oylarida Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida “Yagona Vatan, yagona xalq bo'lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida “Mustaqillik to'yi” festivalini o'tkazish belgilangandi.

Ta'kidlash joizki, mazkur madaniy-ma'rifiy loyihani sifatli va yuksak saviyada tashkil etishga alohida hozirlik ko'rildi. Respublika tashkiliy qo'mitasi rejasiga muvofiq,  madaniyat, san'at va adabiyot namoyandalari hamkorligida barcha hududlarda keng ko'lamli targ'ibot tadbirlari izchil davom etmoqda.

Xususan, Andijon viloyatining Asaka tumanida “Mahalla — ma'naviy makon” loyihasi doirasida o'tkazilgan ma'rifiy seminarda nuroniylar va mahalla faollari yoshlar bilan ochiq muloqotda bo'ldilar.

“Bir bolaga yetti mahalla ota-ona” deydi xalqimiz. Ha, bugungi dorilomon, tinch va farovon kunlarimizga osonlikcha erishilmaganini yoshlarga yetkazishda ko'pni ko'rgan, hayot sinovlarida toblangan muhtaram nuroniylarimizning o'rni beqiyos. O'tgan asrning og'ir va mashaqqatli yillari, turli qiyinchiliklar, kundalik tashvishlar va yetishmovchiliklarni boshdan kechirgan keksa avlod vakillari bugungi yoshlarga eng katta ibrat maktabidir. Ularning har bir samimiy hikoyasi va hayotiy xotiralarida istiqlol bergan bebaho ne'matlar — tinchlik, to'qlik, ozodlik va farovonlikning asliyatdagi qadri yaqqol bo'y ko'rsatadi. Tadbirda keksalarimiz o'z hayot yo'llaridan misollar keltirib, mahallalarda tinchlik, ahil-inoqlik, milliy qadriyatlar va oilaviy totuvlikni asrash naqadar muhim ekanini ta'sirli tarzda yetkazishdi.

Navoiy viloyatining tuman va shaharlarida o'tkazilayotgan madaniy-ma'rifiy tadbirlar aholiga yuksak bayram kayfiyatini bag'ishlash bilan birga, istiqlolning beqiyos ahamiyatini keng targ'ib qilish, amalga oshirilayotgan tarixiy islohotlarning mazmun-mohiyatini teran yetkazishga xizmat qilayotir.

Ma'lum qilinganidek, Qoraqalpog'iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahridagi “Yangi O'zbekiston” massivlari, tuman va shahar markazlari, madaniyat va istirohat bog'lari, teatrlar, ta'lim muassasalari, mahallalar va boshqa jamoat maskanlarida o'tkaziluvchi “Mustaqillik to'yi” festivali jamiyatda birdamlikni mustahkamlash, tinchlik va mustaqillik ne'matining qadrini, amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini aholining keng qatlamiga tushuntirish, qolaversa, milliy qadriyatlar va boy ma'naviy merosimizni keng targ'ib etishga qaratilyapti.

Festival doirasida respublika bo'ylab 10 dan ortiq ijtimoiy-madaniy va ma'rifiy loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Sirdaryoda tashkil etilgan ma'rifiy uchrashuvlar va san'at dasturlari esa hudud aholisi o'rtasida millatlararo totuvlik va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlab, milliy qadriyatlarimiz va boy ma'naviy merosimizni keng ommalashtirishda muhim omil bo'ldi, albatta.

Xususan, targ'ibot tadbirlari doirasida mirishkor zaminda ham “Mustaqillik marshlari” orqali ommaviy yurishlar tashkil etilib, vatanparvarlik ruhi kuchaytirilishi ko'zlangan. “Bir millat — bir yurak” fleshmobi milliy qadriyatlarni targ'ib etadi. “Vatandoshlar bilan muloqot” xorijdagi yurtdoshlar bilan aloqalarni mustahkamlaydi. “Davlat ramzlari — faxrimiz” aksiyasi milliy ramzlarga hurmatni oshirishga xizmat qiladi.

Surxondaryo vohasidagi festival tadbirlari ham ko'tarinki va o'zgacha shukuhda kechmoqda. Jumladan, Sho'rchi tumani “Guliston” mahallasidagi “Yoshlar bog'i”da “Shukronalik” madaniy-ma'rifiy uchrashuvi bo'lib o'tdi. Taniqli olimlar, adiblar, “Ma'rifat” targ'ibotchilari va san'atkorlar ishtirokidagi kechada tinchlik, shukronalik va Vatanga sadoqat g'oyalari ulug'landi.

Boysun tumanining “Boysun bahori” turizm majmuasida o'tkazilgan festivalda esa el ardog'idagi san'atkorlar va folklor jamoalari qatnashdilar. Tumanlardan tashrif buyurgan ansambllar o'z qo'rg'onlarida milliy kuy-qo'shiqlar, xalq o'yinlari va qadimiy urf-odatlarni namoyish etib, o'ziga xos milliy bayram muhitini taqdim etishdi.

Farg'ona viloyatining tuman va shaharlaridagi tadbirlar, o'tkazilayotgan loyihalar yangicha yondashuv va yuksak tayyorgarligi bilan ajralib turdi. Shu bilan birga, yurtdoshlarimizda ona Vatanga muhabbat, faxr va kelajakka bo'lgan ishonch tuyg'ularini yanada jo'sh urdirdi. Yagona Vatan, yagona xalq va umumiy kelajak g'oyasini qalblarda yanada mustahkamlayotgan chinakam ezgulik va ma'rifat maydoniga aylandi.

Xorazm viloyati Urganch tumanidagi 8-maktabda “Uyshin”, “Yuqoriovul”, “Miroblar”, “Merganovul”, “Arablar” va “Jayhun” mahallalari aholisi uchun ma'naviy-ma'rifiy bayram tadbiri tashkil etildi. “Nuroniy” jamg'armasi va mahalla faollari hamkorligida o'tgan kechada keksalarning ibratli o'gitlari tinglanib, Vatanni sevish va ahillikni asrash borasida fikr almashildi.

Qoraqalpog'istonning Beruniy tumanidagi “Shimom” va “Tinchlik” ovul fuqarolar yig'inlarida festival tadbirlari bayramona ruhda o'tdi. “Nuroniy”jamg'armasi tuman bo'limi rahbari F.Annasafarov va targ'ibot guruhi a'zolari nuroniylar nomidan so'zga chiqib, mustaqillikning 35 yili davomida erishilgan natijalar, bosib o'tilgan murakkab yo'llar haqida to'xtaldilar hamda yoshlarni eng ulug' va eng aziz bayram bilan qutladilar.

Aytish kerakki, “Mustaqillik to'yi” festivali shunchaki madaniy tadbirlar turkumi bilan cheklanmayapti. Aksincha, avlodlarni bog'lovchi, o'tmish saboqlaridan xulosa chiqarib, kelajakka ishonch bilan qarashga undovchi ma'naviy ko'prik bo'lmoqda.

Ilhomjon ABDUSALOMOV.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan