Mustaqillik — eng ulug' ne'mat. U borki, mamlakat gullab-yashnaydi, xalq farovon umr kechiradi, insonlar har bir kunidan rozi bo'lib yashaydi. Bayramlar bayramlarga, to'ylar to'ylarga ulanadi. Avlodlar barkamol bo'lib voyaga yetadi. Jamiyatning barcha jabhasida taraqqiyot, yuksalish jarayonlari barqarorlik kasb etadi.

Ayni qutlug' kunlarda, mamlakatimiz istiqlolining 35 yillik bayrami arafasida yurtimiz bo'ylab “Yagona Vatan, yagona xalq bo'lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan bosh g'oya asosida qator tadbirlar tashkillashtirilmoqda. Ayni tantanalarda yurtimizda istiqlol davrida, ayniqsa, keyingi o'n yil davomida amalga oshirilgan tarixiy islohotlar hamda ularning o'ziga xos samaralari yuksak e'tirof etilmoqda.

30 iyul —  Xalqlar do'stligi kuni bayramining aynan mustaqillik shodiyonalari bilan hamohang tarzda nishonlanganligi mamlakatimizda inson qadrining nechog'li ulug' ekanligini amalda yaqqol namoyon etdi.

Har bir xalq, mamlakatning farovon hayoti unda hukm surayotgan tinchlik va hurlik ne'matlari bilan chambarchas bog'liq. Shu bilan birga, do'stlik, o'zaro ahillik va totuvlik ne'matlari ham borki, ushbu qadriyatlar insonlarni millati, urf-odati, tilidan qat'iy nazar, ezgu maqsad atrofida birlashtiradi.

Shuning uchun ham 30 iyul sanasi — Xalqlar do'stligi kuni sifatida dunyo miqyosida bayram sifatida keng nishonlanadi. Xalqlar do'stligi — bu shunchaki shior emas. Bu har kunlik hamkorlik, hayot tarzi, ijtimoiy adolat va hamfikrlikni qaror toptirishga qaratilgan uzluksiz harakatdir.

O'zbekiston bu borada dunyoga namuna bo'la oladi.

Davlatimiz rahbarining sana munosabati bilan yo'llagan bayram tabrigida ta'kidlanganidek, bugungi kunda yurtimizda 130 dan ziyod millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari bir oila farzandlari kabi ahil va inoq yashab, mamlakatimiz ravnaqiga munosib hissa qo'shib kelayotir. G'oyat noyob ijtimoiy hodisa bo'lgan bunday milliy-madaniy xilma-xillik Yangi O'zbekistonning har bir fuqarosi, millati, tili va dinidan qat'i nazar, erkin va farovon yashaydigan insonparvar davlat sifatidagi o'rni hamda nufuzini oshirishda muhim rol o'ynamoqda.

Keyingi yillarda ko'rkam binolarda faoliyat yuritayotgan 157 ta milliy-madaniy markaz va 46 ta do'stlik jamiyatining moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi. Ushbu maskanlarda o'tkazilayotgan umummilliy bayramlar, do'stlik kechalari, festival va uchrashuvlar mamlakatimizning madaniy qiyofasini belgilaydigan muhim ma'rifiy tadbirlarga aylanib bormoqda. Yurtimizdagi ta'lim muassasalarida o'quv jarayonlari yetti tilda olib borilmoqda, qardosh tillardagi maktablar davlat hisobidan darslik va adabiyotlar bilan ta'minlanmoqda. Teleradiokanallar orqali 12 tilda ko'rsatuv va eshittirishlar efirga uzatilmoqda, 14 tilda gazeta va jurnallar nashr etilmoqda.

Yurtimizda mazkur sana yuqori saviyada, o'ziga xos uyushqoqlik bilan nishonlandi. Ayni tadbirlarda respublikamiz faol nuroniylari ham qizg'in ishtirok etib, ma'naviy-ma'rifiy tadbirlarni tashkil qilish va o'tkazishda jonbozlik ko'rsatdilar.

Jumladan, Qoraqalpog'iston Respublikasining Beruniy tumanida Xalqlar do'stligi kuniga bag'ishlab o'tkazilgan tadbirlar o'z mazmuniga ko'ra alohida ajralib turdi. Tadbirlar davomida nuroniylar, xotin-qizlar va yoshlar birdamlikda qadim an'analarni ifoda etuvchi, milliy urf-odatlarimizni tarannum qiluvchi sahna ko'rinishlarini namoyish etdilar. Tadbirni tuman hokimining o'rinbosari D.Karimov kirish so'zi bilan ochib, barchani bayram bilan samimiy qutladi. U o'z nutqida bugungi kunda Beruniy tumanidagi 40 ta mahallada 12 dan ortiq millat va elat vakillari o'zaro ahil va totuvlikda yashab, mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etib kelayotganliklarini ta'kidlab o'tdi.

Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanida o'tkazilgan “Do'stlik” festivali ham o'z nomiga ko'ra, haqiqiy do'stlik bayramiga aylandi. “Ming chinor” MFYda tashkil qilingan festival tumandagi milliy madaniy markazlar vakillari, mehnat faxriylari, yoshlar, volontyorlar, san'atkorlar hamda keng jamoatchilikni o'z bag'rida jamladi.

Bayram dasturida milliy madaniy markazlarning qo'shiq va raqslardan iborat chiqishlari namoyish etilib, turli millat vakillarining boy madaniyati va an'analari bir sahnada uyg'unlashtirildi. Tadbir yakunida faol ishtirokchilar turli nominatsiyalar bo'yicha  taqdirlandilar.

Samarqand viloyatining Toyloq tumanidagi “Charog'bon” mahallasida davom etgan  tantanalarda so'zga chiqqan mas'ul rahbar va mutasaddilar mamlakatimizda millatlararo totuvlik, o'zaro hurmat va bag'rikenglik — yuksak qadriyatlardan biri ekanini alohida e'tirof etdilar.

Dastur davomida mahalla hududidagi 21-maktab o'quvchilari hamda tuman madaniyat bo'limi ijodkorlari tomonidan tayyorlangan kuy-qo'shiqlar, raqslar va badiiy chiqishlar ishtirokchilarga xush kayfiyat ulashdi.

Xorazm viloyatining Urganch tumanidagi “Hamid Olimjon”  mahallasida ham mazkur  tadbirlar  ko'tarinki kayfiyatda tashkil qilinib, ushbu loyihalarda keksa, o'rta va yosh avlod vakillarining qizg'in ishtiroki ta'minlandi.

Tadbirlar yakunida faol ishtirokchilarga tashakkurnomalar, esdalik sovg'alari hamda kitoblar jamlanmasi topshirildi.

Bir so'z bilan aytganda, 30 iyul — Xalqlar do'stligi kuni bayrami tantanalari bugungi Yangi O'zbekistonimizda hukm surayotgan o'ziga xos va boqiy qadriyatlar — tinchlik, do'stlik, bag'rikenglik va totuvlik an'analarini butun bo'y-basti bilan yaqqol namoyon etdi.

Darhaqiqat, yurtimizda boqiy qadriyatlarimiz barhayot va bardavom ekan, mamlakatimizning yuksak taraqqiyoti, xalqimizning porloq istiqboliga aslo shubha yo'qdir.

Bahodir Valiyev.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan