“Mahallada obodlik va mehr-oqibat oyligi” qizg'in davom etmoqda

2026 yil — Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili hamda O'zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan  respublikamiz bo'ylab bir qator amaliy sa'y-harakatlar boshlab yuborilgan. Xususan, “Yagona Vatan, yagona xalq bo'lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” g'oyasi keng targ'ib etilib, yurtdoshlarimiz bunyodkorlik, yaratuvchilik, ko'kalamzorlashtirish va obodonlashtirish kabi ezgu ishlar atrofida birlashmoqda.

Jumladan, yurtimiz mustaqilligining 35 yillik to'yiga munosib tayyorgarlik ko'rish, bayramni ko'tarinki ruhda o'tkazish maqsadida “Mahallada obodlik va mehr-oqibat oyligi” qizg'in davom etayotir. O'z navbatida, joylarda tashkil etilayotgan hasharda yurtimizning katta-yu kichigi munosib faollik ko'rsatmoqda. Bu jarayonda nuroniylarning ishtirokini alohida qayd etish joiz. Ular mamlakat bo'ylab uyushqoqlik bilan o'tkazilayotgan obodonlashtirish ishlarining ahamiyatiga urg'u berar ekan, buning ortidan yurtimiz qiyofasining yangilanishi hamda mahallalarda ahil qo'shnichilik, birdamlik muhiti, shuningdek, aholi yashashi uchun bir qator qulayliklarning yuzaga kelayotganini xursandchilik bilan ta'kidlashmoqda.

— Bandixon tumani “O'rg'ilsoy” mahallasida 30 yildan beri yashab kelyapman, — deydi surxondaryolik mehnat faxriysi Toshturdi ota Sattorov. — Oldin ayrim ko'chalar qishda loyga, yozda chang-tuproqqa belanib yotardi. Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida shu va shunga o'xshash boshqa muammolar bartaraf etilmoqda. Buning uchun hurmatli Prezidentimizga alohida minnatdorlik bildiramiz. Bu kabi ijobiy o'zgarishlar mahalla ahliga manzur kelmoqda, ravon, tekis ko'chalar bolajonlar qiyqirig'i bilan to'lmoqda.

Namangan viloyati Yangi O'zbekistonning chiroyiga chiroy qo'shayotgan hududlardan biri sanaladi. Tabiiyki, yurtimiz bo'ylab keng quloch yozgan umummilliy harakatga mazkur vodiy aholisi ham o'z hissasini qo'shyapti. Viloyatning To'raqo'rg'on tumanida oylik doirasida olib borilayotgan ishlarning natijalarini yaqqol ko'rish mumkin. Ma'lumki, poytaxt bilan bog'laydigan temir yo'lning 19 kilometri ushbu tuman hududidan o'tgan. Sayyohlar va boshqa mehmonlarning poezd xizmatidan foydalanishlari hisobga olinib, yo'nalishda doimiy ravishda obodonlashtirish ishlari qat'iy nazoratga olingan. Shunga qaramay, yo'l chetlariga yana bir bor e'tibor qaratilib, chiqindilarni yig'ib, tashib ketish, ariq va ariq bo'ylarini begona o'tlardan tozalash, eskirgan paxsa devorlarni yangilash kabi yumushlar bajarilyapti. Hashar natijalari bir kunning o'zidayoq ko'zga tashlanmoqda.

Shuningdek, ko'cha va xonadonlarda sog'lom turmush tarzini yo'lga qo'yish, tozalik va ozodalikni mustahkamlash bo'yicha ishlar davom ettirilmoqda.

Xuddi shunday obodonlashtirish ishlari Pop tumanining “Muqimiy” mahallasida ham olib borilmoqda. Jumladan, 1800 metr piyodalar yo'lagi, 1600 metr zamonaviy velosiped yo'lakchasi, 800 metr sifatli asfalt yotqizish ishlari, mahallaning ko'rkiga ko'rk qo'shuvchi muhtasham arka, 43 ta tortqida 86 ta tungi yoritkich (800 metr tarmoq), o'rindiqlar, yoshlar va sportsevarlar uchun zamonaviy vorkaut maydonchasi, yangi mahalla binosi, ilm-fan va kelajak maskani bo'lgan O'quv markazi hamda “Ayollar salomatlik markazi” qurilishi davom etayotir.

Poytaxtimizning Yunusobod tumanida mahallalar hududini tozalash hamda mevali, manzarali daraxt, shuningdek, gul ko'chatlarini o'tqazish ishlari jadallik bilan davom ettirilmoqda. Mahallalar qiyofasi hamda undagi ijobiy muhit Yangi O'zbekistonni bunyod etishda muhim omil ekani inobatga olinsa, obodonlashtirish va ko'kalamzor­lashtirishning tabiat va jamiyat uchun nechog'li ahamiyatga ega ekanini anglash mumkin.

Navoiy viloyati miqyosida mustaqillik bayramiga tayyorgarlik puxta amalga oshirilmoqda. Keksa nuroniylar boshchiligida joylarda hasharlar tashkil etilib, ko'chalarga fayz kirmoqda. Xususan, Navbahor tumani “Qiziloy” mahallasida ommaviy hashar tashkil qilindi va unda faol nuroniylar ham ishtirok etib, mahalla islohoti, yurt tinchligi va obodligi yo'lida har bir mahalla, ko'cha, xonadon ahli o'zida mas'uliyat va daxldorlikni his qilishi zarurligini ta'kidladi.

Shuningdek, davlatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan boshlab yuborilgan sa'y-harakatlar Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida, Qoraqalpog'istonning Beruniy, Qorao'zak, Mo'ynoq tumanlarida qizg'in davom ettirilmoqda. Holat birgina Boysun misolida ko'rib chiqilsa, hasharda 400 nafarga yaqin fuqaro faol ishtirok etib, hududdagi qabristonda tozalash, begona o't va butalarni yo'qotish, daraxtlarga shakl berish, qabrlarni suvoqlash, yo'laklarni tartibga keltirish hamda umumiy obodonlashtirish ishlarini amalga oshirdilar.

Hududlarda bayramga tayyorgarlik ko'rish maqsadida ezgu g'oya atrofida birlashib, uyushqoqlik bilan harakat qilayotgan yurtdoshlarimiz faolligi birdamlik va hamjihatlik namunasi bo'layotir. Shuni alohida ta'kidlash kerakki, mahallalarda hukm surayotgan tinchlik, o'zaro birlik hamda ahil qo'shnichilik munosabatlari uzoq yillik sa'y-harakatlar, xalqimiz irodasining natijasi bo'lib, mustaqillik arafasida boshlab yuborilgan ezgu va xayrli ishlar misolida o'z aksini topmoqda.

Sug'diyona Sobirova,

“Nuroniy” muxbiri.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan