Yangi O'zbekiston taraqqiyotining ustuvor yo'nalishlaridan biri — inson qadrini ulug'lash, ayniqsa, umrini Vatan va xalq xizmatiga bag'ishlagan faxriylarni e'zozlash hamda ularni har tomonlama qo'llab-quvvatlashdir.

Iqtisodiyot va moliya vazirligida ham bu borada izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Vazirlik tizimida uzoq yillar samarali mehnat qilgan faxriy ustozlar boy hayotiy va kasbiy tajribaga ega fidoyi mutaxassislar sifatida qadrlanmoqda. Vazirlik faoliyatida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 15 martdagi “Nuroniylarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ularning turmush darajasini oshirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi 167-sonli, 2023 yil 11 martdagi “Keksa avlod vakillarini har tomonlama qo'llab-quvvatlash hamda ularning ijtimoiy faolligini oshirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi 92-sonli qarorlari va yana qator hujjatlarning dasturilamal bo'lib kelayotganligini alohida qayd etish joiz.

Vazirlik huzurida Faxriylar kengashi tashkil etilgan bo'lib, mazkur kengash  vazirlik markaziy apparati, uning tizim tashkilotlari va hududiy bo'linmalarida yillik “Yo'l xaritasi” asosida ish olib bormoqda.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar doirasida faxriylarning ijtimoiy, huquqiy, moddiy va tibbiy qo'llab-quvvatlanishi ta'minlanmoqda. Bugungi kunda vazirlik hamda uning tizim tashkilotlarida ko'p yillar ishlab nafaqaga chiqqan faxriylar 3425 nafarni, shundan ayollar 634 nafarni, erkaklar 2791 nafarni tashkil etadi. Shuningdek, sohada uzoq yillar fidokorona mehnat qilgan va nafaqa yoshiga yetgan xodimlarni nafaqaga kuzatishga ham alohida e'tibor qaratilmoqda.

Bugungi globallashuv va axborot texnologiyalari davrida yosh kadrlarda davlat xizmatiga sadoqat, vatanparvarlik, milliy qadriyatlarga hurmat hamda mamlakatimiz tarixi va taraqqiyot yo'lini chuqur anglash tuyg'ularini shakllantirish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu maqsadda, vazirlik Faxriylar kengashi hamda Kasaba uyushmasi hamkorligida “Uch avlod uchrashuvi” ma'naviy-ma'rifiy tadbirlari muntazam tashkil etib kelinmoqda. Bu avlodlar o'rtasida tajriba almashinuvini ta'minlash, kasbiy an'analarni davom ettirish va yosh mutaxassislarning ma'naviy hamda kasbiy kamolotini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Amalga oshirilayotgan mazkur ishlar natijasida yosh xodimlarda davlat moliyasi tizimi tarixi va islohotlariga nisbatan chuqur anglash shakllanmoqda, “Ustoz — shogird” an'anasi asosida yangi ishga qabul qilingan xodimlarga tajribali faxriylar biriktirilib, ularning kasbiy moslashuvi hamda davlat xizmatiga sadoqat, mas'uliyat va halollik tamoyillari mustahkamlanmoqda.

Faxriylarning salomatligini muhofaza qilish vazirlik ijtimoiy siyosatining muhim yo'nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu maqsadda, yolg'iz yashovchi va ijtimoiy ko'makka muhtoj pensionerlar doimiy e'tibor markazida bo'lib, ularga zarur amaliy yordamlar ko'rsatilmoqda.

Shuningdek, vazirlik jamoasi va faxriylari ishtirokida sport festivali hamda ma'naviy uchrashuvlar o'tkazib kelinmoqda. “Bunyodkor” futbol akademiyasi maydonida vazirlik markaziy apparati xodimlari o'rtasida “Sport — sog'liq garovi” shiori ostida sport festivali tashkil etildi. Sog'lom turmush tarzini targ'ib qilish va jamoaviy ruhni mustahkamlashga qaratilgan ushbu tadbirda xodimlar sportning futbol, stol tennisi, yugurish estafetasi, arqon tortish va o'q otish turlari bo'yicha o'z mahoratlarini namoyish etdilar. Tadbirga vazirlik tizimi faxriylari taklif etildi. Faxriylar yoshlar bilan uchrashib, o'z tajribalari bilan bo'lishdilar.

Bir so'z bilan aytganda, vazirlik tizimida har bir faxriyga alohida e'tibor qaratish yaxshi an'anaga aylangan. Ular tug'ilgan kunlari, yubileylari hamda umumxalq bayramlari munosabati bilan vazirlik rahbariyati, Faxriylar kengashi va yosh xodimlar tomonidan yo'qlanmoqda. Tashriflar davomida ustozlarga samimiy ehtirom va minnatdorlik izhor qilinib, esdalik sovg'alari, zarur maishiy texnika vositalari hamda moddiy rag'batlantirish mablag'lari topshirilmoqda. Bu kabi e'tibor va g'amxo'rlik faxriylarning jamiyatdagi  o'rnini mustahkamlash, ularning hayotiy tajribasini qadrlash va kelajak avlod uchun ibrat maktabini yanada boyitishga xizmat qiladi.

Taxir IMAMOV,

Iqtisodiyot va moliya vazirligi xodimi,

Faxriylar kengashi raisi.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan