Mamlakatimiz Mustaqilligining 35 yilligi tantanalariga yaqinlashib borayotgan mana shu kunlarda butun yurtimizni bayram shukuhi qamrab olgan. Joylarda bayram tantanalariga qizg'in hozirlik ko'rilmoqda. Davra suhbatlari, uchrashuv va ma'rifiy targ'ibot ishlari amalga oshirilmoqda.
“Nuroniy” jamg'armasi respublika Boshqaruvida ham O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “O'zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish to'g'risida”gi qarori ijrosini ta'minlashga bag'ishlangan kengaytirilgan yig'ilish bo'lib o'tdi.
Tadbirda “Nuroniy” jamg'armasi respublika Boshqaruvi, jamg'armaning hududiy bo'limlari mas'ul rahbarlari, hamkor tashkilot va muassasalar vakillari ishtirok etdilar.
Yig'ilishda O'zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag'ishlangan tantanali tadbirlarda faol nuroniylar ishtirokini kuchaytirish, ma'naviy-ma'rifiy tadbirlarni mazmunli va yuksak badiiy saviyada tashkil etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Tadbirda “Nuroniy” jamg'armasi respublika Boshqaruvi raisi o'rinbosari Shuhrat Usmonov so'zga chiqib, mamlakatimiz mustaqilligi — eng ulug' va eng aziz ne'mat bo'lib, tinchlik, osoyishtalik va taraqqiyotning mustahkam poydevori ekanini alohida ta'kidladi.
Siyosiy fanlar doktori, professor Narzulla Jo'rayev o'z ma'ruzasida bugungi shiddatli davrda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning qalbida milliy o'zlik va istiqlol g'oyalariga sadoqat tuyg'usini mustahkamlash muhim siyosiy vazifa ekaniga alohida to'xtaldi.
Olim, shuningdek, turli mafkuraviy xavf-xatarlarga qarshi ma'naviy immunitetni shakllantirish hamda xalqimiz o'rtasidagi ahil-inoqlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlash Yangi O'zbekistonning barqaror taraqqiyotini ta'minlashiga urg'u berdi.
Nuroniylar yosh avlodni Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarga hurmat va istiqlol g'oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashda faol ishtirok etishga chaqirildi.
Shuningdek, mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot yo'li, xalqimiz birdamligi, vatanparvarlik va bunyodkorlik g'oyalarini keng targ'ib etish, mustaqillik bayramini yuqori saviyada tashkil etish va o'tkazish, uning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilik, ayniqsa, yoshlar o'rtasida faol targ'ib qilish bo'yicha hududlarda amalga oshiriladigan tadbirlar yuzasidan vazifalar belgilab olindi.
M. Nazarova.