Qorako'l tumani va Xiva shahar bosqichi g'oliblari aniqlandi
Milliy san'at va madaniyat — millatning ko'zgusi, uning ma'naviy dunyosining asosidir. Ushbu bebaho merosni asrab-avaylash va kelajak avlodga bezavol yetkazishda nuroniylarimizning ham o'rni beqiyos.
Davlatimiz rahbarining 2023 yil 11 martdagi “Keksa avlod vakillarini har tomonlama qo'llab-quvvatlash hamda ularning ijtimoiy faolligini oshirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”i qarori mahallalarda madaniy muhitni sog'lomlashtirish, keksalarning bo'sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishda yangi ufqlarni ochdi.
“Nuroniy” jamg'armasi respublika Boshqaruvi va Madaniyat vazirligining hamkorlikdagi qarori asosida o'tkazilayotgan “Nuroniylar kuylaganda” maqom va milliy yo'nalishdagi qo'shiqlar ijrochiligi tanlovi ayni shu maqsadning amaliy ifodasidir.
Buxoro viloyatining Qorako'l tumanida bo'lib o'tgan tanlov bosqichi haqiqiy san'at bayramiga aylandi. Tadbirning ochilishida so'z olgan tuman hokimi Xurshid Tohirov nuroniylarning nafaqat oilalar, balki jamiyatda tinchlik-osoyishtalik va milliy qadriyatlarni mustahkamlashdagi rolini alohida ta'kidladi. Keksa avlod vakillari ijrosidagi milliy kuy-qo'shiqlar yoshlar uchun o'ziga xos mahorat maktabi bo'lib xizmat qilishi e'tirof etildi.
Nizom talablariga ko'ra, sahnaga chiqqan 60 yoshdan oshgan otaxonlar va 55 yoshdan yuqori onaxonlar o'zlarining ichki kechinmalari, Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg'ularini qo'shiq orqali bayon etdilar. Ishtirokchilarning sahna madaniyati, liboslari va ijro mahorati hakamlar hay'ati tomonidan baholandi. Tanlovda mahorati baland kelgan peshqadamlar viloyat bosqichida qatnashish huquqini qo'lga kiritish bilan bir qatorda, “Nuroniy” jamg'armasi tuman bo'limining esdalik sovg'alari bilan taqdirlanishdi.
* * *
Tanlov jamg'armaning Xiva shahar bo'limi hamda shahar madaniyat bo'limi tomonidan ham yuqori saviyada o'tkazildi. Jarayon doirasida 128 nafar nuroniy madaniy faolliklarini namoyish qildilar. Dastavval “Nuroniy” jamg'armasi Xiva shahar bo'limi raisi Quranboy Xoliqov so'z olib, keksalarning bunday tadbirlardagi ishtiroki yosh avlodni vatanparvarlik va milliy an'analarga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim vosita ekanini bayon qildi.
Shahardagi 7 ta mahalladan saralangan yetti nafar ishtirokchi maqom va milliy yo'nalishlar bo'yicha g'oliblik sari intildilar. Yakunda maqom yo'nalishida Hayitboy Otajonov, milliy yo'nalish bo'yicha Mahmudjon Masharipov yuqori baholanib, viloyat bosqichiga yo'llanmani naqd qildi. Barcha ijrochilarga tashkilotchilar tomonidan tashakkurnoma va esdalik sovg'alari topshirildi. Umuman, “Nuroniylar kuylaganda” ko'rik-tanlovi mahallalarda milliy musiqa san'atimizning yangi qirralarini ochishda o'ziga xos omillardan bo'lmoqda.
Ilhomjon Abdusalomov.