Sodiqjon TURDIYEV,
O'zbekiston Qahramoni, senator,
“Nuroniy” jamg'armasi respublika Boshqaruvi raisi.

Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi bayrami tantanalariga hozirlik ko'rilayotgan bugungi shukuhli kunlarda xalqimizning ozod va erkin hayot sari bosib o'tgan sharafli yo'li — milliy qadriyatlarimiz, davlatchiligimiz e'tirofi, el-yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, Yangi O'zbekistonimiz obodligi sari tashlangan salmoqli qadamlar yurtimizda ham, dunyo hamjamiyatida ham yuksak iftixor bilan e'tirof etilmoqda.

O'tgan 35 yil davomida, ayniqsa, so'nggi o'n yillikda O'zbekiston siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, ma'naviy-ma'rifiy sohalarda ulkan taraqqiyot yo'lini bosib o'tdi. Yangi shahar va qishloqlar bunyod etildi, ilm-fan, ta'lim, madaniyat va tadbirkorlik sohalari keng rivojlandi. Nafaqat shahar va qishloqlarimiz qiyofasi yangilandi, balki hamyurtlarimizning hayoti, orzu-istaklarida ham ulkan yangilanishlarga guvoh bo'lib turibmiz.

“Yagona Vatan, yagona xalq bo'lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori bilan boshlanayotgan Mustaqilligimizning 35 yilligi tantanalari quvonchi xalqimizning baxtiyor qiyofasi, nuroniylarimizning nurli siymolarida aks etmoqda, dillarimiz, tillarimizda shukrona bo'lib ifodalanmoqda. Eng muhimi, el-yurtimiz tinchligi, mahallalarimizning kundan-kunga obod bo'lib borayotgani ulkan saodatdir. Inson qadri va xalq manfaati davlat siyosatining ustuvor mezoniga aylangan bugungi kunda Yangi O'zbekistonimizning har bir go'shasida milliy qadriyatlarimiz jilosi — hamjihatligimiz, ahilligimiz, mehr-oqibatimizda namoyon bo'lmoqda.

Inson qadrini ulug'lash tamoyili asosidagi ijtimoiy islohotlar natijasida davlatimiz rahbarining sa'y-harakatlari bilan  yoshi ulug' insonlarga ham munosib izzat-ikrom ko'rsatish, ehtiyojmand, nogironligi bo'lgan va o'zgalar ko'magiga muhtoj keksa avlod vakillarini ijtimoiy himoya qilish, salomatligini saqlash va hayotdan rozi bo'lib yashashi uchun munosib shart-sharoit yaratish davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biriga aylandi.

Prezidentning 2022 yil 15 martdagi “Nuroniylarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ularning turmush darajasini oshirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi hamda 2023 yil 11 martdagi “Keksa avlod vakillarini har tomonlama qo'llab-quvvatlash hamda ularning ijtimoiy faolligini oshirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi Qarori va sohaga yo'naltirilgan 10 dan ortiq hujjatlar keksalarimizning kundalik hayoti va turmushi mazmunli bo'lishini ta'minlashga yo'naltirilgan maqsadli tadbirlarning huquqiy asosi bo'lib xizmat qilmoqda.

1996 yilda tashkil etilgan “Nuroniy” jamg'armasi dastlab faxriylarni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash masalalari bilan shug'ullangan bo'lsa, 2016 yildan nuroniylarning jamiyat hayotidagi o'rni va rolini tubdan oshirishga qaratilgan amaliy ishlar boshlandi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016 yil 28 dekabrdagi “O'zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg'armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni bilan keksa avlod vakillarining jamiyat hayotidagi ijtimoiy faoliyatini qo'llab-quvvatlashga alohida e'tibor qaratildi, bu nuroniylarga juda katta quvonch,  g'ayrat va qanot bag'ishladi. Mazkur farmondan so'ng mamlakatimizda keksa avlod vakillariga bo'lgan g'amxo'rlik mutlaqo yangi bosqichga ko'tarildi.

Yoshi ulug'larning ma'naviy intellektual salohiyati, uzoq yillik hayotiy tajribasi va malakaviy mahoratidan yangi O'zbekistonni rivojlantirishning ma'naviy-axloqiy negizlarini mustahkamlash, yoshlarni ona Vatan, xalqimizga sadoqat ruhida tarbiyalashda samarali foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratildi. Keksalarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ularni e'zozlashga qaratilgan amaldagi 10 dan ortiq huquqiy-normativ hujjatlarning ijrosi izchil ta'minlab kelinmoqda.

Hozirgi kunda mamlakatimizda 3 million 565 ming nafardan ortiq yoshga doir pensiya oluvchilar istiqomat qilmoqda. E'tiborlisi, ularning 59 nafari Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, 2 ming 620 nafari esa mehnat fronti faxriylaridir. Ularning hayoti va ijtimoiy faoliyati davlatning doimiy diqqat markazida bo'lib, faxriylarimizning turmush tarzini yaxshilash, salomatligini muhofaza qilish va ijtimoiy faolligini oshirish bo'yicha tizimli mexanizmlar yaratilgan.

Davlatimiz rahbarining 2022 yil 8 iyundagi tegishli qaroriga muvofiq, urush faxriylari, konslagerlarning sobiq mahbuslari va Leningrad qamali ishtirokchilari, shuningdek, o'zgalar parvarishiga muhtoj yolg'iz keksalarga bepul yetkazib beriladigan oziq-ovqat va gigiena tovarlari o'rniga har oyda bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) bir baravari miqdorida qo'shimcha to'lov joriy etildi. Shuningdek, har yili avgust oyida kiyim-kechak xaridi uchun BHMning 15 baravari miqdorida kompensatsiya to'lanmoqda.

Keksa va nogironlar holidan xabar olish, salomatligini tiklashlariga sharoit yaratish bo'yicha ham tizimli ishlar yo'lga qo'yildi. Birgina joriy yilning besh oyi davomida nuroniylarning 85 ming nafari bepul tibbiy ko'rikdan o'tkazilib, aniqlangan xastaliklar bo'yicha davolanishga yo'naltirilgan bo'lsa, 3120 nafardan ortiq keksalarning sanatoriylarda salomatligini tiklashiga sharoitlar yaratildi, 34 mingdan ziyod keksalarga dori-darmonlar olib berildi.

Navro'z, Ramazon hayiti, 9 may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan yuksak e'tibor, ardoq va e'zoz ko'rgan keksalarimizning  shukronaligi cheksiz. Qurbon hayiti arafasida Haj safariga otlangan ming-minglab hamyurtlarimiz qatorida  Prezidentimizning tashabbusi bilan “Prezident hojilari” loyihasi doirasida haj safariga yuborilgan va muqaddas ziyoratdan qalblari nurga, shukronaga to'lib qaytgan 100 nafar yoshi ulug' nuroniylarimizning quvonchi, shukronalik duolariga esh bo'ldik.

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 28 maydagi Qaroriga asosan, keksalarni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish dasturiga muvofiq, mamlakat bo'ylab keksa avlod vakillarining sayohat qilishlarini rag'batlantirish maqsadida har yili oktyabr oyining birinchi haftasi — “Keksalar haftaligi”, noyabr oyi esa “Keksalar uchun turizm oyligi” etib belgilangan. Oilalarimizning fayzu farishtasi bo'lgan bobo va buvilarimiz, ustozlarimiz, sohaning yetuk mutaxassislari bo'lmish faxriylarimizni e'zozlashga qaratilgan mazkur haftalik va  oylik doirasida turli ijtimoiy loyihalar amalga oshirilmoqda, yurtimizning diqqatga sazavor joylariga sayohatlar uyushtirilyapti. Nuroniylar faqat mazkur oydagina emas, yil davomida sayohatlar zavqidan bahramand bo'lishmoqda. O'tgan yili 1 million 450 ming nafar nuroniyning  sayohati tashkil etilgan bo'lsa, bu yilning o'tgan besh oyi davomida 560 mingga yaqin nuroniylar sayohatga chiqishdi. Yil oxirigacha 1 million 500 mingdan ortiq nuroniylarning mamlakatimiz bo'ylab  sayohatlarini tashkil etish belgilangan.

Mamlakatimiz bo'ylab zamonaviy va an'anaviy me'morchilik uslublarini uyg'unlashtirgan holda 171 ta zamonaviy “Nuroniylar maskani” barpo etilgan.  Mazkur maskanlarda nuroniylarning dam olishi, vaqtini mazmunli o'tkazishi uchun hamma sharoitlar yaratilgan. Kichik kutubxona, keksalarning sport bilan shug'ullanishlari uchun  trenajyor zali mavjud. Keksalarimiz bu yerda shaxmat-shashka o'ynashadi, davra suhbatlari, ma'rifiy gurunglar o'tkazishadi. Kitob o'qishadi, yoshlar bilan uchrashuvlar tashkil etishadi. Qisqacha aytganda, nuroniylar va yoshlarni bir davraga jamlayotgan bu maskanlar, chin ma'noda, ma'rifat bo'stoni, mahorat maktabiga aylanmoqda.

Prezidentning “Mehnat faxriysi” ko'krak nishonini ta'sis etish to'g'risida”gi 2017 yil 14 iyuldagi qaroriga ko'ra, uzoq yillar davomida yurt ravnaqi, xalq farovonligi, jamiyat taraqqiyoti yo'lida fidokorona mehnat qilgan va ayni paytda pensiya yoshida ham jamiyatimizning ijtimoiy-iqtisodiy hayotida faol ishtirok  etayotgan nuroniylar “Mehnat faxriysi” ko'krak nishoni bilan taqdirlanib kelmoqda. Yurtimizdagi barcha mahallalarda “Keksalar maslahati” guruhlarining eng faol rahbarlari har chorakda bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida rag'batlantirib kelinmoqda.

Bunday g'amxo'rlik, e'tibor va e'zoz tufayli bugun nuroniylar jamiyatimizning chin ma'nodagi ma'naviy ustunlariga aylanishdi.  Jamiyatimizning qaysi jabhasiga kirib bormang, u yerda, albatta,  faol nuroniylarni ko'rasiz. Mahallalarda ijtimoiy-ma'naviy muhitni sog'lomlashtirish yo'lida hamkor tashkilotlar va “mahalla yettiligi” bilan hamqadam harakat qilayotgan  nuroniylarning faolligi tufayli ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalardagi yosh kelin-kuyovlar yarashtirilmoqda, oilalar kambag'allikdan chiqarilmoqda, alohida e'tibor va ishlashga moyil yoshlar muammoli oilalar ro'yxatidan chiqarilib, ularning o'qishi, kasb-hunar egallashi orqali bandligi ta'minlanmoqda. Albatta, bu o'z-o'zidan bo'lmayapti. Mahallalarda hamjihatlik muhitini asrash, yoshlarni yurtimizing munosib o'g'il-qizlari etib tarbiyalash yo'lida davlatimiz rahbarining keksa avlod vakillariga bildirayotgan ishonchi nuroniylarga kuch-quvvat bag'ishlayapti.

Shuningdek, jismoniy tarbiya va sport tadbirlari orqali keksalarning salomatliklarini yanada mustahkamlashga erishilmoqda. Shu maqsadda mamlakatimizning barcha hududlarida nuroniylar o'rtasida uch bosqichli “G'ayratli keksalar” sport musobaqalari  tashkil etilib, unda keksa avlod vakillari mini futbol, milliy kurash va shaxmat-shashka bo'yicha bellashyapti. Respublika miqyosida g'oliblari aniqlanayotgan mazkur turnirlar keksa avlod vakillari o'rtasida sog'lom hayotni targ'ib etish bilan birga, nuroniylarimizga yangicha kuch-g'ayrat baxsh etib,  sport bayramlariga aylanib ketyapti.

Yoshlarimizni umummilliy va umuminsoniy qadriyatlarga sadoqat ruhida, yurt taraqqiyotiga daxldor, vatanparvar, ilmli va ma'rifatli shaxslar etib tarbiyalashda azal-azaldan keksalarimizning o'rni va roli alohida ahamiyat kasb etadi. Ushbu xalqona an'ana bugungi kunda ham zamon talablariga hamohang ravishda yangi bosqichda davom ettirilmoqda. Shu ma'noda, Prezidentimiz tashabbuslari bilan yoshlar tarbiyasida nuroniylarning ibratli turmushi, chuqur bilimi va boy hayotiy tajribasidan unumli foydalanish maqsadida “Uch avlod uchrashuvlari”ni yangicha mazmun-mohiyat bilan boyitgan holda o'tkazib borish an'anaga aylandi.

“Bir nuroniy — o'n yoshga mas'ul” tamoyili asosida mahallalarda uyushmagan, tarbiyasi og'ir yoshlar bilan ishlash sohasida yuqori natijalarga erishayotgan ijtimoiy faol nuroniylarni uch bosqichda — tuman (shahar), viloyat va respublika miqyosida o'tkazib kelinayotgan tanlovlar asosida pul mukofotlari, qimmatbaho sovg'alar va diplomlar bilan taqdirlash an'anaga aylandi. Mazkur tamoyil asosida muammolari yechim topgan, kasb-hunar egallab, bandligi ta'minlangan yoshlar hayotda o'z o'rniga ega bo'lishmoqda.

“Nuroniy” jamg'armasi hududiy bo'limlarining davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikdagi harakatlari tufayli bu yil ham har bir mahalladan hayotiy tajribaga ega bo'lgan va zamonaviy fikrlaydigan 16 mingdan ortiq faol nuroniylar 160 ming 651 nafar uyushmagan va muammoli yoshlarga biriktirilgan. Joriy yilning o'tgan besh oyi davomida nuroniylar tomonidan olib borilgan chora-tadbirlar natijasida 20 ming 323 nafar yoshning  bandligi ta'minlandi. Bu boradagi ishlar davom etmoqda.

Notinch oilalarning nizolarini bartaraf etishda, ajrim holatiga kelib qolgan oilalarni yarashtirishda mahallalardagi  “Keksalar maslahati” guruhi rahbarlari hamda faol keksalar “Nuroniy — har bir oilaga mas'ul” loyihasi asosida tizimli ish olib borishmoqda. Joriy yilning o'tgan besh oyi davomida 19643 ta muammoli oilalarga biriktirilgan nuroniylar mas'ul tashkilot vakillari bilan hamkorlikda o'tkazilgan tadbirlar natijasida 7200dan ortiq oilalarda muammolar o'z yechimini topdi, shuningdek, 2818 ta ajrimlarning oldi olinib, 878 ta ajrashgan oilalar yarashtirildi.

To'y va marosimlarni ixchamlashtirish, isrofgarchilikka yo'l qo'ymaslik bo'yicha targ'ibot olib borilmoqda. Qarindoshlar o'rtasidagi nikohlarning salbiy oqibatlari va milliy genofondga ta'siri yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Mahallalardagi infratuzilma — yo'l qurilishlari, suv, elektr ta'minoti va ijtimoiy soha ob'yektlari  faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati o'rnatilib, mutasaddilarga asoslantirilgan takliflar kiritilmoqda.

O'zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo'llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg'armasi ham O'zbekiston Mahallalari uyushmasi hamkorligida 2026 yil 30 yanvar kuni qabul qilingan qo'shma qarorga ko'ra, mahallalarda ijtimoiy-ma'naviy muhitni yaxshilash, aholi o'rtasida hamjihatlikni mustahkamlash hamda milliy urf-odatlar va qadriyatlar asosida hashar ishlarini samarali tashkil etish maqsadida mamlakatimiz mahallalaridagi 159 ming 931 ta ko'chaning har biriga nuroniylar “ko'chabay” biriktirildi.

Tahlillar shuni ko'rsatadiki, mahallalarda yuzaga kelayotgan ko'plab muammolar — oilaviy nizolar, yoshlar bandligi, ijtimoiy beparvolik, jinoyatchilikka moyillik, eng avvalo, ma'naviy bo'shliq bilan bog'liqdir. Bu bo'shliqni esa nuroniylarning  hayotiy tajribasi, yoshlarga bo'lgan mehri, ishonchi, maslahat va o'gitlari bilan to'ldirish yaxshi samaralarni bermoqda. Shuningdek, kambag'allik, ishsizlik va jinoyatchilik darajasi yuqori bo'lgan mahallalarda nuroniylarning hayotiy tajribasi va ma'naviy ta'siri aholi bilan o'zaro suhbatlarda, olib borilayotgan tizimli ishlarda ijobiy samara bermoqda. Chunki yoshi ulug'larimiz nafaqat muammoni ko'radi, balki uning sababini tushunadi va har bir ko'chada aholi bilan ishonch asosida ish olib boradi. Bu esa islohotlarning ijrosini joylarda samarali ta'minlashga xizmat qilmoqda.

Kambag'allikdan — farovonlik sari” dasturini amalga oshirishga faol nuroniylarni jalb etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi 405-sonli Qaroriga ko'ra, 2025 yildan   mamlakatimizning har bir mahallasida 3 nafardan faol nuroniy 5 nafardan kambag'allik reestrida turgan oilalarga biriktirilib, ular bilan bevosita ish olib borishmoqda. Faol nuroniylarning amaliy ishlari natijasida kambag'allik reestrida turgan oilalarning farzandlari qo'shimcha darslar va to'garaklarga jalb etilmoqda. Yoshlar hunarmand va ustalarga shogirdlikka biriktirilib, kasb-hunar egallashi ta'minlanmoqda. Ularga o'quv jihozlari, parta va stullar, sport kiyimlari olib berildi. Shuningdek, nuroniylar ko'magida kambag'allik reestrida turgan oilalar bo'lib to'lash sharti bilan texnika vositalari (ko'chma do'kon, kichik ishlab chiqarish uskunalari) bilan ta'minlandi.

“Kambag'allikdan — farovonlik sari” dasturi doirasida nuroniylarning faoliyati faqatgina iqtisodiy ko'mak bilangina cheklanib qolmaydi, balki ma'naviy tarbiya, sabr-toqat, shukronalik va mehnatga hurmat kabi qadriyatlarni qaror toptirishga qaratilgan. Bu, o'z navbatida, mahallalarda barqaror farovonlikning ma'naviy poydevorini yaratishga xizmat qiladi.Faol nuroniylar, shuningdek, mahallalarda boqimandalik kayfiyatidan voz kechish, mehnat qilish orqali farovon hayotga erishish g'oyasini ham keng targ'ib etib, yoshlar va ishsiz hamyurtlarimizni kasb-hunar o'rganishga, tadbirkorlikka rag'batlantirish orqali ijtimoiy faollikni oshirishga xizmat qilishmoqda.

Shu bilan birga, nuroniylar tomonidan oilalardagi muammolar barvaqt aniqlanib, qiyinchilikka tushib qolgan yoshlarga tegishli tashkilotlar orqali ko'maklashilmoqda. Mahallada o'zaro hamjihatlik va yordam muhiti shakllantirilmoqda. Natijada mahallalarda yoshlar, yosh oilalar, ishsiz fuqarolarning davlat tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlarga nisbatan xabardorligi ta'minlanib, imtiyozli kreditlar, subsidiyalar va bandlik dasturlaridan foydalanishga bo'lgan ishonchi ortmoqda. Aynan shu ishonch kambag'allikdan chiqish yo'lidagi eng muhim omillardan biri hisoblanadi.

Maktabgacha ta'lim muassasalari va o'rta ta'lim maktablariga 3 nafardan, o'rta maxsus  va oliy ta'lim muassasalariga 5 nafardan  faol nuroniylar  biriktirilgan bo'lib, ta'lim muassasalarida o'tkazilayotgan “Nuroniylar soatlari”da tarbiyaviy ishlar olib borilmoqda. Maktabgacha ta'lim muassasalarida esa “Buvijonlar maktabi” guruhi a'zolari bolajonlarga ertaklar, allalar orqali milliy qadriyatlarimizni singdirib borishyapti.

Bugun faol nuroniylarimiz jamiyatning nafaqat vijdoni, balki islohotlarning ko'zgusiga aylandi. Ular orasidagi ziyolilar, ijodkorlar va tadbirkorlar o'z bilimi va tajribasi bilan Yangi O'zbekiston poydevorini qurishda kamarbasta bo'lmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan berilgan keng vakolatlar va ko'rsatilayotgan cheksiz e'tibor nuroniylar uchun yangi kuch-quvvat manbai. Demak, ishtiyoq bilan mehnat qiladigan, boy tajribani amaliyotga tatbiq etib, Vatan ravnaqi yo'lida xizmat qiladigan davrdan unumli foydalanib, bildirilgan ishonchni oqlash ustuvor vazifamiz sanaladi.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan