Camarqand va Namanganda “Mehnat faxriysi” ko'krak nishoni o'z egalariga topshirildi

Vatan taraqqiyoti, yurt tinchligi va el farovonligi yo'lida sidqidildan mehnat qilgan har bir inson har qaysi davrada to'rda bo'lish, e'tibor va e'zozga har jihatdan munosib. Katta avlod vakillarini qadrlash, ularga hurmat ko'rsatish xalqimizning qon-qoniga singib ketgan azaliy va muqaddas qadriyat.

 Mamlakatimizda olib borilayotgan ulug'vor islohotlar zamirida ham, avvalo, inson qadrini ulug'lash g'oyasi mujassam. Bu ezgu an'ana o'sib kelayotgan yosh avlod uchun o'ziga xos hayot maktabi, ajdodlar va avlodlar o'rtasidagi mustahkam ma'naviy ko'prik va yuksak tarbiya vositasiga aylanib bormoqda.

Shu kunlarda zaminimizning ikki yirik go'shasi — qadimiy va hamisha navqiron Samarqand hamda gullar diyori Namangan viloyatlarida ana shunday ehtiromning yorqin namunasi sifatida, bir guruh fidoyi nuroniylarga “Mehnat faxriysi” ko'krak nishonlarini topshirishga bag'ishlangan tantanali tadbirlar o'tkazildi.

Samarqand: Ularning hayoti biz uchun ibrat

Samarqand shahrida bo'lib o'tgan tantanali marosimda yillar davomida turli sohalarda ishlab, bugun keksalik gashtini surayotgan, biroq hamon jamiyat hayotida faol bo'lgan nuroniylar jam bo'lishdi. Unda hayot yo'li mahalladoshlari, shogirdlariga namuna bo'layotgan, boy tajribasi bilan yurt ravnaqiga munosib hissa qo'shib kelayotgan fidoyi va tashabbuskor keksa avlod vakillarining xizmatlari yuksak e'tirof etildi.

“Nuroniy” jamg'armasi Vasiylik kengashining qaroriga asosan, mamlakatimizning iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ma'rifiy sohalarida ko'p yillar davomida samarali mehnat qilgan faxriylar taqdirlandilar. Joriy yilda ushbu nufuzli mukofotga Samarqand viloyatidan 78 nafar tabarruk nuroniy munosib ko'rildi.

Tadbirda viloyat hokimi Adiz Boboyev ishtirok etib, faxriylarni ushbu yuksak mukofot bilan qutladi. Viloyat rahbari o'z so'zida keksalarning boy hayot tajribasi va dunyoqarashi bugungi globallashuv davrida yoshlarni yot g'oyalardan asrash, ularda Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg'ularini shakllantirishda bebaho xazina ekanligini alohida ta'kidlab o'tdi.

— Biz siz kabi zahmatkash, yuragi Vatan deb uradigan keksalarimiz bilan faxrlanamiz. Nuroniylarimiz bugun nafaqat nafaqada, balki barcha ijtimoiy jarayonlarda, mahallalarda sog'lom muhitni mustahkamlashda, oilaviy nizolarning oldini olishda faollik ko'rsatib, jamiyat taraqqiyotiga beqiyos hissa qo'shib kelmoqdalar. Sizlarning mana shu fidoyiligingiz bizga kuch beradi, — dedi Adiz Boboyev.

Marosimda so'z olgan keksalar davlatimiz tomonidan ko'rsatilayotgan bunday yuksak e'tibordan mamnun ekanliklarini bildirib, mas'uliyatlari yanada oshganini ta'kidladilar.

Namangan: “Uch avlod uchrashuvi”ga aylangan marosim

Namangan shahridagi muhtasham “Ma'rifat maskani”da ham o'zgacha bayramona, fayzli va shukuhli muhit hukm surdi. Bu yerda tashkil etilgan tantana faqatgina mukofot topshirish marosimi bo'lib qolmay, balki tajribali keksalar, o'rta avlod vakillari va navqiron yoshlarni birlashtirgan “Uch avlod uchrashuvi”ga ulanib ketdi.

Ma'lumki, davlatimiz rahbarining 2016 yil 28 dekabrdagi “O'zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg'armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoniga muvofiq ta'sis etilgan “Mehnat faxriysi” ko'krak nishoni bilan uzoq yillar yurt tinchligi va ravnaqi yo'lida halol xizmat qilgan otaxon va onaxonlarimiz muntazam taqdirlanib kelinmoqda.

Shu paytga qadar Namangan viloyatidan 432 nafar nuroniy ushbu sharafli mukofotga sazovor bo'lgan edi. Bu yil esa ularning safiga yana 53 nafar faxriy qo'shildi. Ushbu insonlar oilalar mustahkamligini asrash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda yosh avlod vakillarini ona Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash ishlarida sezilarli natijalarga erishgan.

Tantanali marosimda Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov so'zga chiqib, viloyatning bugungi ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotida faol ishtirok etayotgan, yoshlarga yo'l-yo'riq ko'rsatayotgan duogo'y otaxon va onaxonlarning xizmatlarini alohida e'tirof etdi.

Tadbirda, shuningdek, “Nuroniy” jamg'armasi respublika Boshqaruvi raisining birinchi o'rinbosari Sharof Ubaydullayev Namangan ahlining mehnatsevarligi, voha nuroniylarining yuksak ma'naviyati va yoshlar tarbiyasidagi ibratli ishlari haqida o'z fikrlarini bildirdi.

Shundan so'ng 1-, 2- hamda 3-darajali “Mehnat faxriysi” ko'krak nishonlari o'z egalariga tantanali ravishda topshirildi. Sovrindor otaxon va onaxonlar ushbu e'tirof uchun tashakkur bildirib, yurtimiz tinchligi, osoyishtaligi, mustaqilligimiz abadiyligi hamda xalqimiz farovonligi uchun duoga qo'l ochdilar.

Kechaga o'zgacha shukuh bag'ishlash maqsadida taklif etilgan yosh maqomchilar tomonidan ijro etilgan milliy kuy-qo'shiqlar yig'ilganlarga bayram kayfiyatini ulashdi.

Bir so'z bilan aytganda, Samarqand va Namangan viloyatlarida bo'lib o'tgan tantanalar davlatimiz tomonidan inson qadri, ayniqsa, keksa avlod vakillariga ko'rsatilayotgan yuksak e'tibor va ehtiromning amaldagi isboti bo'ldi.

Bahodir Qilichev,

Abdurashid Boltaboyev.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan