Bugungi mahallalarimiz tubdan yangi qiyofa kasb etmoqda: rekonstruksiya va bunyodkorlik ishlarining jadallashayotgani, shaharsozlik madaniyatining o'sib borayotgani hududlarda asta-sekin sezilmoqda. Eng muhimi, hayotiy islohotlar eng quyidan — mahalla va undagi oilalar darajasidan boshlab hayotga kirib kelyapti. Bugunga kelib, yangilanishlarning natijasini aholining turmushidan, kayfiyatidan sezish mumkin.
Uzoq yillik faoliyatimda shunga guvoh bo'ldimki, jamiyatda o'zaro qo'llab-quvvatlov kuchli tashkil etilsa, aholiga ijtimoiy, ruhiy-ma'naviy ko'mak tizimli berib borilsa, ijtimoiy hayotimizda guvoh bo'layotganimiz — bir qator muammolar yechimini topibgina qolmay, ularning sabablarini ham bartaraf etishga erishiladi. Shayxontohur tumanida joylashgan “Kamolon darvoza” mahallasida 41 yildan beri yashayman. “Oqila ayollar” guruhi a'zosi sifatida, qolaversa, mahallani uzoq yillardan beri yaxshi taniydigan nuroniy sifatida mahallamizda obodonlashtirish, ko'kalamzorlashtirish, xotin-qizlar bandligi, muammoli va kam ta'minlangan oilalar bilan ishlash kabi masalalarga alohida e'tibor berib, bu xususda ijobiy o'zgarishlarga ham erishdik.
Mahallada, bilasizmi, nima eng muhim sanaladi? Birdamlik, o'zaro birlik, ittifoqchilik hamda ahil qo'shnichilikni yo'lga qo'yish g'oyat zarur. Shundagina nafaqat bir hudud, balki yaxlit bir o'lka taraqqiyotida oldinga siljish kuzatiladi. “Mehnat faxriysi” ko'krak nishoni mahalla tizimida qilgan mehnatlarimizga mukofot bo'lib, ko'nglimizni ko'tardi, ochig'i. Bu insonlarning — yoshidan qat'i nazar, ijtimoiy hamda fidokorona mehnat faoliyati soya ortida qolmayotganini, har bir sohada inson qadri tushunchasi qadriyat darajasida yuksaltirilayotganini ko'rsatadi. O'z navbatida, e'tirof va e'zoz keksa holimizga qaramay, yangidan kuch-g'ayrat bermoqda.
Aslini olganda, mahalla tizimida uzoq yillik boy hayotiy tajribaga ega jamoatchilik faollarining qiladigan ishi bugun-ertalik natijalarga asosan yakunlanib qolmaydi. Mahallada shakllanayotgan har bir shaxs, har bir oila donishmand keksalarning e'tibori hamda ko'magiga tayanadi. O'zbekiston misolida “mahallabay” yondashuvning ijobiy natijalariga birgalikda guvoh bo'lmoqdamiz. Bugungiga o'xshagan el-yurtning e'tirofini tamsil etgan mukofotlar esa kishini yangicha zavq va katta kuch bilan ishlashga undashi aniq.
Naiba DJURAYEVA,
“Kamolon darvoza”
mahallasi faoli,
I darajali “Mehnat faxriysi” ko'krak nishoni sohibasi.