Yoshligimda erka, sho'x bo'lgan ekanman. Otam, tog'am, amakimga havas qilib shunday bo'lganman, shekilli. Ular urishmasdi, yaxshi gapirib, erkalardimi, nasihat qilganday ibratli hikoyalar aytib berishardi. Yoshim yetib, maktabga borganda adabiyot o'qituvchimga havas qilganman, darslarda mavzularni darrov o'zlashtirib olardim. O'shanda Qodiriyning “O'tkan kunlar”i, Oybekning “Navoiy” romaniga mehr qo'yganman. Shu asnoda bir nimalar yoza boshlaganman. Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zMU)ning filologiya fakultetini bitirib, O'zbekiston radiosining adabiy-dramatik eshittirishlar Bosh muharririyatiga ishga kelganman.
Shu yerda — Adabiyot muharririyatining publitsistika bo'limida ishlab, mamlakatimizning hamma viloyatlariga bordim. Olis-olis qishloqlarni piyoda kezdim. Ko'p odamlar bilan hamsuhbat bo'ldim. To'g'ri, nomdor odamlar oldiga borishdan ko'ra, oddiy, sodda odamlar bilan ko'rishish, ularni kashf etish, o'zimning qahramonlarim, deb izlab topishni ko'proq afzal bildim. Radioda ishlab, O'zbekistonning yetakchi ijodkorlari Asqad Muxtor, Ibrohim Rahim, Nazir Safarov, Sa'dulla Karamatov, Hamid G'ulom, Rahmat Fayziy, Anvar Eshonov, O'lmas Umarbekov, Shukur Xolmirzayev, O'tkir Hoshimovlardan publitsistikaning sir-asrorlarini o'rgandim.
Radioda ishlagan vaqtimda Turob To'la bilan Farg'ona vodiysi, Sa'dulla Karamatov bilan Zarafshon vohalarini reportyor ko'tarib, qadamba-qadam kezganlarimiz, Popning popuk qizlari shiyponlarida uzoq suhbatlashganlarimiz, Andijon adirlaridagi qovun sayllarida qatnashganlarimiz, Farg'ona bog'larida shirasi chakillab turgan anjirlardan uzib yeganlarimiz, Muruntov konlariga tusholmay ostonasida yotganlarimiz, Zarmitan qatiqlaridan totganlarimiz, Tomdi yaylovlarida tongni qarshi olganlarimiz kechagiday yodimda. Ha, hozir safimizda bo'lmagan benazir ustozlarimizning oxiratlari obod bo'lsin, ilohim!
Bu kezishlarni mashaqqat deb bilmaganman. Qaytanga, yana ham jo'shib, sevib, mehr-muhabbat bilan yurt kezganman, mehnat qilganman, topgan, kashf qilgan qahramonlarimni ulug'lab, qog'oz yuzlarini bezaganman. Kechalari mudrab qolganlarimda, qahva ichib uyqumni qochirganman. O'zbekiston o'z mustaqilligini e'lon qilganidan keyin radio siyosiy va axloqiy tarbiyaning qudratli vositasiga aylangandi. Davr qadamlari, xalq hayotidagi o'zgarishlar, yutuqlar bilan muntazam tanishtirib borish biz, jurnalistlarga yana ham g'ayrat yuklagan. Mustaqillikdan keyin dunyo bizni kengroq, yaxshiroq taniy boshladi.
Dunyo bizni Amir Temur, Imom Buxoriy, Ulug'bek, Bobur, Navoiy avlodlari deya yanada ulug'lab tanidi. 170 yil mustamlaka istibdodidan bukilib qolgan qaddimizni ko'tarib, quyoshga qaradik. Uzoq asrlik tariximizni, siyosatimizni, madaniyatimizni, tilimizni, dinimizni e'zozlab, dunyoga tanitishda ozmi-ko'pmi, hissamizni qo'shib bordik. Bundan g'ururlanmasdan, ko'krakni kermasdan, faxrlanmasdan bo'lmaydi, albatta. Kasaba uyushmalari saroyida O'zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo'llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg'armasining “Mehnat faxriysi” ko'krak nishoni bilan taqdirlash marosimida shular xayolimdan o'tib, qalbimni yana kuch-quvvat, g'ururga to'ldirdi.
Abdulhay NOSIROV,
O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi.
I darajali “Mehnat faxriysi” ko'krak nishoni sohibi.