Yangi O'zbekiston jamiyatini barpo etish va uni har tomonlama taraqqiy ettirish jarayonida davlatimiz rahbarining keksa avlod vakillarini hurmat qilish, ularni e'zozlash va hayotiy ehtiyojlarini munosib ta'minlashga doimiy e'tibor qaratayotgani barchamizning qalbimizni quvonch va shukronalikka to'ldirmoqda. Ayniqsa, so'nggi yillar mobaynida nuroniylarni ijtimoiy qo'llab-quvvatlashga qaratilgan qator tarixiy Farmon va qarorlarning qabul qilingani buning yaqqol amaliy ifodasidir.
Hayotning pastu balandini ko'rgan, ulkan tajriba maktabini o'tagan faxriylarimizning bebaho o'gitlari, oqilona maslahatlari yurtimizda osoyishtalikni mustahkamlash, mahallalar obodligini ta'minlash va eng muhimi, kelgusi avlodlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim hayotiy vosita bo'lib xizmat qilmoqda.
Men ham uzoq yillar davomida ichki ishlar organlari tizimida sidqidildan xizmat qilganim, yurtimizda qonun ustuvorligini ta'minlashga hissa qo'shganim bois, mazkur yuksak mukofot — I darajali “Mehnat faxriysi”ko'krak nishoniga sazovor bo'ldim. Bugun jahonning turli hududlarida geosiyosiy ziddiyatlar, milliy nizolar, qurolli mojarolar va murakkab moliyaviy-iqtisodiy tangliklar kuzatilayotgan tahlikali bir davrda yashayapmiz. Mana shunday og'ir sharoitda o'z taraqqiyot yo'lidan sobitqadamlik bilan ilgarilab borayotgan, tinch-osoyishta va farovon O'zbekistonda keksa avlod vakillariga ko'rsatilayotgan bunday yuksak hurmat-ehtirom har qancha tahsinga loyiqdir.
Ushbu nufuzli mukofot men uchun nafaqat yuksak rag'bat va sharaf, balki ulkan mas'uliyat ham degani. Mana shu ishonchga munosib bo'lgan holda, kelgusida ham ilmiy va hayotiy tajribamizni yurt ravnaqi, xalqimiz farovonligi hamda tinchligimizni asrash yo'lida safarbar etamiz. Nuroniylarga ko'rsatilayotgan ushbu yuksak e'tibor va e'zoz uchun davlatimiz rahbariyatiga o'z nomimdan va soha faxriylari nomidan chuqur minnatdorlik bildiraman.
Abdug'ofur SATTAROV,
Ichki ishlar vazirligi Faxriylar kengashi raisi o'rinbosari, yuridik fanlar doktori, professor,
I darajali “Mehnat faxriysi” ko'krak nishoni sohibi.