1976 yilda Mirzo Ulug'bek nomidagi Toshkent davlat universiteti, hozirgi O'zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetini tamomlaganimdan buyon ijod olamida, ijodkorlar davrasidaman. Ilk hikoyam 1974 yilda “Guliston” jurnalida bosilib chiqqanida ustozlar e'tiboriga tushgan edi. Asqad Muxtor, Odil Yoqubov singari ustozlarning iliq fikrlarini eshitganimda ko'nglim tog'day ko'tarilgan, o'zimga bo'lgan ishonch yanada ortgan edi. Shu ishonch ta'sirida bir qancha asarlarim dunyo yuzini ko'rdi, adabiy davralarda e'tirof etildi. “Yurakdagi sir”, “Beorom to'lqinlar”, “Baxt yulduzi”, “Oyni axtarayotgan bola”, “Sanam tog'idagi gulxan”, “Saylanma” kabi asarlarim shular jumlasidandir.
Asarlarim asosida “Olov qa'ridagi farishta”, “Gunoh”, “Tavba”, “Muallif”, “Zanjir”, “Muzaffar” kabi badiiy filmlar ko'plab muxlislar qalbini zabt etdi. Bugungi kunda keksalik gashtini surayotgan men kabi ijodkorlarning mehnatlarini qadrlab, “Mehnat faxriysi” ko'krak nishoniga loyiq topganlari uchun, avvalo, davlatimiz va hukumatimiz rahbariyatiga ulkan minnatdorlik bildiraman. Keksalik yoshiga yetgan insonlarga, ayniqsa, ijodkorlarga bunday e'tirofu e'tibor yangi kuch va g'ayrat beradi, yangidan-yangi asarlar yaratishga ilhom beradi, albatta.
Mirzapo'lat Toshpo'latov,
yozuvchi, muharrir, I darajali “Mehnat faxriysi” ko'krak nishoni sohibi.