Ochig'i, ezgulikni hayotining mazmuni deb bilgan, el-yurt ravnaqi, millat madaniyati va ma'rifati yo'lida astoydil kamarbasta bo'ladigan fidoyi zamondoshlarimizning umr yo'li va xayrli amallari barchaga birdek namunadir. O'zbekiston qirg'iz milliy madaniy markazi raisi, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni sohibi Rahmatulla Jabbarov ham ana shunday hamyurtlarimizdan biridir. U tabarruk 75 yoshida ham jamiyatimizning faol a'zosi sifatida barchaga o'rnak bo'lib kelmoqda.
Uni yurtimiz jamoatchiligi malakali iqtisodchi, mehnatsevar va fidoyi inson hamda o'tkir qalam sohibi sifatida yaxshi taniydi va e'zozlaydi. Raxmatulla Jabbarov 1951 yil 10 mayda Jizzax viloyatining so'lim Zomin tumanida tavallud topgan. Padari buzrukvori Mamit Jabbarov hamda volidai muhtaramasi Jangil Qarobosh qizi uni yoshligidanoq mehnatsevarlik, halollik va haqiqatgo'ylik ruhida tarbiyaladilar. Ilmga bo'lgan ishtiyoqi sabab, Rahmatulla aka 1967 yilda o'rta maktabni oltin medal bilan tamomladi va shu yilning o'zidayoq Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga (sobiq Xalq xo'jaligi instituti) o'qishga kirdi.
1971 yilda oliy dargohni muvaffaqiyatli bitirib, Mirzacho'lning bepoyon kengliklarini o'zlashtirish, voha obodligiga hissa qo'shishdek sharafli va mashaqqatli yo'lga chiqdi. Rahmatulla Jabbarov 1971-1996 yillar davomida Sirdaryo va Jizzax viloyatlarining Sardoba, Arnasoy, Do'stlik va Paxtakor tumanlarida qariyb o'ttiz yil davomida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritdi. U qay bir xo'jalikda ishlamasin, avvalo, iqtisodiy barqarorlikni ta'minlash va el duosini olishga intildi. Iqtisodchi sifatida to'plagan boy tajribasi keyinchalik Moliya vazirligidagi mas'ul vazifalarda ham qo'l kelib, jamoatchilik o'rtasida yuksak obro'-e'tibor qozonishiga zamin yaratdi.
Qahramonimiz 2006 yildan buyon O'zbekiston qirg'iz milliy madaniy markazi raisi sifatida ko'plab davlat va jamoat tashkilotlari bilan samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Jumladan, Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo'yicha qo'mita, Respublika Baynalmilal madaniyat markazi, O'zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi, O'zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo'llab-quvvvatlash “Nuroniy” jamg'armasi, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi, O'zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda MTRK bilan hamkorlikda olib borilayotgan ishlar markaz faoliyatining samaradorligini ta'minlamoqda. Shuningdek, respublikadagi qozoq, tojik, turkman, uyg'ur, rus, ukrain, turk, yahudiy, tatar, arman, polyak va nemis milliy madaniy markazlari bilan mustahkam do'stlik aloqalari o'rnatilgan. Ushbu hamkorlik doirasida Mustaqillik, Navro'z, Konstitutsiya kuni, shuningdek, Xalqlar do'stligi va Bag'rikenglik kuni kabi ayyomlar “O'zbekiston — umumiy uyimiz!” shiori ostida keng nishonlanib kelinmoqda.
Rahmatulla Jabbarov tashabbusi bilan nafaqat o'zbek mutafakkirlari — Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur, balki qardosh xalqlarning buyuk siymolari Abay, Maxtumquli, Abdurahmon Jomiy, Nizomiy Ganjaviy va A.Pushkin kabi ijodkorlarning xotira tadbirlari muntazam tashkil etilmoqda. Alohida qayd etish joizki, Rahmatulla Jabbarov qirg'iz xalqining zabardast farzandi Chingiz Aytmatov merosini targ'ib qilishga katta e'tibor qaratadi. U adib asarlarini o'zbek tiliga yuksak mahorat bilan o'girgan Asil Rashidov, Suyun Qorayev, Akmal Saidov, Ibrohim G'afurov kabi tarjimon va olimlarning mehnatini hamisha yuksak qadrlab, e'tirof etib keladi.
Inson qadri, avvalo, uning o'z ustozlariga bo'lgan munosabatida namoyon bo'ladi. Bu borada Rahmatulla Jabbarovning ustozlar xotirasini e'zozlash va ularning merosini targ'ib qilishdagi jonbozligi alohida tahsinga loyiq. Ayniqsa, “Mirzacho'lning afsonaviy qahramoni” deya nom qozongan, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida ko'p yillar samarali rahbarlik qilgan Sattor Usmonov xotirasiga ko'rsatilgan ehtirom yuksak ma'naviy ibratdir. 2013 yilda Sattor Usmonov tavalludining 90 yilligi munosabati bilan Zomin tumanida o'tkazilgan xotira kechasiga bosh-qosh bo'lish bilan birga, muallif ustozi haqida “Cho'l lochinining sinovlarda kechgan umri” nomli salmoqli essesini nashr ettirdi. Ushbu xayrli ishlarning uzviy davomi sifatida 2023 yilda ustozning 100 yillik yubileyi keng nishonlandi.
Sana munosabati bilan suratga olingan “Zomin burguti” hujjatli filmi va chop etilgan “Ikki el farzandi” nomli hujjatli qissa shogirdning ustoz oldidagi chin farzandlik va sadoqatli shogirdlik burchining yorqin ifodasi bo'ldi. Shuningdek, Raxmatulla Jabbarov 2015 yilda taniqli olim va adib Suyun Qorayevning 90 yilligini tashkil etishda, 2019 yilda esa akademik Akmal Saidovning dunyoga mashhur adib Chingiz Aytmatovga bag'ishlangan “Fenomen Chingiz Aytmatova” kitobining O'zbekiston qirg'iz milliy madaniy markazi tomonidan nashr etilishida kamarbasta bo'ldi. Raxmatulla Jabbarovning faoliyatida O'zbekiston va Qirg'iziston xalqlari o'rtasidagi adabiy-madaniy aloqalarni mustahkamlash markaziy o'rin tutadi. Uning rahbarligida 2022 yilda O'zbekiston qirg'iz milliy madaniy markazi tashkil topganligining 30 yilligi yuqori saviyada nishonlandi.
So'nggi yillarda esa bu an'ana yangicha mazmun va ko'lam kasb etdi. Xususan, 2024 yilda Do'stlik tumanidagi “Manas” qishlog'i, 2025 yilda Mirzacho'l tumanidagi Gagarin shahri, joriy yil 4 aprel kuni Toshkent shahridagi “Ulug'bek” jamg'armasida qirg'iz xalqining milliy g'ururi bo'lmish “Oq qalpoq” bayrami yuksak ko'tarinkilik bilan o'tkazildi. Qirg'iz milliy madaniyatini rivojlantirish yo'lida Sirdaryoda “Jan-Janoy”, Jizzaxda “Marjon” ansambllarining tashkil etilishi, shuningdek, “Aychuroq” teleko'rsatuvining yo'lga qo'yilishi Rahmatulla akaning millatlararo totuvlik yo'lidagi ulkan xizmatlaridan. Muallifning ijodiy merosi ham xalqlar do'stligi g'oyasi bilan sug'orilgan.
Rahmatulla Jabbarov qirg'iz xalqining zabardast farzandi Chingiz Aytmatov merosini targ'ib qilishga katta e'tibor qaratadi. U adib asarlarini o'zbek tiliga yuksak mahorat bilan o'girgan Asil Rashidov, Suyun Qorayev, Akmal Saidov, Ibrohim G'afurov kabi tarjimon va olimlarning mehnatini hamisha yuksak qadrlab, e'tirof etib keladi.
Uning Respublika baynalmilal madaniyat markazi qoshida nashr etilgan “Priznanie” to'plamida “Bratya” she'ri, “O'zbekiston — bag'rikeng diyor” kitobida “Men ikki el farzandiman” nomli she'ri, “O'zbekiston — muqaddas Vatan” nomli maqolasi, “O'zbekiston — tinchlik va totuvlik mamlakati” nomli kitobda “Ona Vatanim O'zbekistondur” nomli maqolasi, “Yagona oilada” jurnalining 2013 yil sonida “Eng katta boylik, eng yuksak qadriyat” nomli maqolasi e'lon qilingan va o'z navbatida, bag'rikenglikning o'ziga xos namunasiga aylangan. 2023 yilda “Madaniyat va ma'rifat” telekanali tomonidan Rahmatulla Jabbarov hayotiga bag'ishlangan “Bag'rikeng diyor” nomli turkum hujjatli filmlarning suratga olinishi, qahramonimizning nafaqat jamoat arbobi, balki ma'naviyat fidoyisi sifatidagi qiyofasini ochib berdi.
Rahmatulla Jabbarov o'zining “Hayot yo'lim” hujjatli qissasida shunday yozadi: Har qanday ish qiyinchiliklarsiz bo'lmagani kabi men ham o'n yillik mehnat faoliyatim davomida turli qiyinchilik va muammolarga duch kelganman. Ularni birma-bir sanab o'tishni lozim topmayman. Chunki bu kasbda ishlagan har bir inson yaxshi biladiki, bu mehnat doimo oson kechavermaydi va har doim ham minnatdorchilik bilan baholanavermaydi. Buni shunday izohlash mumkin: siz tekshiruv o'tkazadigan tashkilot yoki korxona rahbari o'z faoliyatidagi kamchiliklar yoki yo'l qo'yilgan qonunbuzarliklar ochiqlanishini hech qachon mamnuniyat bilan qabul qilmaydi. Bu esa tabiiy holatdir. Shu sababli, tekshiruv jarayonida turli tushunmovchiliklar, noroziliklar, hatto bosim va shikoyatlarga ham duch kelgan holatlar bo'lgan. Ayrim yirik korxona rahbarlari dastlab yaxshi munosabatda bo'lishga harakat qilar, keyinchalik esa turli darajadagi e'tiroz va hatto po'pisalarga ham o'tish holatlari uchragan.
Nihoyat, tekshiruv yakuni bo'yicha tuzilgan dalolatnomaga imzo qo'yishdan bosh tortish, shikoyat qilish kabi holatlar ham kuzatilgan. Shuning uchun ham bu kasb o'ta nozik va juda katta mas'uliyat talab qiladigan sohalardan biri hisoblanadi. Mening katta otam — tajribali huquqshunos Mang'it Jabbarov uzoq yillar huquqni muhofaza qilish tizimida ishlagan inson sifatida menga quyidagi mazmunda nasihat bergan edi: “Rahmatulla, sen tanlagan revizorlik kasbi o'ta mas'uliyatli va og'ir kasblardan biridir. Chunki uchta kasb inson taqdiriga bevosita ta'sir qiladi. Birinchisi, shifokor, u inson hayotini saqlab qoladi yoki aksincha. Ikkinchisi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar (prokuror, tergovchi, sud), ular inson taqdirini hal qiladi. Uchinchisi, revizor, uning tuzgan birgina dalolatnomasi ham inson taqdiriga ta'sir qilishi mumkin”.
Shuningdek, otam Mamit Jabbarov ham menga doimo quyidagicha nasihat qilar edi: “Rahmatulla, bolam, qaysi lavozimda ishlasang ham, mansabingdan foydalanib insonlarga qo'pol muomala qilmagin, do'q-po'pisa bilan ularning sha'niga tegmagin. Hech qachon ta'magirlikka yo'l qo'ymagin, pora olma. Va har doim Xudoni unutmagin” . Men ushbu otam va katta otamdan olgan pand-nasihatlarga umr bo'yi amal qilib keldim. Bu esa mening shaxsiy va kasbiy hayotimda juda katta yordam berdi. Bejiz aytilmagan: “Otalar so'zi — aqlning ko'zi”.
Rahmatulla Jabbarov ma'naviy-ma'rifiy sohadagi fidokorona mehnatlari, millatlararo do'stlik va hamjihatlikni mustahkamlash borasidagi xizmatlari uchun bir qator yuksak davlat mukofotlari, orden va ko'krak nishonlari bilan taqdirlangan.
Jumladan, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 30 iyuldagi Farmoniga binoan, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni, O'zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo'llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg'armasi Vasiylik kengashining Qaroriga asosan, I darajali “Mehnat faxriysi” ko'krak nishoni, 2021 yilda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do'stlik aloqalari qo'mitasining “Xalqlar do'stligi” ko'krak nishoni, 2023 yilda Qirg'iz Respublikasi oqsoqollar kengashining buyrug'iga asosan, “Chingiz Aytmatov” ordeni, O'zbekiston Respublikasi Ma'naviyat va ma'rifat markazining “Ma'naviyat fidoyisi”, O'zbekiston Respublikasi Din ishlari bo'yicha qo'mitasining “Diniy bag'rikenglik”, “O'zbekiston — Shanxay” hamkorlik tashkiloti Xalq diplomatiyasi markazining “Xalq diplomati”, 2024 yilda O'zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining buyrug'iga asosan, “Madaniyat va san'at fidokori” kabi ko'rak nishonlari bilan mukofotlangan.
Shubhasiz, umr mazmuni faqat yashab o'tilgan yillar soni bilan emas, balki qoldirilgan iz va erishilgan natijalar salmog'i bilan belgilanadi. Bugun 75 yoshni qarshilayotgan Rahmatulla Jabbarovning bosib o'tgan yo'liga nazar tashlar ekanmiz, uning har bir bosqichi aniq maqsad va samarali mehnatga yo'g'rilganiga guvoh bo'lamiz. Albatta, ortda qolgan yillar iqtisodiyot, millatlararo do'stlik va ijod sohasidagi muhim yutuqlar, jamiyat uchun xizmat qilgan xayrli loyihalar bilan boyitilgan mazmunli bir tarixdir. Fursatdan foydalanib, taniqli iqtisodchi va ijodkorga bardavom kuch-g'ayrat, uzoq umr, mustahkam sog'liq, ijodiy izlanishlarida yangidan-yangi yutuqlar tilab qolamiz.
Sharof UBAYDULLAYEV,
“Nuroniy” jamg'armasi respublika
Boshqaruvi raisining 1-o'rinbosari,
faxriy jurnalist.