Ma'rifat fidoyisi, ko'plab shogirdlarning qadrdon ustozi Gulnora Ro'zmatova har safar o'zi o'qigan maktab yonidan o'tayotganda bolaligi, yoshligi, unga ta'lim-tarbiya bergan ustozlari beixtiyor yodiga tushadi. Maktab hovlisida sho'x-shodon o'ynab, o'qib, kamol topayotgan bolajonlarga havas bilan boqadi.

Vaqt juda tez o'tarkan. Kechagina uning o'zi ham  xuddi shu bolalar kabi edi. Yerga ursa, ko'kka sapchirdi. Ustoz yozuvchi Abdulla Kahhorning “Sinchalak”  qissasidagi Saidaga o'xshardi. Bu o'xshatish bejiz emas. Haqiqatan ham, Gulnora opaning jussasi kichik, ammo juda chayir, o'ylagan narsasini amalga oshiradigan, chaqqon qiz edi.

Mana, bugun 65-bahorni karshilab turibdi. U o'z umrini sarhisob kilarkan, yillarning behuda o'tmaganligidan ichki bir qoniqish hosil qiladi va buning uchun Yaratganga shukronalar aytadi.

Gulnora Ro'zmatova 1961 yil 24 aprelda Qoraqalpog'iston Respublikasining Beruniy tumanida dunyoga kelgan. Otasi Radjabboy Abdullayev paxta brigadasi boshlig'i, onasi Gulsara Radjapova uy bekasi bo'lib, 13 farzand — 7 o'g'il, 6 qizlik bo'lishgan. Gulnora yoshligidan o'ziga ishongan, hamma narsaga qiziquvchan,  barchaga o'rnak, a'lochi va tashkilotchi edi.

Maktabni 1978 yilda a'lo baholarga bitirgan, o'qishga kirib,  o'qituvchi bo'lmoqchi edi. Ammo otasi “Sen o'qib, shahar olib berarmiding?!” deb o'qishga qo'ymagan. Otasining “Yaxshi ishlab, paxta tersang, keyingi yil o'qishga yuboraman”, degan gapi unga ulkan rag'bat bo'lib, paxtani hammadan ko'p, ya'ni 150-182 kg. atrofida teradi. U maktabda ham, sovxozda ham jamoat ishlarida ishtirok etib, majlislarda o'z fikirini dadil bildirardi.

Oltinchi sinfda o'qiyotgan kezlari qo'shnisi Sharifa Xalmenova O'zbekiston Oliy sovetiga deputat etib saylangandi. Sharifa opaning Toshkentga sessiyaga, Qurultoylarga borib kelishiga qizaloq chinakam ma'noda havas qilardi. “Nasib qilsa, sen ham Oliy sovetga deputat bo'lasan, buning uchun faqat astoydil harakat qilishing kerak”, derdi deputat ko'zlarida orzu-shijoat chaqnab turgan qizaloqqa. Farishtalar omin degan ekanmi, 19 yoshida Qoraqalpog'iston Oliy sovetiga nomzod sifatida ko'rsatildi.

Shu tariqa Gulnoraxon raykom sekretari huzuriga bordi. Ular sakkiz nafar edilar. Qizaloqdan boshqa barcha nomzodlar katta yoshdagi brigada boshliqlari, sigir sog'uvchilar, umuman olganda, o'z davrining faollari edi.

Raykom sekretari Olimboy Radjabovning birinchi savoli shunday bo'ldi:

— Mabodo deputat bo'lsang, nima kilarding?

— Hali yoshman, shunday bo'lsayam, agar deputat bo'lsam, birinchi o'rinda o'zim o'qigan maktab binosini yangidan qurib, bog'chalarni ko'paytirishga asosiy e'tibor qaratgan, sovxoz bilan shahar o'rtasiga asfalt yo'l yotqizgan bo'lardim, — dadil javob berdi Gulnora.

Raykom sekretari qizning dadilligidan hayratga tushdi va savolida davom etdi:

— Kelajakda kim bo'lasan?

— O'qituvchi yoki doktor bo'laman. Otam bu yil yubormadi, sirtdan o'qiysan  dedilar…

— Agronom bo'lsang-chi, otang paxta brigadasi boshlig'i ekan, ishini davom ettirarding?

— O'qituvchi, adabiyot fani muallimi bo'laman, — dedi ahdida qat'iy turgan qizaloq.

— Bu suhbatimizni hech kimga aytma.  Hali deputat bo'lasanmi-yo'qmi, noma'lum. Hech kimga ovoza kilma… Komsomol majlisiga bordim degin, — tayinladi shijoatli qizga qoyil qolgan raykom sekretari.

Shundan so'ng kunlar, oylar o'tdi. Nomzodlar joylarda saylovchilar bilan uchrashuvlar o'tkazdilar. Yosh Gulnora Ro'zmatova ham shunday tadbirlarda qatnashdi. Unga qog'ozda matnlar yozib, shuni o'qib berasan, deyishdi. Qizaloq kichik jussali bo'lganligi uchun minbardan ko'rinmasdi. Uning oyog'ining tagiga g'isht qo'yib berishdi.

Bu haqda Gulnora Ro'zmatovaning o'zi shunday deydi:

— Otam tengi kishilar, katta ayollar pichir-pichir qilardilar. Shappatay qiz nimasi deputat bo'larkan, deyishardi. Bu gaplar aniq qulog'imga chalinardi. Otam ham ular ichida o'tiribdi. Avvaliga biroz tortinib, qog'ozni o'qiy boshladim. Sabrim chidamadi, dangaliga o'tib qo'yaqoldim. Menga bu qog'oz kerakmas, xalq bilan uchrashyapmanmi, bemalol muloqotda bo'lishni istayman. Xush kelibsizlar, deya gap boshladim. Direktor, partkom, raykom ham bor. Hamma jim bo'lib qoldi. Keyin asl niyatimni bayon etishga o'tdim. Mening maqsadim — maktab, bog'cha qurish, ko'chalarga asfalt yotqizish, mabodo saylansam, shularni yo'lga qo'yardim, hamma yoshlarning ota-onalari bilan gaplashib, ularning o'qishi uchun ruxsat olib berardim  va hokazo…

Yosh Gulnoraning bu shiddatidan barcha mum tishlab qolgandek bo'ldi. Atrof bir zum tinchib qoldi. Pashsha uchsa eshitilardi. Keyin esa “Barakalla!”, “Balli! Otangga rahmat!” degan olqishlaru jarangdor qarsaklar yangradi…

… U Qoraqalpog'iston Oliy sovetiga 19 yoshida deputat (1980-1985) etib saylandi. Amudaryoning bo'ylaridan yangi qo'riq yer ochdirib, shu yerda paxta brigadasi boshlig'i bo'lib ishladi. Dala maydoniga uchta 6 xonali shiypon uyi barpo ettirdi. Bittasiga “Deputat Gulnora shiypon uyi” deb nom berildi. Hozir ham 2 ta yosh oilaga berilgan uy uning nomi bilan yuritiladi.

Gulnora aytganlarining ustidan chiqdi. 7 ta bog'cha, 5 ta maktab qurdirdi. 33 kilometr masofalik yo'lga asfalt yotqizdirib, o'zining va xalq orzusini amalga oshirdi. O'qib, agronomlik mutaxassisligini ham oldi.

Shu bilan birga, asosiy maqsadi — o'qituvchilikka ham erishdi. Hozirgi O'zMUning o'zbek tili va adabiyoti fakultetini tamomladi. TDYuU, uning huzuridagi akademik litseyda o'qituvchi, to'garak rahbari vazifalarida ishlab, qariyb 25 yil davomida yoshlarga ta'lim-tarbiya berib kelmoqda.

Umr yo'ldoshi — Nizomatdin Ro'zmatov aslida sinfdoshi. O'qimishli, o'tkir fikrli inson. Oliy ta'lim vazirligi va TDYuUda yurist vazifalarida ishlab, oilaparvar, sevimli yor va mehribon ota edi. Ular 17 yil birga shirin hayot kechirdilar. Nizomatdin aka 4 norasida farzandi voyaga yetmagan bir paytda avtohalokatga uchrab, hayotni tark etdi. Bugun farzandlar ulg'ayib, oliy o'quv yurtlarini tamomlab, ota-onalari kabi xalqqa fidoyilik bilan xizmat qilmoqdalar. Bunda matonat sohibasi bo'lgan Gulnora opaning hissalari buyuk, albatta.

Gulnora opa hozirda akademik litseyda o'z faoliyatini davom ettirib kelmoqda. Uning hayoti yoshlar ta'lim-tarbiyasidan ajralgan emas, o'quvchilar bilan tez til topishishi, onaday mehribon va g'amxo'r ekanligini alohida qayd etish joiz. Tadbirlar Gulnora opaning ishtirokisiz o'tmaydi. U o'quvchilarga ssenariylar tuzish, davrada hayajonlanmasdan chiroyli so'zlash, o'zini tutish, nutq faoliyatini o'stirishni muntazam o'rgatib boradi.

Opaning ko'pchilik havas qilsa arziydigan xislatlari bisyor. Ular aslo yaqinlar, do'stlar, qarindosh-urug'larini yoddan chiqarmaydilar. Kimningdir betob bo'lganligini eshitishi bilan borib ko'radi, hol-ahvol so'raydi, dardiga sherik bo'ladi. “Nuroniy” jamg'armasi tomonidan uyushtirilgan ma'rifiy tadbirlarda faol qatnashadi.

Yosh avlodning qadrdon ustozi, iste'dodli davlat va jamoat arbobi, bugungi matonatli zamondoshimiz Gulnora Ro'zmatovadek zahmatkash va fidoyi insonlar xuddiki yo'lchiroq kabi millat yo'lini yoritib boraveradilar. Baxtimizga ana shunday insonlar hamisha omon bo'lsinlar, ilohim!

Iqbolxon Ashrapova,

“Nuroniy” jamg'armasi

Yunusobod tumani

bo'limi raisi.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan