Bugungi kunda yurtimizda urush qatnashchilari va faxriylarga nisbatan o'zgacha hurmat-ehtirom ko'rsatilmoqda. Ayni e'tibor, shubhasizki, faxriylarni behad mamnun etmoqda. Aslida urush ko'rgan inson hech qachon bunday kun kelmasligini, yeru ko'k, butun olam tinch bo'lishini istaydi.

Negaki, urushlar tufayli davlatlar rivojlanishdan to'xtaydi, qanchalab oilalardagi farzandlar yaqinlaridan ayriladilar, xonadonlar barbod bo'ladi, obod makonlar vayronalarga aylanadi. Bunga dunyoning turli davlatlarida kechayotgan to'qnashuv va urushlarni yaqqol misol qilish mumkin, albatta.

Shukrki, Yangi O'zbekistonimizda tinchlik-xotirjamlik, farovonlik hukm surmoqda. Bu kunlar uchun har qancha shukr qilsak oz. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 16 apreldagi “9 may — Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori inson qadri-qimmatini yuksaltirish, xotirasini ulug'lash yo'lidagi ezgu ishlarni yangi bosqichga ko'tardi.

— Bu qaror bizni juda ham quvontirdi, — deydi Toshkent viloyati Yangiyo'l tumani “Qovunchi” MFY “Mustaqillik” ko'chasi 1-uyda yashovchi Ikkinchi jahon urushi faxriysi  Nodir Mansurov. — Ne ajabki, taqdir siylovi bilan yuz yoshni qarshilab, baxtli bir nuroniy sifatida dorilomon zamonda umrguzaronlik qilib kelmoqdaman. Har bir urush qatnashchilari va nogironlari Yurtboshimiz tomonidan rag'batlantirilganimizda, ko'nglimiz tog'dek yuksaladi. Mana, bu yil ham davlatimiz rahbarining qarori bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga bir martalik mukofot pullari berilishi belgilangani ezgu an'ananing uzviy davomi bo'ldi.

Buning uchun Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo'mondoniga urush faxriylari nomidan cheksiz minnatdorlik bildiraman.

Tobora yuksalib, dunyo maydonidan mustahkam o'rin egallab borayotgan Yangi O'zbekistonimizga aslo ko'z tegmasin. Hamisha yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo'lsin!

Darhaqiqat, urush faxriylarining bugungi izzat-ikromdan mamnunligi sabab duolarga ulanayotgan duolar, ularning o'ziga xos ijobati xalqimizning tinch va xotirjam, farovon hayoti uchun o'ziga xos ma'naviy zamin vazifasini o'tamoqda. Baxtimizga ular doimo omon bo'lsinlar!

Yusuf  MAMADIYoROV,

Yangiyo'l tumani.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan