Qashqadaryo — buyuk zamin. Ushbu tabarruk go'sha dunyo tamadduniga Sohibqiron Amir Temurni tuhfa qilgan. Uning har bir nuqtasi ulug' sarkardaning jasorati va matonatiga guvoh bo'lgan. Ayniqsa, bugun turizm markazlaridan biriga aylangan Shahrisabz shahri, chin ma'noda, jahongashta bobomizning kuch-qudratini butun bo'y-basti bilan o'zida namoyon etib, nafaqat yurtimiz, balki jahon sayyohlarini ham ohanraboday chorlab turibdi. 

Amir Temur bobomiz tavalludining 690 yilligi Qashqadaryo viloyatida ham o'ziga xos bayramga aylandi. Erta tongdan Shahrisabz shahridagi Oqsaroy tomondan yangragan karnay-surnay sadolari barchani maydonga chorladi.

Tantana markazida viloyat hokimi Murotjon Azimov boshchiligida hokimlik, tashkilot va muassasalar rahbarlari, “Nuroniy” jamg'armasi viloyat va tuman bo'limlari faollari,  korxona hamda tashkilotlar vakillari, yoshlar jam bo'ldilar. Sohibqiron  xotirasi yodga olinib, Qur'on tilovat qilindi.

Shundan so'ng O'zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi yangradi.

Viloyat hokimligi, harbiy bo'linmalar, korxona, tashkilot, o'quv yurtlari vakillari Amir Temur haykali poyiga gulchambarlar qo'ydilar.

Tadbir davomida mehmonlar maydonda tashkil qilingan kashtachilik, hunarmandlik, milliy liboslar, bahoriy taomlar ko'rgazmasi bilan yaqindan tanishdilar.

Tumanlardan tashrif buyurgan fol'klor-etnografik jamoalar tomonidan tashkil qilingan chiqishlar barchada katta taassurot qoldirdi.

Shavkat SULTONOV,

“Nuroniy” muxbiri.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan