Bugun Navoiy shahrida 167 mingdan ziyod turli millatga mansub aholi istiqomat qiladi. Ular orasida 17895 nafar 65 yoshdan oshgan keksalar bor. Keksalarning 8943 nafari erkaklar, 8952 nafari ayollardir. Ularning 58 nafari 80, 16 nafari 90 yoshdan oshgan kishilar bo'lib, bir nafari 95 yoshda. O'sha keksalardan mehnat qilish qobiliyatiga ega bo'lgan 33 nafari o'zlari istiqomat qiladigan mahallada “Keksalar maslahati” guruhi rahbari etib saylangan. 108 nafari esa faol nuroniy sifatida 479 ta kambag'al oilaga biriktirilgan. Ushbu yoshi ulug' faollarning 7 nafari I va II darajali mehnat faxriylari sanaladi. Orasida davlat mukofotlari hamda ko'krak nishonlari sohiblari bor.
Shijoatli nuroniylarning bugungi shiddatli islohotlar jarayonidagi faol ishtiroki, erishilayotgan natijalar bilan qiziqar ekanmiz, “Nuroniy” jamg'armasi Navoiy shahar bo'limi raisi, mehnat faxriysi Abdurazzoq aka Narziyevga murojaat qildik:
— Nuroniylarimiz orasida 19 nafar Ikkinchi jahon urushi davrida front ortini mustahkamlashda qatnashgan keksalarimiz, 13 nafar afg'on urushi ishtirokchilari hamda 79 nafar Chernobil atom stansiyasi talofatlarini bartaraf etishga safarbar qilingan faxriylar va 67 nafar yolg'iz yashaydigan keksalarimiz bor. Ulardan tashqari, shahrimizda 176 nafar I guruh, 1094 nafar II guruh nogironlari yashaydi. Biz tizimli ravishda jamg'armamiz qoshida shakllantirilgan jamoatchilik kengashi a'zolari hamda mahalla fuqarolar yig'ini raislari bilan birgalikda o'tgan 2025 yilda homiylik mablag'lari hisobidan ular, shuningdek, 12480 nafar yoshi ulug' keksalarimiz holidan xabar oldik. 8421 nafariga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berdik. 14567 nafarining yashash joylarini obodonlashtirishga ko'maklashdik. 2 nafarining xonadonini kapital ta'mirlashga erishdik.
5 nafar yakka-yolg'iz yashaydigan nuroniylarimizni sanatoriylarga yubordik. Shuningdek, bir guruh keksalarimiz Samarqand, Jizzax, Toshkent va boshqa viloyatlardagi ziyoratgohlarga borib kelmoqdalar.
Faol nuroniylarimizning sa'y-harakatlari bilan kambag'allik reestriga kiritilgan 102 nafar oila vakillari turli ishlarga joylashtirilib, 423 nafariga o'zini o'zi ish bilan band qilish uchun kam foizli kredit mablag'lari olishga yordam qildik. Ro'yxatga kiritilgan oilalarning 68 nafar yuqori sinflarda o'qiydigan farzandlarini bepul repetitorlik kurslariga joylashtirdik.
“Nuroniy” jamg'armasi shahar bo'limi qoshida shakllantirilgan “Nuroniylar va ota-onalar kengashi” a'zolari bilan hamkorlikda mahalla fuqarolar yig'inlarining ma'muriy binolarida, o'quv muassasalarida, korxona va tashkilotlarda, harbiy qismlarda “Uch avlod uchrashuvi”, “Qo'sha qarish saodati”, “Eng namunali oila” va yana qator tadbirlarni o'tkazib kelyapmiz. “Buvijonlar maktabi” a'zolari hamda “Keksalar maslahati guruhi” rahbarlari hamkorligida olib borilgan tizimli ishlar natijasida 25 ta nizoli oila o'zaro yarashtirildi, — deydi shaharlik nuroniylar oqsoqoli.
Prezidentimizning 2024 yil 25 noyabrdagi “Kambag'allikdan — farovonlik sari” davlat dasturini amalga oshirishga faol nuroniylarni jalb etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi 405-sonli qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 27 dekabrdagi “Faol nuroniylarni kambag'al oilalarga biriktirish hamda mahallalarda sog'lom turmush tarzi va ijtimoiy-ma'naviy muhitni shakllantirishga jalb etish tartibi to'g'risida”gi 892-sonli qaroriga ko'ra, “Nuroniy” jamg'armasi Navoiy shahar bo'limi faol nuroniylari tomonidan olib borilayotgan ishlar ko'lami ham e'tirofga sazovor, albatta.
Bu boradagi ishlar samaradorligi bilan yaqindan tanishish maqsadida, “Yangiobod” mahallasida bo'lib, “Mahalla iftixori” ko'krak nishoni sohibasi Shoira opa To'xtamishovadan ularning faoliyati haqida so'radik. Rais mahallada 402 nafar keksalar yashashi, ulardan 4 nafari 90 yoshdan, 12 nafari 80 yoshdan, 95 nafari 70 yoshdan va 160 nafari 60 yoshdan oshgan mehnat faxriylari ekanini aytdi.
Mahalla “Keksalar maslahati guruhi” rahbari Bahriddin aka Norboyevga MFY ma'muriy binosidan alohida xona ajratilibdi. U kishi eng faol nuroniylardan biri bo'lgani uchun 2025 yilda “Bir nuroniy — o'n yoshga mas'ul” ko'rik-tanlovining shahar bosqichida qatnashib, 1-o'rinni egallabdi va viloyat bosqichiga yo'llanma olibdi. Ayni paytda “Nuroniy” jamg'armasi shahar bo'limi tomonidan aholini ro'yxatga olish harakatiga jalb etilganiga qaramay, o'ziga biriktirilgan kambag'allik ro'yxatidagi 5 nafar oila — Oksana Korotkix, Qunduz Hazratova, Zaynab Ishoqova, Maftuna Sobirovalarning maktabda o'qiydigan farzandlariga o'quv qurollari, sport kiyimlari yetkazib berishdan tashqari, ularga mahalla tomonidan moddiy yordam olishga ko'maklashibdi. Oksana Tarosenkoga o'g'lining oyog'i tug'ma qiyshiqligi uchun uni Toshkentga olib borib, murakkab jarrohlik amaliyoti o'tkazishga yordamlashibdi. Boshqa kambag'al oilaning o'g'li To'rayev Umidjonni Zarafshon shahridagi Gidrometallurgiya zavodiga ishga joylabdi. Bundan tashqari, oqsoqol mahalla “Keksalar maslahati” guruhining 15 nafar a'zosi bilan birga, 27 ta ajrim yoqasiga borib qolgan notinch oilalardan 17 tasini yarashtiribdi.
— Bahriddin akaga o'xshagan faol nuroniylar borligi uchun mahallamiz guvillagan katta shaharning eng aholisi gavjum go'shasida joylashganligiga qaramay, hozircha “qizil” va “yashil” hudud oralig'ida, — deydi uchastka profilaktika noziri Aziz Bobonazarov.
Navbatdagi manzil — “Oltin vodiy” mahallasi bo'ldi. Mahalla “Keksalar maslahati” guruhi rahbari Ahmadjon aka Safarov yoshi ulug', tajribali nuroniylardan biri. Mustaqilligimizning yubiley nishonlari, “Konchilik shuhrati” ko'krak nishoni bilan taqdirlangan. Shahardagi 3986 nafar o'quvchi ta'lim oladigan 8-umumta'lim maktabi rahbariyati taniqli mehnat faxriylari — konchilik sohasida xizmat ko'rsatgan geolog Hamid aka Sharipov, O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi Olim aka Xo'jayevlar bilan birga, Ahmadjon aka Safarovni ham “Uch avlod uchrashuvi” tadbiriga taklif etgan ekan.
Mahalla raisi Oybek Shamsiyevdan faol nuroniylar va ular tomonidan mahallada amalga oshirilayotgan ishlar xususida so'radik.
— Mahallamizda 529 nafar keksalar bo'lib, ulardan 60-70 yoshdagilari 259 nafar, 70 yoshdan oshganlari 148 nafar, 80 yoshdan oshganlari 18 kishi va 2 nafar 90 yoshdan oshiq umr ko'rayotgan onaxonlar bor, — deya ma'lumot bera boshladi Oybekjon. — Faol nuroniylarimiz tomonidan olib borilayotgan ishlarga to'xtaladigan bo'lsak, 2025 yilda mahallamizda 78 ta kambag'al oila ro'yxatga kiritilgan edi. Ushbu oilalardan 15 tasini “mahalla yettiligi” bilan maslahatlashib, katta hayotiy tajribaga ega Ahmadjon Safarov, Fayzullo Ergashev va Hojibegim Ochilova singari faol nuroniylarga biriktirgan edik. Ularning sa'y-harakatlari bilan hammasi kambag'allikdan chiqarildi. 2026 yil boshida yana har biriga 5 nafardan xuddi shunday oilalar bilan ishlash vazifasi topshpirildi.
Shu orada Ahmadjon aka bilan ham yuzma-yuz bo'ldik. U kishi sud-huquq tizimida ko'p yillar ishlab, pensiyaga chiqqan, dunyoqarashi keng, yuksak ma'naviyatli inson. Ahmadjon aka maqsadimizdan boxabar bo'lgach, sheriklari Fayzullo Ergashev shaharda qurilgan yangi masjidning ochilish tadbiriga, Hojibegim Ochilova esa mahallaning eng keksa vakilasi — 93 bahorni qarshilayotgan onaxondan xabar olish uchun ketganliklarini ma'lum qildi.
Ahmadjon Abdumannonovichning o'ziga o'tgan yilning I va II bosqichida 10 nafar: Diyora va Gulnora Husanovalar, Gulnora Muxtorova, Mehrigul Astanoyeva, Xurshida Rayimova, Dilafruz Mamanazarova, Gulnoza Boltayeva, Marina Ablyazova singari kambag'al oilalar biriktirilgan ekan. Shulardan D.Husanova, M.Astanoyeva hamda M.Ablyazovalarni shahardagi tadbirkorlik sub'yektlariga ishga kiritibdi. G.Muxtorova bilan D. Mamanazarovalarga o'zini o'zi ish bilan band qilish uchun har biriga 10 mln. so'mdan kredit mablag' olishiga ko'maklashibdi. “Nuroniy” jamg'armasi viloyat bo'limi tomonidan 22 ta kambag'al oilaning maktabda o'qiydigan farzandlariga parta, stul va sport kiyimlarini yetkazib berishdan tashqari, 7 nafariga “Saxovat va ko'mak” jamg'armasi tomonidan, 35 ta kambag'al oilaga esa boshqa homiylar topib, oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib beribdi. Shuningdek, faol nuroniy Fayzullo Ergashev ham o'zi mas'ul bo'lgan kambag'al oilalardan Komila Sanayeva bilan Mehriniso Murodullayevalarga tadbirkorlik bilan shug'ullanishlari uchun 35 million so'mdan kredit olishda yordamlashibdi. Gulchehra Ahmedovani ishga joylashtiribdi. Bunday misollarni Hojibegim Ochilova misolida ham keltirish mumkin.
Ha, safarimiz tafsilotlaridan shunday xulosaga keldikki, Navoiy shahrida umrguzaronlik qilayotgan ko'p sonli nuroniylar muborak iyd Ramazon oyida o'z ibodatlarini mukammal ado etish bilan birga, zimmalaridagi otaxonlik, onaxonlik burchlarini ham xuddi shu darajada, yuqori talabchanlik ruhida davom ettirayotganlarini ko'rib, benihoya xursand bo'ldik.
Bu bejiz emas, chunki 2026 yilda xalqimiz qatori, navoiylik nuroniylarning ham oldida davlatimiz rahbarining Oliy Majlis Senati va xalqimizga yo'llagan Murojaatida belgilab berilgan ko'plab vazifalarni oxiriga yetkazish, keng ko'lamli ma'naviy-ma'rifiy tadbirlarni davom ettirishdek ulkan rejalar turibdi.
Hazrat Alisher Navoiyning 585 yillik shodiyonasini ko'tarinki ruhda o'tkazgan navoiyliklar endi sohibqiron Amir Temur bobomizning 690 yilligini munosib nishonlash taraddudida, albatta. Bundan tashqari, qator tumanlarning 100 yillik to'ylarini ham nishonlash ko'zda tutilgan. Ayni tantanalarda viloyat rahbarlari qatorida shijoatli nuroniylarning ham kamarbasta bo'lib turishlari shubhasizdir.
Xudoyberdi Navro'z,
“Nuroniy” muxbiri.