Yurtimizda keksa nuroniy bo'lishiga qaramay, shijoati va fidoyiligi bilan bugungi kun xotin-qizlariga har jihatdan o'rnak bo'la oladigan onaxonlarimiz juda ko'p. Ular nafaqat xonadonlari, mahallalari, balki butun bir jamiyatda faol bo'lib, har bir ishda yeng shimarib maydonga chiqmoqdalar, tashabbus ko'rsatmoqdalar.
Sirdaryo viloyati Shirin shahar “Farhod” mahallasida istiqomat qiluvchi faol nuroniy, “Buvijonlar maktabi” kengashi raisi Djanglish To'raxanovani ana shunday onaxonlarimizdan biri deyish mumkin.
Buvijonimizning ibratli tashabbusi mahalla ahli o'rtasida katta qiziqish va ilhom uyg'otmoqda. Aya o'z xonadonida limon ko'chatlarini tuvaklarda parvarishlab, ulardan mo'l hosil olishga erishdi. Bir qarashda oddiygina bog'dorlik ishi bo'lib tuyulgan bu mehnat ortida katta mehnat, sabr-toqat va tabiatga bo'lgan mehr mujassamdir.
Axir, inson tabiatga mehr va e'tibor bilan munosabatda bo'lar ekan, o'z navbatida, tabiat ham insondan o'z ne'matlarini darig' tutmaydi. Djanglish To'raxanovaning o'z xonadonida limon ko'chatlarini yetishtirishga qaratilgan sa'y-harakatlari ham ayni haqiqatning yorqin isbotidir.
Onaxon ko'chatlarni ekarkan, o'z e'tiborini ularni doimiy parvarishlashga qaratdi. Atrofida girgitton bo'ldi, mehr berdi. Natijada kichik tuvaklarda o'sgan limon daraxtlari gullab, mevalar bera boshladi.
Djanglish To'raxanova nafaqat bog'dorlikda, balki jamoat ishlarida ham faol ishtirok etib kelmoqda. Jumladan, ayaning “Buvijonlar maktabi” kengashi raisi sifatida mahallalarda yosh avlod tarbiyasi, milliy qadriyatlar, oila muqaddasligi va mehnatsevarlik g'oyalarini targ'ib etishdagi faolligi tahsinga sazovordir.
Ha, mahallalarimizda shunday tashabbuskor insonlar bor ekan, yurtdoshlarimiz qalbida mehnatsevarlik, tabiatga ehtirom va obodlikka intilish kabi ezgu fazilatlar yanada mustahkam ildiz otaveradi. Zero, mehnat bor joyda baraka bor. Mehr bor joyda esa tabiat ham o'z ne'matlarini olamga tuhfa etaveradi.
Jo'raxon Karimova,
“Nuroniy” jamg'armasi Sirdaryo viloyati bo'limi
“Buvijonlar maktabi” rahbari.