“2026 yilgi Navro'z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori (82-son, 06.03.2026 y.) qabul qilindi.

Qaror bilan 2026 yilgi Navro'z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish bo'yicha tashkiliy qo'mita (Tashkiliy qo'mita) tarkibi tasdiqlandi.

Qarorga ko'ra, Navro'z bayramini munosib nishonlash bo'yicha “Navro'zni ulug'lash – insonni ulug'lashdir!” degan ezgu g'oyani o'zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, madaniy-ma'naviy hamda targ'ibot tadbirlari dasturi tasdiqlanadi va uning amalga oshirilishi ta'minlanadi.

Bundan tashqari, qaror Navro'z ayyomini xalqimizning birdamligi, millatlararo totuvlik va hamjihatlikni namoyon etadigan umummilliy bayram sifatida yanada keng nishonlash, shahar va qishloqlarni obodonlashtirish, atrof-muhitni asrash, xayriya va saxovat ishlarini kengaytirish kabi ezgu tashabbuslarni amalga oshirish uchun mustahkam tashkiliy asos yaratib beradi.

2026 yilgi Navro'zning yana bir muhim jihati — uning Ramazon hayiti bayrami bilan uyg'un davrga to'g'ri kelayotgani. Shu munosabat bilan qarorda insonparvarlik, mehr-oqibat va saxovat kabi qadriyatlarni yanada kuchaytirishga qaratilgan tadbirlarga keng o'rin berilgan. Ayniqsa, keksa avlod vakillarini, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylarini e'zozlash, “Mehribonlik”, “Saxovat” va “Muruvvat” uylaridagi insonlar holidan xabar olish, ehtiyojmand oilalarga ko'mak berish kabi xayrli ishlar tashkil etiladi.

Navro'z bayrami arafasida yurtimizda obodonlashtirish va ko'kalamzorlashtirish ishlari ham keng ko'lamda amalga oshiriladi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Men ham ko'chat ekaman” aksiyalari,  umumxalq hasharlari tashkil etiladi.

Shuningdek, bayram tadbirlari doirasida hunarmandchilik ko'rgazmalari, milliy sport musobaqalari, kitob yarmarkalari, qishloq xo'jaligi mahsulotlari savdolari va ko'klam taomlari festivallari o'tkazilishi rejalashtirilgan.

Qarorda millatlararo do'stlik va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash masalasi ham alohida ta'kidlangan. Yurtimizda istiqomat qilayotgan turli millat va elatlar vakillarining milliy urf-odat va an'analari namoyish etiladigan tadbirlar Navro'zning bag'rikenglik ruhini yanada yorqin ifoda etadi.

Poytaxtimizdagi “Yangi O'zbekiston” majmuasida tashkil etiladigan xalq sayillari va teatrlashtirilgan konsert dasturlari bayramning eng yorqin madaniy tadbirlaridan biri bo'lishi kutilmoqda.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan