Xalqimizda “Asalning ham ozi shirin” degan gap bor. Har bir ne'mat iste'moli yoki urf-odat me'yor chegarasidan o'tganda, u isrof yoxud noodatiy hol, ya'ni illatga aylanadi, albatta. Azaliy qadriyatlardan hisoblangan to'y mrosimlari xususida ham shunday deyish mumkin. Taassufki, keyingi vaqtlarda to'ylarimizda ortiqcha dabdababozlik, isrofgarchilik holatlariga yo'l qo'yish deyarli odat tusiga kirdi. Shuning uchun ham bugun ushbu urf-odatlarimizni tashkil qilish, o'tkazish jarayonlari davlatimiz tomonidan to'liq nazoratga olinib, ularning amaldagi me'yorlari belgilab berildi. Bulardan maqsad bitta, u ham bo'lsa — maromiylikni ta'minlash. Maromiylik bor joyda esa ortiqcha sarf-xarajatlarning oldi olinib, farovonlik barqaror bo'ladi.

Qoraqalpog'iston Respublikasi Beruniy tumanida bo'lib o'tgan yig'ilishda  shu haqda so'z bordi. Unda to'y-hashamlarni ixchamlashtirish bo'yicha aniq vazifalar ijrosi ko'rib chiqildi. Mamlakatimiz Prezidentining bu boradagi tashabbuslari, amaldagi Farmon va qarorlarining ijrosini ta'minlash yuzasidan 2025 yilning dekabr oyida Beruniy tumani hokimi Ikram Xidirov rahbarligida tumandagi 40 ta mahalla raisi, ulardagi ko'chaboshilar va yana boshqa mas'ullar ishtirokidagi majlisda to'y-hasham va boshqa oilaviy yig'inlarni ixchamlashtirish bo'yicha aniq vazifalar yuzasidan o'zaro kelishib olingan edi. Navbatdagi yig'ilishda ushbu vazifalarning ijrosi muhokama qilinib, to'ydan oldin bo'ladigan qizlar bazmini to'xtatish, to'ylardagi qalin pullarini belgilangan miqdordan oshirmaslik, mehmon chaqirish, to'y sayillarida kortejlarning cheklangan miqdoriga amal qilish, shuningdek, turli sarpo-suruqlar berilishiga yo'l qo'ymaslik bo'yicha aniq to'xtamga kelindi.

Majlisda tuman adliya bo'limi tomonidan to'y-hashamlarni o'tkazish tartib-qoidalariga amal qilmaganlik yoki ularni buzganlik uchun qonuniy tartibda belgilangan jarimalar o'qib eshittirildi.

Ichki ishlar bo'limi boshlig'i tomonidan to'y kortejlaridagi o'zboshimchalik uchun qonunda ko'rsatilgan tartibda jazo muqarrarligi  tushuntirib o'tildi.

Shuningdek, yig'ilishda mahalla raislari va ko'chaboshilarning to'y-hashamlarni ixchamlashtirish borasidagi takliflari tinglandi va bir ovozdan qabul qilindi.

Fazilbek Annasafarov,

“Nuroniy” jamg'armasi Beruniy tumani bo'limi raisi.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan