Sharof Ubaydullayev,
“Nuroniy” jamg'armasi respublika
Boshqaruvi raisining 1-o'rinbosari.
Yurtimizda turli sohalarning rivojlanishida mamlakatimizda yashab istiqomat qilayotgan jonkuyar va fidoyi insonlarning xizmatlari katta, albatta. Ularning ibratli hayoti, samarali mehnat faoliyati yoshlar uchun chin ma'noda ibrat maktabidir.
Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishda, sportchilarni tayyorlash va ularning yuqori natijalarga erishishi yo'lida munosib xizmat qilgan O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan jismoniy madaniyat va sport xodimi, Qoraqalpog'iston Respublikasida xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, Qoraqalpoq davlat universiteti jismoniy madaniyat nazariyasi va metodikasi kafedrasi dotsenti, O'zbekiston sport faxriysi, respublika toifasidagi hakam Kulakov Yuriy Ivanovichni ana shunday zamondoshlarimizdan biri deyish mumkin.
Ko'p yillar davomida ta'lim va sport sohasida samarali faoliyat yuritib, yoshlar tarbiyasiga munosib hissa qo'shgan fidoyi pedagog, tajribali sport tashkilotchisi Kulakov Yuriy Ivanovichning 90 yillik yubileyi munosabati bilan Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida ilmiy-amaliy konferensiya bo'lib o'tdi.
Anjumanda Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi qo'mita raisi Murat Atamuratov, Qoraqalpog'iston Respublikasi sport vaziri Yerkinbay Qutibayev, “Nuroniy” jamg'armasi Qoraqalpog'iston Respublikasi bo'limi boshlig'i Tursinbay Abdijabbarov, universitet professor-o'qituvchilari, sport va ta'lim faxriylari, talaba-yoshlar, ustozning yaqinlari va shogirdlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbir ustozning sport sohasidagi mehnatlari, faoliyati davomida qo'lga kiritgan yutuqlari aks etgan ko'rgazma bilan boshlandi. Tadbirni Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti rektori Berdiyar Jollibekov ochib berdi va olib bordi. Rektor o'z nutqida Kulakov Yuriy Ivanovichning ko'p yillik samarali mehnat yo'li, yosh avlodni har tomonlama barkamol etib tarbiyalashdagi xizmatlari va universitet sport hayotini rivojlantirishdagi o'rnini alohida ta'kidlab o'tdi. 1974 yil Yuriy Ivanovich Kulakovga Qoraqalpog'iston Respublikasida birinchi bo'lib “Voleybol bo'yicha xalqaro toifadagi murabbiy” unvoni berilgan.
Tadbirda Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesining qo'mita raisi Murat Atamuratov Jo'qorg'i Kenges va Vazirlar Kengashi nomidan tabrik so'zini o'qib eshittirdi. “Nuroniy” jamg'armasi Qoraqalpog'iston Respublikasi bo'limi raisi Tursinboy Abdijabbarov Yuriy Ivanovich Kulakovga I darajali “Mehnat faxriysi” ko'krak nishoni va pul mukofotini tantanali ravishda topshirdi.
Qoraqalpog'iston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishda Yuriy Kulakovning alohida o'rni va xizmatlari bor. Shuningdek, u yoshlar orasida sog'lom turmush tarzini targ'ib qilish, diniy ekstremizmning oldini olish, turli ma'naviy-mafkuraviy tahdidlarga qarshi kurashish, sport inshootlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va takomillashtirishda o'zining bilim, tajribasi va fidoyi mehnatlari bilan barchaga namuna bo'lib kelmoqda. Uzoq yillik mehnat faoliyati davomida yoshlarni yetuk kadrlar darajasida tarbiyalashga alohida e'tibor qaratdi. Bugun uning shogirdlari mamlakatimiz madaniyati va sportini yuksaltirish yo'lida munosib xizmat qilib kelishmoqda.
Yuriy Kulakov 1936 yilning 25 fevralida Turkmaniston Respublikasining Kizil Arvat shahrida tug'ilgan. 1959 yil Nizomiy nomidagi TDPUni tamomlab, ish faoliyatini Qoraqalpoq davlat pedagogika institutining jismoniy tarbiya kafedrasida o'qituvchilikdan boshlagan. 1966 yildan institutning jismoniy tarbiya fakulteti dekani lavozimida faoliyatini davom ettirgan.
67 yillik mehnat faoliyati davomida Yuriy Ivanovich Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sport qo'mitasi raisi, Nukus davlat universiteti sport kafedrasi mudiri, universitetning Birlashgan kasaba uyushmasi raisi, tarbiyaviy ishlar bo'yicha prorektori, Qoraqalpoq davlat universiteti jismoniy tarbiya kafedrasi mudiri lavozimlarida ishlagan.
Yuriy Ivanovichning hayoti va faoliyatini, chin ma'noda, yosh avlodga ibrat desak arziydi. U Qoraqalpog'istonda birinchilardan bo'lib, voleybol bo'yicha o'smirlar terma jamoasini tuzgan. Ayni jamoa O'zbekiston maktablari orasida o'tkazilgan musobaqalarda sovrinli o'rinlarni qo'lga kiritgan va 1970-1980 yillarda O'zbekistonning eng kuchli terma jamoasi sifatida dovrug' qozongan. Xususan, 1973 yilda o'tkazilgan O'zbekiston spartakiadasida kumush medalga sazovor bo'lgan.
Shu ma'noda aytish mumkinki, Yuriy Ivanovichning fidoyi mehnatlari tufayli Qoraqalpog'iston Respublikasida o'ziga xos voleybol, basketbol maktabi yaratilgan. Qoraqalpoq davlat universiteti sportchilari mamlakatimiz miqyosida talabalar o'rtasida o'tkazilgan “Universiada” o'yinlarining 2000 yilda Namangan, 2002 yilda Buxoro, 2004 yilda Samarqand, 2007 yilda Toshkent, 2010 yilda Andijon, 2016 yilda Farg'onada bo'lib o'tgan musobaqalarida faol qatnashib 100 ga yaqin medallarni qo'lga kiritishida ham Yuriy Kulakovning alohida xizmatlari bor.
Ustoz voleybol sport turining nazariy jihatlarini asoslab beruvchi risolalar ham yaratgan. Keyingi besh yillikda uning sohaga bag'ishlab o'zbek va qoraqalpoq tillarida chop ettirgan “O'zbekistonda voleybol”, “Qoraqalpog'istonda voleybol” hamda rus tilidagi “Luchshie” singari kitoblari soha sir-asrorlarini o'rganish yo'lidagi o'ziga xos manbalardandir. Shuningdek, Yuriy Ivanovich 1959-1966 yillarda sportning basketbol turi bo'yicha Qoraqalpog'iston terma jamoasi murabbiyi bo'lib ishladi. Shu yillarda jamoa O'zbekiston chempionatida bronza medalni qo'lga kiritdi. 1973 yildan e'tiboran, murabbiylik faoliyatini boshladi. 1959-1972 yillarda Qoraqalpog'iston terma jamoasiga bosh murabbiylik qildi.
Yuriy Kulakovning xizmatlari tufayli Qoraqalpoq davlat pedagogika instituti jamoasi sportning futbol, basketbol va voleybol turlari bo'yicha barqaror ravishda Qoraqalpog'iston chempioni bo'lgan. U murabbiylik qilgan voleybol jamoasi qator yillar davomida O'zbekiston chempionligini qo'lga kiritgan.
Ustozning uzoq yillik fidoyi mehnati, uning samarali natijalari davlatimiz va hukumatimiz tomonidan munosib taqdirlangan. Yuriy Kulakov 1969 yilda “Qoraqalpog'iston Respublikasida xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi”, 1976 yilda “O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan jismoniy madaniyat va sport xodimi” faxriy unvonlari bilan taqdirlangan. 2021 yilda Qoraqalpog'iston Respublikasining “Ardoqli nuroniy” ko'krak nishoni bilan mukofotlangan.
Yuriy Ivanovich Kulakov hozirgi kunda Qoraqalpoq davlat universiteti sport klubi raisi muovini hamda Jismoniy madaniyat nazariyasi va metodikasi kafedrasi dotsenti sifatida faoliyat yuritmoqda. U o'z kasbining mohir ustasi, tajribali ustoz va jonkuyar murabbiy sifatida hamkasblari, jamoatchilik hamda talabalar orasida katta hurmat-e'tiborga ega, shuningdek, namunali oila sohibi, ikki nafar farzandning otasi, yuzlab shogirdlarning tabarruk ustozi.
Bugungi kunda 90 yoshida ham o'zining samarali faoliyati bilan shogirdlariga o'rnak bo'lib kelayotgan Yuriy Ivanovichga: “Hamisha omon bo'lib, bugungidek bardam va tetik holda, yosh avlodga ta'lim-tarbiya berib, asr bilan yuzlashib yuring”, — deya tilak bildiramiz.