Ochilboy o'n farzandini tuproqqa qo'ygan oilaning yakka-yolg'izi bo'lib dunyoga keldi. Dadasi Mo'min aka ham, Barno ona ham uni yeru ko'kka ishonmas, kecha-yu kunduz shugina bolasining umrini tilab, duo qilardilar. Ochilboy bir yarim yoshga yetganda, ikkinchi jahon urushi boshlanib, dadasi — Mo'minjon Islomov frontga ketdi. Urush qurbonsiz bo'larmidi?!
1943 yilda Barno kelin erining Xarkov shahri janglarida halok bo'lgani haqida qoraxat olib, to'rt yoshli Ochilbekni quchoqlab, fashistlarni qarg'ab yig'ladi. “Endi nima bo'ladi? Qanday kun ko'ramiz?” degan adog'i yo'q o'ylar uni dahshatga soldi.
Urush jarohatlarini ko'rmagan, ko'nmagan kim bor ekan?! Barno kelin ham shu Ochilboyga suyanib, bor umidini mana shu yolg'iz yodgoriga boylab, kun ko'ra boshladi. Bolajonisi maktab yoshiga yetganda, dadasining belbog'idan “papka” tikib, chorig'i yirtilsa, barmog'i qonab bo'lsa-da, o'zi bigizlab tikdi. Dalaning og'ir mehnati uchun berilgan tushlikning yarmini durrasiga tugib, bolasiga olib kelib yurdi. U og'ir, qora kunlarni ko'rdi. Ammo kecha-yu kunduz oppoq orzular, oppoq duolar bilan yashadi.
1960 yilda o'g'lini uning o'zi suyib tanlagan Robiyaxonga uylantirib, to'y ko'rdi. Orzulari ushala boshlaganidan quvonib, Yaratganga shukronalar aytdi. Mashoyixlarning “Onaning duolari ijobat bo'ladi” degan hikmati to'g'ri ekan, Robiya kelin Barno onaning kelinigina emas, orzusidagi qiziga aylandi.
Halol, mehnatkash, ilmga intiluvchan Ochilboy 50-60 yillarning voqeasi bo'lgan komsomol yoshlar brigadasini tuzib, qo'riq maydonda makkajo'xori ekib, dehqonchilik boshladi. Qo'riq yerda “Navbahor” nomi bilan yangi qishloq barpo etishga bosh bo'ldi. Bu ovoza Shofirkonu Buxorodan oshib, Toshkentgacha yetib bordi va mamlakat rahbari Sharof Rashidovni ham qiziqtirib qo'ydi. Tengdoshlari bilan makkajo'xoridan yuqori hosil olgan tashabbuskor Ochilboy Mo'minovni qutlab, Navbahorga keldi. U bilan alohida suhbatlashdi, orzularini so'radi. Uni yangi marralar sari ruhlantirib ketdi. Yosh brigadir endi Samarqand qishloq xo'jaligi institutining sirtqi bo'limida tahsil ola boshladi.
Dovrug'li kunlar boshlandi. S'yezdlarga delegat, oliy Kengashga deputat bo'lib saylandi. Moskvadagi katta bir yig'in tanaffusida turli respublikalar yoshlari o'z milliy qo'shiqlarini aytib maqtanishganda, Ochilboy Mo'minov tengdoshlari bilan “Andijon polkasi”ga raqs tushishib, hammani qoyil qoldirishdi. O'zbek yoshlariga qo'shilib, dunyoning birinchi kosmonavti Yuriy Gagarin, Kuba davlati rahbari Fidel Kastro, mamlakatning yana ayrim katta rahbarlarining birga raqs tushgani, ayniqsa, o'zgacha bo'ldi.
Yillar o'taverdi, bolalar bog'chasida tarbiyachi bo'lib ishlab yurgan Robiya kelin to'rt o'g'ilu ikki qizni dunyoga keltirib, qaynonasining bag'rini to'ldirdi. Barno buvi 80 ga kirgunicha ham nevaralarini tengma-teng boqishdi. Bittaginam shuncha bo'ldi deb, duodan tinmadi. Nevara kelin tushirib, nevara qizlarni ham uzatib yayradi.
— Olti farzandimizning bari oliy ma'lumotli, odobli bo'lgani buvisining tarbiyasini olganidan deb o'ylayman, — deya qaynonasini eslaydi Robiya ona. — Qaynonam bilan 26 yil birga yashadik. Nimaiki yaxshilikka erishgan bo'lsak, bari Barno onamiz tufayli. Bugun 18 nevara, 40 nafar evaramiz borligini ko'rganlarida qandoq quvonardilar.
Robiya ona qaynonasi haqida tilidan bol tomib, gapiryapti-yu o'zi ham kelinlari va nevaralariga ibratu o'rnak bo'layotgani haqida indamadi. Ochil boboning esa hamon g'ayrati so'nmagan. Ko'klamda tomorqa tuprog'ini ag'dargisi keladi. Qadrdon tokqaychisini olib, daraxtlariga shakl beradi. Nevaralari tugul Robiya ona ham unga sheriklik qilishini aytmasa ham bo'ladi. Bolalariga “Ishingiz, ijodingiz qaerda ravnaq topsa, elga nafingiz tegsa, o'sha yerda yashang!” deb izn bergan. Bugungi kunda farzandlarning uch nafari Toshkentda, biri Navoiyda, biri Buxoro shahrida yashayapti. Ota-onasiga yonma-yon hamsoya bo'lgan to'ng'ichi Odiljonning o'g'li va kelini bobo-yu buvijon bilan birga katta hovlida qoldi.
Ochil bobo Mo'minov to'qsonga yetay dedi, ammo g'ayrati, ishchanligi o'sha-o'sha. Xotira yozishni, tug'ilgan yurtining tarixini o'rganib, qog'ozga tushirishni yaxshi ko'radi. Tartibli yashashga odatlangan. Umri davomidagi barcha hujjatlar, guvohnoma, faxriy yorliqlar, suratlarni jamlab, uy muzeyi ochib qo'ygani ham shundan… Bugungi kunga qadar Ochil boboning “Men urush yetimiman”, “Osonmas unutmoq sizlarni”, “Umrim lahzalari”, “Paxtachilikda mutaxassis mulohazalari”, “Tabarruk hangomalar”, “Pattaxon tarixi” kabi o'nga yaqin kitobi nashrdan chiqqan.
Robiyaxonimi yonida, o'g'il-qizlardan ko'ngli to'q, ekkan mevali daraxtlari bahorda gullab, kuzda meva berib, nevaralarini quvontirib turibdi. Farzandlar, nabira va abiralar bu ikki nuroniyni sog'intirmay, tez-tez kelib turishadi. Kunda, kun orada dasturxon atrofi gavjum bo'ladi.
“Nuroniy” jamg'armasi Shofirkon tumani bo'limi raisi Botir Olimov Ochil boboni uchrashuvlar, bayram tadbirlariga tez-tez taklif etib turadi. Otaxon ham bunga javoban “Mahalla iftixori”, “Mehnat faxriysi” va yana qator nishonlarini ko'ksiga taqib, o'zi yozgan kitoblardan sovg'a uchun olib, yoshlar huzuriga kirib boradilar.
Xullas, rahmatli Barno buvining yolg'izgina yodgori bugun 88 yoshga yetgan baxti bekam nuroniy boboga aylangan. Biz Ochil boboga ham, Robiya momoga ham umri ziyodalik tilaymiz.
Zamira RO'ZIYEVA,
“Nuroniy” muxbiri.