Andijon viloyatining Izboskan tumanida Nasibaxon Adhamovani barcha yaxshi taniydi. Yoshi 65 da, ammo doim yarashimli libos kiyib, orasta yuradigan, harakatlari chaqqon Nasibaxonimni ko'rganlar unga nari borsa, 50 yosh berishadi.

Nasibaxonning 3 nafar farzandi bor. Lekin  “nevaralari” juda ko'p. Har holda 200-300 emas, 1000 nafardan ham ko'proq. Har kuni bo'lmasayam, hafta — o'n kunda nevaralarining hech yo'qsa, yarmi bilan ko'rishib, ular bilan suhbatdosh bo'ladi. Axir Nasibaxonim “Nuroniy” jamg'armasi Izboskan tumani bo'limiga qarashli “Buvijonlar maktabi”ning rahbari-da.

Ish rejasida tasarrufidagi 48 ta bog'cha va 52 ta maktabdagi bolajonlar bilan turfa yo'nalishlarda tadbirlar o'tkazish belgilangan. Ular bilan bolaga aylanib suhbatlashish, orzu-istaklari bilan qiziqish, alohida iste'dodi borlarni  ko'z ostiga olib, yangi rejalar tuzishga odatlangan. Bog'chadagi nabiralarining ertaklarga munosabati, yashab turgan o'lkasini qay darajada o'rganayotgani, o'zbegimning tuprog'ida  nimalar o'sishi, qaysi daraxtlar mevali, qaysilari manzarali ekanligini bilishi uning rejalariga asos bo'lib kiradi.

Tumandagi 63 ta “mahalla yettiligi”dagi bittadan faol buvijon  “Buvijonlar maktabi”ning a'zolari hisoblanadi. Kunda, kunora qaysidir mahalladagi buvijon tadbirga taklif qiladi. Yoki qaysi biridir yangi taklif, qandaydir masala bilan opa huzuriga keladi. Qarabsizki, yana  nevaralar haqida gap bo'ladi. Kelajagimiz bo'lgan bolajonlarni komil farzandlar etib tarbiyalash rejalari tuziladi.

Izboskan Andijonning eng katta tumani hisoblansa-da, Nasibaxon uning har bir mahallasi, qishlog'ini yaxshi biladi. 1983 yilda olis  Qo'rg'ontepa tumanidan Izboskanga kelin bo'lib tushganidan buyon  tuman xotin-qizlar qo'mitasining  faoli  sifatida doim xalq ichida yurgan, ko'zi pishgan. Kimning xonadonida notinchlik, qaysi bir yosh kelin-kuyov arazlashib yuribdi, qaysi xonadonning bemorlari nimaga muhtoj, kimga qanaqa yordam kerak, barchasidan xabardor. Hammasi ko'z tanish, dil qadrdon odamlar. Ularga ko'mak berib, joniga oro kirishga o'rgangan.

Faollik unga dadasi Xonobod, Qorasuv, Qo'rg'ontepa tuman va shaharlarida tarixchi sifatida tanilgan ustoz  Sultonxon Adhamovdan meros qolgan bo'lsa kerak. Qarangki, turmush o'rtog'i Doniyor Haydarov ham xuddi dadasi kabi faollikni ma'qul ko'radigan, keng dunyoqarashli inson.

— Farzandlarimning dadasi bilan kursdosh bo'lganmiz. U kishida dadamning ko'p fazilatlarini ko'rganim uchun ham sovchilar borganida yo'q demay, Izboskanga kelin bo'lib kelaverganman, — deydi Nasibaxon. — Adashmagan ekanman, o'z oilamda  yetti qizu bir o'g'ilning kenjasi, anchagina  erkatoyi bo'lgan esam-da,  Doniyor aka ko'nglimga qaradilar. Hayotning achchiq-chuchugi, baland-pastini esa qaynonam, hayot faoliyati davomida kutubxonachi-ziyokor  bo'lib ishlagan  Donoxon onamdan, qolaversa, ularning onalari Ibodat buvi Otaqo'ziyevadan o'rgandim. Omadimmi, baxtimmi, yuz bilan yuzlashgan Ibodat buvijon meni boshqa ovsinlarimdan ko'proq yaxshi ko'rardilar. Donoxon qaynonamga, ya'ni qiziga  “Nasiba keliningni yubor, falon yumushim bor-da”, degan xabar kelishi bilanoq  o'zim ham uchib-qo'nib ularning huzuriga borardim. Muallimalik qilib, kitob mutolaasini hayotiy qoidaga aylantirgan, ko'ngli ham, tasavvurlari ham beg'ubor bo'lgan tabarruk yoshdagi buvijon bilan bir soat bo'lsa-da  suhbat qurish — bir dunyo  tafakkurga ega bo'lishdek edi, nazarimda. Kelinlik oilamdagi bu muhit menga  11-o'rta maktabda muallima bo'lganimda ham, tuman matlubot jamiyatidagi nufuzli lavozimda ishlaganimda ham hurmat-e'tibor keltirdi. Kitobga do'st qildi. Hayotga teran qarashga o'rgatdi. Nafaqaga chiqqanimdan keyin ham ishdan uzilmadim.

Nasibaxonni tinglayapmanu, elimizning “Hayotning o'zi dorilfunun” degan hikmatini esladim. Nasibaxonim qaynonalari suyganday, hozir ham chaqqon. Shuning uchun ham tumandagi 2-bolalar bog'chasida  rus tili fani muallimi bo'lgan ayol hamma ishga ulguradi. Jamoatchilik asosida “Buvijonlar maktabi” atrofida birlashgan tumandagi barcha buvijonlarga bosh bo'lish bilan birga,  oliy o'quv dargohida rus tili fanidan talabalarga ustozlik qilayotgan turmush o'rtog'ining fikrdoshi. Shu kunda Moskvada magistraturada o'qiyotgan yurist o'g'li Davronbek, Moskvadagi oliy o'quv dargohida tahsil olayotgan kelini Umidaxonning jonsarak maslahatgo'yi bo'lib, qizlari Nodirabegim va Sitorabegimlarning qaynonasiga  yaxshi kelin, farzandlariga yaxshi ona bo'lib yashashi uchun nasihatu o'gitlarini ayamaydi.

Shu bilan birga mahalladoshlariga o'rnak bo'lib, keng hovlida  tovuq ham boqadi. Bir tovuqqa ham don kerak, ham suv. Yana alohida qarov zarur. Qizlar uzatilgan,  bittagina kelin Moskvada talaba bo'lsa, 50 ta tovuqqa qarashning o'zi bo'ladimi, desangiz, “Qora tovuqning tuxumi dorivor deyishgan-ku, ahli mahallam o'rgangan, iltimos bilan kelib so'rashadi, harna elga asqotyapti,  shu bilan birga tomorqadan unumli foydalaning, oilaviy daromadingiz oshishi uchun izlaning, o'rganing, deb yoshlarga nasihat qilganimizda, mana shu ishlarimiz, tajribalarimizni ham aytsak, o'gitlarimiz ta'sirliroq bo'ladi-da”, — deydi kulib.

Nasibaxonim bilan yaqinda yana telefonlashdim. Quvonib aytishicha,    “Nuroniy” jamg'armasining respublika Boshqaruvi tavsiyasi bilan har  bir viloyatda  faol ish olib borayotgan “Buvijonlar maktabi” rahbarlari qatorida Nasibaxon ham Toshkent viloyati Qibray tumanidagi “Navbahor” sihatgohida dam olib qaytibdi.

— Respublikamizning eng namunali buvijonlari bilan birga dam oldik, salomatligimizni tikladik. Buvijonlar bilan  o'zaro fikr almashdik, yangi rejalar tuzdik. Bu e'tibor va g'amxo'rlik bizga  yangi kuch, yangi g'ayrat  berdi, — deydi u quvonib.

O'z navbatida, biz ham ularga bugungidek bardamlik, omonlik va shijoat tilab qolamiz. Baxtimizga bor bo'ling, fidoyi buvijonlar, deymiz.

Zamira RO'ZIYEVA,

“Nuroniy” muxbiri.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan