Surxondaryo viloyati Sho'rchi tumanida yashaydigan Tojixol momo Bobomurodova joriy yilning 10 yanvar kuni tabarruk 101 yoshni qarshi oldilar. Shu kuni “Nuroniy” jamg'armasining Sho'rchi tumani bo'limi raisi O'rol Cho'tboyev va “Elbayon” mahallasining “Keksalar maslahati” guruhi rahbari A. Ashurovlar onaxonning xonadoniga tashrif buyurdilar.

Ular uchrashuv davomida onaxonga “Nuroniy” jamg'armasi respublika Boshqaruvining tabriknomasi hamda tuhfasini yetkazdilar. Ayni tashrif va e'tibordan onaxonning ko'ngli ko'tarilib, yo'qlovchilarning haqlariga duolar qildilar.

— Bugungidek dorilomon kunlarning qadriga yetish, tinchlikni asrab-avaylash kerak. Qarang, xalqimiz uchun hamma sharoit yetarli, uzoq manzillar yaqin, borar joyingga piyoda bormaysan, ishlayman deganga ish bor, tadbirkorlik qilaman deganga mablag'. Faqat yurakdan chiqarib mehnat qilish kerak, xolos. Prezidentimiz shart-sharoit yaratib beryaptilar, nafaqat yoshlar,  balki biz kabi keksalarni ham unutmay, yo'qlab, ko'ngillarimizni ko'tarib turibdilar, ming bor tashakkur, — dedilar tabarruk onaxon shukronalik bilan.

Bugungi farovon, to'kis hayotni kuzatib turib, onaxon uzoq yillik umri davomida ko'rganlari, boshidan o'tkazgan qiyinchilik damlarini esga oladilar. Onaxon maktabda 4-sinfgacha o'qib, keyin og'ir yillar, urush yillari front ortida mashaqqatli mehnat qilib, g'alabaga o'z hissalarini qo'shganlar. Urushdan keyingi tiklanish davrida ham urush asoratlarini bartaraf qilish, endi oyoqqa turib, tiklanayotgan yurtimiz farovonligi uchun tinimsiz mehnat qilganlar. Uzoq yillar kolxozda ishlab, paxta terimida ilg'or terimchilardan bo'lganlar. Gilam yuvish sexida gilam yuvib, g'isht zavodida g'isht quyib, nimaiki og'ir mehnat bo'lsa, barchasini bajarib, mehnatdan hech qachon bo'yin tovlamaganlar. Hatto, Sho'rchi tumanidagi eng uzun “M-41” yo'l qurilishida ham ishlab, yelkasida tosh tashib, yo'llarning ravon bo'lishiga o'z hissasini qo'shgan inson bu onaxon.

Yigirma yoshida turmush qurgan  Tojixol momo bir o'g'il, bir qiz farzand ko'rganlar. Afsuski, farzandlari juda yosh paytida kasallikdan vafot etgan. Keyinchalik turmush o'rtog'idan ham ayrilgandan so'ng boshqa turmush qurmaganlar. Onaxon bugungi kunda ukasining oilasida, jiyanlari, ularning farzandlari, nevaralari qurshovida, e'zozu e'tiborda umrguzaronlik qilmoqdalar.

So'zlaridan hikmat, yuzlaridan nur yog'ilib turgan sodda va samimiy onaxon bilan suhbatlashgan har bir insonning halol mehnat, bag'rikenglik va shukronalik insonni murodga, e'zozu ehtiromga yetkazishini anglashi shubhasizdir.

Asolat AHMADQULOVA,

“Nuroniy” muxbiri.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan