Rustam SULTONOV,

“Nuroniy” jamg'armasi Xorazm viloyati bo'limi raisi,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan quruvchi,

“El-yurt hurmati” va “Do'stlik” ordenlari sohibi.

Mustaqillikning 35 yilligi arafasida o'tgan davrga nazar tashlash, erishilgan natijalar mohiyatini teran anglash va kelajak maqsadlarini aniq belgilab olish bilan muhim ahamiyat kasb etadi. Zotan, chorak asrdan oshgan ushbu tarixiy davrda milliy davlatchiligimiz asoslari mustahkamlandi, jamiyat va iqtisodiyotning mutlaqo yangi taraqqiyot modeli shakllandi. Eng muhimi, inson qadri va manfaatlarini hamma narsadan ustuvor qo'yish tamoyili davlat siyosatining bosh mezoniga aylandi.

Inson qadrini ulug'lagan konsepsiya

Islohotlarning amaliy natijadorligi, avvalo, mahallalar qiyofasida va odamlarning turmush darajasida namoyon bo'lmoqda. Yangi turar joylar, obod ko'chalar, zamonaviy ta'lim va tibbiyot maskanlari, sport inshootlari hamda kasb-hunar markazlari aholi uchun munosib hayot sharoitini yaratishga xizmat qilyapti.

Ayniqsa, inson kapitaliga yo'naltirilayotgan e'tibor yurt yuksalishining eng muhim omiliga aylandi. Bugun dunyoning yetakchi ilm dargohlarida ta'lim olayotgan, xalqaro ilmiy loyihalar va sport maydonlarida yuqori marralarni zabt etayotgan vatandoshlarimiz  istiqlol bergan imkoniyatlar mevasidir.

So'nggi o'n yillikda yoshlar masalasi davlat siyosatining markaziga qo'yildi. Hech bir o'sib kelayotgan o'g'il-qiz e'tibordan chetda qolmasligi, uyushmagan yoshlarning bandligini ta'minlash, ularni yot g'oyalar ta'siridan asrash hamda aholi orasida milliy mafkura va vatanparvarlik tuyg'usini mustahkamlash ustuvor vazifa sifatida amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari, barcha sohalarda zamonaviy texnologiyalar va raqamlashtirish jarayonlari jadallashmoqda. Texnologik modernizatsiyadan ko'zlangan asosiy maqsad — inson mehnatini yengillashtirish, resurslardan oqilona foydalanish va boshqaruv sifatini yangi bosqichga olib chiqishdan iboratdir.

Gulistonga aylanayotgan voha

Istiqlolning so'nggi dekadasidagi eng yirik evrilishlardan biri — hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy va turizm salohiyatini oshirishda namoyon bo'ldi. Ilgari foydalanilmay yotgan yerlarning qayta o'zlashtirilishi agroturizm va qishloq xo'jaligi uchun yangi imkoniyatlar ochdi.

Buning amaliy ifodasini Xorazm viloyati misolida yaqqol ko'rish mumkin. Joriy yilning dastlabki yarim yilligida viloyatga jami 8 million 600 ming nafar (shundan 1 million 770 ming nafari xorijiy) sayyoh tashrif buyurib, oqim o'tgan yilga nisbatan 1,8 barobarga oshdi. Turizm xizmatlari eksporti 881 million dollarni tashkil etdi.

Agrar sohada ham sezilarli yutuqlarga erishilmoqda. Qishloq xo'jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 104,4 foizga bajarildi. G'allachilikda hosildorlik 94 sentnerdan 100 sentnerga yetkazilib, 33 ming 200 gektar maydondan 332 ming tonna don yig'ib olindi (55 ming tonnasi davlat zaxirasiga topshirildi).

Hududiy sanoatni rivojlantirishda zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari muhim o'rin tutmoqda. Urganch tumanidagi qiymati 11 million dollarlik “Tillo domor” korxonasi bunga yorqin misoldir. Bolgariya texnologiyasi asosida kuniga 70 dan ortiq turdagi sut mahsulotlari chiqarayotgan bu majmua 100 dan ziyod fermer va aholidan xomashyo sotib olib, barqaror bozor yaratgan. Majmuada 120 ta ish o'rni yaratilgan va 100 kilovattlik quyosh panellari o'rnatilgan. Kelgusida yana 100 ta yangi ish o'rni tashkil etish rejalashtirilgan.

Xalq bilan hamnafas islohotlar

Infratuzilmani modernizatsiya qilish bo'yicha ko'rilayotgan chora-tadbirlar aholi farovonligini bevosita oshirmoqda. Xorazmda joriy yilning birinchi yarim yilligida 1900 xonadonli 47 ta ko'p qavatli uy foydalanishga topshirildi. 76 milliard so'm mablag' hisobiga 117 kilometr ichimlik va 19 kilometr oqova suv tarmoqlari qurilib, ichimlik suvi bilan ta'minlanganlik darajasi 91,8 foizga yetkazildi. “Yangi O'zbekiston” massivlarida 7,5 ming xonadonli 287 ta uy-joy barpo etilib, 35 mingdan ortiq aholi shinam xonadonlar bilan ta'minlandi.

Shu bilan birga, davlat boshqaruvidagi ochiqlik siyosati xalq va davlat o'rtasida mustahkam muloqot ko'prigini o'rnatdi. Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan do'stona qo'shnichilik munosabatlarining mustahkamlanishi va ochiq investitsiyaviy muhit mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirmoqda.

Nuroniylar — jamiyat tayanchi

 Islohotlarning hayotiyligi, eng avvalo, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarga ko'rsatilayotgan manzilli ko'makda aks etmoqda. “Kambag'allikdan — farovonlik sari” dasturi doirasida viloyat mahallalariga 1593 nafar faol nuroniy 7965 ta oilaga biriktirildi.

Hozirgacha nuroniylarimiz tashabbusi bilan kambag'al oila farzandlariga 4705 ta stol, 7104 ta stul, 6162 ta sport kiyimi va 3491 ta o'quv qurollari yetkazib berildi.

“Bir nuroniy — o'n yoshga mas'ul” tamoyili bo'yicha 550 nafar keksa avlod vakili 5500 nafar ishsiz va muammoli yoshlarga biriktirildi. O'tkazilgan 595 ta targ'ibot va amaliy tadbirlar natijasida 204 nafar yosh doimiy ishga joylashtirildi, 163 nafari kasb-hunarga yo'naltirildi, 27 nafari profilaktik hisobdan chiqarildi va 879 nafarining ijtimoiy-maishiy muammolari hal etildi.

Keksalarni e'zozlash, ularning salomatligini muhofaza qilish, turizm va sport tadbirlariga jalb etish orqali jamiyatda ma'naviy muhit barqarorligi ta'minlanmoqda.

Istiqbolni barpo etish o'z qo'limizda

 Bugun mustaqillik ne'matining qadr-qimmatini yurtimizda yashayotgan har bir inson — tadbirkoru dehqon, o'qituvchiyu shifokor, muhandis va nuroniylar o'z hayotida chuqur his etmoqda. Istiqlolning eng katta yutug'i — fuqarolarimizdagi ogohlik, daxldorlik va ertangi kunga bo'lgan mustahkam ishonchdir.

35 yillik tarixiy yo'limizda erishgan yutuqlarimiz — barchamizniki. Biroq oldimizda turgan vazifalar har birimizdan yanada yuqori mas'uliyat, fidoyilik va hamjihatlik bilan ishlashni talab etadi. Zotan, yurtimiz kelajagi va 40 millionga yaqinlashayotgan xalqimiz farovonligi yagona maqsad atrofida jipslashishimizga bog'liq.

Yuqoridagi kabi amaliy sa'y-harakatlarda zarracha bo'lsa-da, hissamiz borligidan, Prezidentimiz ulkan ishonch bildirgan  faol nuroniylar safida turib, el-yurtimiz manfaatlari yo'lida mehnat qilayotganligimizdan boshimiz ko'kka yetmoqda. To'yga to'yona deganlaridek, kamtarona xizmatlarim davlatimiz tomonidan yuksak qadrlanib, “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlanganim nafaqat meni, butun jamoamizni mamnun etdi. Ushbu e'tiborni nafaqat o'zim, balki barcha xorazmlik nuroniylarning faoliyatiga berilgan ulkan baho deb bilaman. O'z navbatida, ushbu yuksak  ishonchni oqlash uchun xalqimiz farovonligi, yoshlarimizning baxtli-saodatli hayot kechirishlari yo'lida olib borilayotgan hayotbaxsh islohotlarga hamisha kamarbasta bo'lamiz.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan