Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi tantanalariga tayyorgarlik shukuhi bugungi kunda mamlakatimizning barcha hududlarini qamrab olgan. Har bir yurtdoshimiz qalbi shukronalikka to'la. Davralarda yurtimizning bugungi obod va zamonaviy qiyofasi, xalqimiz hayotidagi yangilanishlar e'tirofiga shohid bo'lyapmiz.
“Nuroniy” jamg'armasi Namangan viloyati bo'limi tashabbusi bilan Kosonsoy tumanidagi “Istiqlol” tantanalar majmuasida tashkil etilgan “Otalar choyxonasi” ma'rifiy tadbirida ham istiqlol yillarida yurtimizda erishilgan yutuqlar, ayniqsa so'nggi o'n yillikdagi yangilanishlar, obodlik va bunyodkorliklar alohida ta'kidlab o'tildi.
Inson e'zoz va e'tiborni his etib tursa, yosharib, g'ayratli bo'lib boraveradi. Bugungi kunda nuroniylarni qo'llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi o'rni va nufuzini yanada oshirish, boy hayotiy tajribasidan yoshlar tarbiyasida samarali foydalanishga alohida e'tibor qaratilayotgani yoshi ulug', piru badavlat otaxon va onaxonlarimizni jamiyatning chin ma'nodagi faollariga aylantirdi.
Xalqimizda “Bir piyola choy ustida” degan lutfning tagzaminida samimiy suhbat va bir umrlik hayot sabog'i deb atalgan haqiqat mujassam desak, aslo xato qilmagan bo'lamiz. “Otalar choyxonasi” ma'naviy-ma'rifiy tadbirida faol nuroniylar, oqsoqollar, mehnat faxriylari hamda yoshlar bir davrada jam bo'lib, inson qadrini ulug'lash, oilaviy munosabatlarni mustahkamlash, yosh avlodni barkamol insonlar etib tarbiyalash masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Suhbat davomida nuroniylar o'zlarining boy hayotiy tajribalari, mehnat faoliyati va hayot saboqlari bilan o'rtoqlashib, yoshlarga qimmatli tavsiya va maslahatlar berdilar.
Ayniqsa, yoshlarni halol mehnatga o'rgatish, Vatanga sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, vaqtni qadrlash hamda ezgu maqsadlar sari intilish kabi muhim hayotiy mezonlarga alohida urg'u berildi.
Davrada jarang sochgan dilrabo kuy-qo'shiqlar, dilbar raqslar tadbir ishtirokchilariga o'zgacha zavqu shavq ulashdi.
Abdurashid Boltaboyev,
Namangan viloyati.