Oq ro'moli o'ziga yarashgan, nigohlaridan mehr yog'ilib turgan o'rta bo'yli onaxon darvozadan chiqib, mahalla ichkarisiga qarab odimlaydi. Uning har bir qadamida xayrli bir maqsad mujassam: balki qaysidir mahalladoshining chigal muammosini hal etishga oshiqayotgandir, balki qo'shni xonadondagi to'y xarajatlarini me'yorga solishga yoki arazlab ota uyiga kelib qolgan kelinni oilasi bag'riga qaytarishga shoshilayotgandir…
Nima bo'lganda ham, bu ona bekordan-bekor yo'lga chiqmaydi. Gap Farg'ona viloyati Qo'shtepa tumani “Nuroniylar” jamoatchilik kengashi a'zosi, tumandagi “Qumtepa” mahallasi “Buvijonlar maktabi” guruhi rahbari Mo''tabarxon aya Yusupova haqida bormoqda. Sakson yoshni qarshilagan hoji ona hamon jonkuyar va fidoyi.
Onaxonni yaqindan taniganlar uning Farg'ona davlat institutida tahsil olgan talabalik yillarida ham, rus tili o'qituvchisi bo'lib ishlagan mehnat jamoasida ham aynan shunday faol bo'lganini eslashadi. Mo''tabar onadagi bu olijanob fazilatlar, avvalo, Quvasoydagi oilaviy muhitda shakllangan. Keyinchalik Qo'shtepaning el tanigan mehnatkash brigadiri Halimaxon Mirzaqandovaning xonadoniga kelin bo'lib tushgach, bu fazilatlar yanada charxlandi. Turmush o'rtog'i — Marg'ilon pedagogika bilim yurtida rus tilidan saboq bergan rahmatli Yorqinbek ota bilan kechirgan ibratli hayot yo'li, olti qizni voyaga yetkazish mas'uliyati uni faqat o'zini emas, elu yurt manfaatini o'ylab yashashga undadi.
Aynan shu jonkuyarligi sababli uni turli yillarda maktab direktori, jamoa xo'jaligi raisi o'rinbosari, qishloq kengashi raisi hamda tuman xotin-qizlar qo'mitasi raisi — hokim o'rinbosari kabi mas'uliyatli lavozimlarga munosib ko'rishdi. Odamlar og'irini yengil qilish, xonadonlarga xotirjamlik ulashish onaxon uchun umr mazmuniga aylandi. Mo''tabar onaning 80 yillik yubileyi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda u bilan yelkama-elka mehnat qilgan qadrdonlari yig'ildi. Tumanning sobiq hokimi Mo'ydinxo'ja Ahmadxo'jayev, rayijroqo'm mas'ul kotibi bo'lgan Isroiljon Ismoilov, jamoa xo'jaligi raisi Karomatxon Ummatqulova, xalq ta'limi bo'limining sobiq mudiri Yusufjon Roziqov hamda “Nuroniy” jamg'armasi tuman bo'limi raisi Sidiqjon Yo'ldoshev onaxon faoliyati va samimiyligi haqida to'lqinlanib so'zladilar.
— Ajrashish yoqasida turgan oilalarni yarashtirishda Mo''tabar opaning tajribasiga tan berasiz, — deydi Isroiljon Ismoilov. — Buni qarangki, arazlashgan er-xotin haqiqatan ham, murosaga kelganiga ishonch hosil qilish uchun kelinni qaytarib olib borgan xonadonda tunab qolgan kunlari ham bo'lgan. Bunday fidoyilikni har kimda ham uchratavermaysiz.
Mustaqillikning ilk yillarida viloyat hokimining qaroriga ko'ra, milliy qadriyat va an'analarimizni targ'ib qilishga bag'ishlangan ko'rik-tanlov o'tkazildi. O'sha paytda tuman hokimi o'rinbosari bo'lib ishlayotgan Mo''tabar opa boshchiligida Qo'shtepa tumanining “Mehrigiyo” jamoasi 19 ta shahar va tuman jamoalari orasida g'olib chiqib, mustaqilligimizning ikki yilligi tantanalarida poytaxtdagi nufuzli sahnaga chiqish imkoniyatini qo'lga kiritadi. Tanlov shartiga ko'ra, sahnada o'zbekona to'y marosimi namoyish etilishi kerak edi. Opa rahbarligida “Mehrigiyo” jamoasining poytaxtdagi markaziy sahnada Prezident va davlat mehmonlari oldidagi chiqishi katta muvaffaqiyat bilan o'tadi.
Farg'onaga qaytishgach, ushbu sahnada ishtirok etgan kelin-kuyovlar Adhamjon va Mo''tabar opaning qizi Lolaxonning tantanali to'y marosimi o'tkaziladi. Bugun muallima Lolaxon va tadbirkor Adhamjonlarning oilasi qishloqdagi eng namunali va farovon xonadonlardan biri. Ular uch farzandni voyaga yetkazib, el-yurt ichida hurmat topishdi. Mo''tabar onaning qolgan farzandlari — Irodaxon, Umidaxon, Ra'noxon, Shavkatxon va Malikaxonlar ham tarbiyachi, hamshira, ish yurituvchi hamda tadbirkor sifatida el xizmatida. Ular oila atalmish sulola maktabini sharaf bilan o'tab, farzandlariga munosib tarbiya berishmoqda. Bugungi kunda Mo''tabar ona 15 nafar nabiraning suyukli va jonkuyar buvijoni.
— Men jamiyatga kerakligimni his qilib yashashni istayman, — deydi Mo''tabarxon hoji ona qutlug' yoshi nishonlangan davrada. — Ta'lim va tarbiya bergan shogirdlarim, oilasini tiklab bergan hamqishloqlarim uchrashib qolganda qilgan yaxshiliklarimizni eslashsa, xuddi qayta tug'ilganday bo'laman.
Ha, yaxshilikka intilgan qalb hech qachon qarimaydi. Sakson yoshni qarshilagan Mo''tabar onaning ham har bir kuni manfaatli va xayrli amallar bilan bezanmoqda.
Xadichaxon KARIMOVA,
Farg'ona viloyati.