Qoraqalpog'iston Respublikasi, Navoiy, Qashqadaryo, Farg'ona va Xorazm viloyatlarida “Mehnat faxriysi” ko'krak nishoni sohiblari taqdirlandi

Xabar berib borganimizdek, mamlakatimiz bo'ylab uzoq yillar davomida ta'lim, tibbiyot, qurilish va qishloq xo'jaligi kabi xalq xo'jaligining turli sohalarida fidokorona mehnat qilgan tabarruk nuroniylarimizga “Mehnat faxriysi” ko'krak nishonini topshirish marosimlari tashkil etib kelinmoqda.

Bir piyola choy ustida, samimiy muhitda kechayotgan bu uchrashuvlar nafaqat nuroniylarimizga yuksak ehtirom ko'rsatish, balki avlodlar o'rtasidagi ma'naviy rishtalarni mustahkamlashga xizmat qilyapti. Shu bilan birga, jamiyat yuksalishi yo'lida faol qatnashayotgan otaxon va onaxonlarimizga yangicha shijoat va g'ayrat bag'ishlayotgani ham ayni haqiqat.

Qoraqalpog'iston: TARIX,  bugun va kelajakni birlashtirgan qadriyat

Nukus shahri ko'rkiga ko'rk qo'shgan muhtasham “Oq qush” majmuasida o'zgacha fayz, tantana va ehtirom shukuhi kezdi. Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi, “Nuroniy” jamg'armasi respublika Boshqaruvi hamda jamg'armaning Qoraqalpog'iston Respublikasi bo'limi hamkorligida tashkil etilgan “Uch avlod uchrashuvi” tarixiy xotira, bugungi taraqqiyot va porloq kelajakni bir nuqtada birlashtirdi.

Tadbirni kirish so'zi bilan ochgan Jo'qorg'i Kenges raisi Amanbay O'rinbayev yurtimiz ravnaqi, el-yurtimiz tinchligi va farovonligi yo'lida fidokorona mehnat qilgan, bugungi osoyishta va dorilomon kunlarimizning mustahkam poydevorini yaratgan keksa avlod vakillariga chuqur minnatdorlik bildirdi.

Shuningdek, o'z sohasida mahorat maktabini yaratib, yosh avlodga namuna bo'layotgan bir guruh faxriylarning faoliyatiga alohida to'xtaldi.

Tadbirda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Orolbo'yi mintaqasini barqaror rivojlantirish masalalari bo'yicha maslahatchisi Tursinxan Xudaybergenov, “Nuroniy” jamg'armasi respublika Boshqaruvi raisi, O'zbekiston Qahramoni, senator Sodiqjon Turdiyev hamda jamg'armaning Qoraqalpog'iston Respublikasi bo'limi raisi Tursinbay Abdijabbarov so'zga chiqib, yurtimizda oliy qadriyat darajasiga ko'tarilgan inson qadrini ulug'lash va avlodlar o'rtasidagi ma'naviy ko'prikni mustahkamlashga oid fikrlarini bildirishdi.

Suhbat davomida nuroniylarning bosib o'tgan mashaqqatli hayot yo'li, erishgan yutuqlari va to'plagan donishmandlik xazinasi bugungi yosh avlod uchun g'oyat muhim vosita ekanligiga alohida urg'u berildi. Bu,  albatta, yigit-qizlarni yuksak marralarni zabt etishga ruhlantiradi, ular qalbida vatanparvarlik, milliy qadriyatlarga sodiqlik va fidoyilik tuyg'ularini mustahkamlaydi.

Tadbir “Mehnat faxriysi” ko'krak nishoni bilan taqdirlash marosimiga ulandi. Ko'p yillar davomida yurtimiz taraqqiyotiga salmoqli hissa qo'shgan, mahallalarda tinchlik-totuvlik va mehr-oqibat muhitini mustahkamlashda barchaga o'rnak bo'layotgan bir qator nuroniylarga “Mehnat faxriysi” ko'krak nishoni hamda tashkilotchilarning esdalik sovg'alari tantanali ravishda topshirildi.

Marosim yakunida el suygan san'at ustalari va umidli yosh ijrochilar tomonidan tayyorlangan katta konsert dasturi namoyish etildi.

Qashqadaryo: Mehnat qilgan — elda aziz 

Shu kunlarda mamlakatimiz miqyosida eng ulug', eng aziz bayram tadbirlari qizg'in tus olmoqda. Vatan ravnaqi yo'lida fidokorona xizmat qilgan, jamiyat rivojiga munosib hissa qo'shgan yurtdoshlarimizni e'zozlash va rag'batlantirish ushbu bayramona tadbirlarning bosh g'oyasiga aylangan.

Qashqadaryo viloyatida nuroniylarning el-yurt manfaatlari yo'lidagi fidoyi xizmatlari e'tirof etildi.

Jumladan, Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridagi “Baxtli oila” anjumanlar saroyida qashqadaryolik bir guruh nuroniylarni taqdirlashga bag'ishlangan tantanali marosim va “Uch avlod uchrashuvi” bo'lib o'tdi.

Tadbirda “Nuroniy” jamg'armasi respublika Boshqaruvi raisining birinchi o'rinbosari Sharof Ubaydullayev hamda Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov mukofotlanganlarni qutlab, ularning ijtimoiy hayotdagi va yoshlar tarbiyasidagi faol ishtirokini alohida qayd etishdi.

Ma'lumot o'rnida aytganda, ushbu nufuzli e'tirofga bu yil viloyatning 50 nafar faol nuroniysi sazovor bo'ldi. Ulardan 26 nafari I darajali, 24 nafari II darajali “Mehnat faxriysi” ko'krak nishoniga loyiq ko'rildi.

Marosim davomida keksa avlod vakillariga ko'rsatilayotgan g'amxo'rlik va yaratilayotgan sharoitlar yuzasidan fikr almashildi.

— Bugungi tezkor zamonda iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish bilan bir qatorda, jamiyatda ma'naviy-ma'rifiy muhitni yuksaltirish eng muhim vazifaga aylanmoqda, — deydi Shahrisabz tumanidagi “Yangiobod” mahallasida yashovchi Orif Mahmudov.  — Chunki moddiy taraqqiyot o'z yo'liga, lekin yoshlarimizni turli yot g'oyalar, beparvolik va boqimandalik kayfiyatidan asrab qolish — hammamizning burchimiz. II darajali “Mehnat faxriysi” ko'krak nishoniga loyiq ko'rilganimni eshitganimda, avvalo, ana shu mas'uliyatni yanada chuqurroq his qildim.

Tadbir yakunida faol nuroniylar va yoshlarga esdalik sovg'alari topshirildi.

Navoiy: Qadri baland keksalar hamisha e'zozda

Navoiylik nuroniylar e'tibordan minnatdor.

Shuningdek, tantanali taqdirlash tadbirlari Navoiy viloyatining Karmana tumanida joylashgan “Oqsaroy” majmuasida ham davom etdi. Bir guruh faxriylarga “Mehnat faxriysi” ko'krak nishonlarini topshirish marosimi o'tkazildi. So'z olganlar mamlakatimizda keksa avlod vakillarining jamiyatdagi o'rnini mustahkamlash, ularni rag'batlantirish borasida olib borilayotgan ishlar xususida to'xtalishdi.

Turli sohalarda uzoq yillar samarali faoliyat yuritgan, davlat va jamiyat rivojiga hissa qo'shgan fuqarolarning xizmatlari davlat tomonidan qadrlanayotgani ta'kidlandi. Viloyat hokimligi va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida o'tgan tadbirda  “Nuroniy” jamg'armasi raisining birinchi o'rinbosari Sharof Ubaydullayev so'zga chiqib, nuroniylarning jamiyatdagi tinchlik-totuvlik va barqarorlikni ta'minlashdagi rolini yuqori baholadi.

— Insonning ko'p yillik halol mehnati davlat tomonidan qadrlanishi har bir faxriy uchun katta sharaf va mas'uliyatdir, — deydi “Mehnat faxriysi” ko'krak nishoni sohibi Xudoyberdi Navro'zov. — Bugun yurtimizda keksa avlodga ko'rsatilayotgan yuksak hurmat va e'tiborni har birimiz o'z hayotimizda his qilib turibmiz. Bu esa biz, nuroniylarni yanada faol bo'lishga, yoshlarga o'z bilim va tajribamizni ulashishga undaydi. Yoshlarga aytar gapim: Vatan taraqqiyotining eng mustahkam poydevori  halol mehnat, ilm va yurtga sadoqat asosiga quriladi. Shu qadriyatlarga sodiq bo'lsak, mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo'sha olamiz.

Albatta, bu kabi e'tibor va rag'bat keksa avlod vakillarining jamiyat hayotidagi nufuzini yanada oshirish, ularning boy tajribasidan samarali foydalanish hamda yurt tinchligini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Farg'ona:  Sovrindorlar ehtiromdan mamnun

Insonning yillar davomida to'plagan boy hayotiy tajribasi va halol mehnati hech bir boylik bilan o'lchab bo'lmaydigan eng katta ma'naviy xazinadir. Ayniqsa, bugungidek tezkor va murakkab zamonda hayotning achchiq-chuchugini tatigan, bosib o'tgan yo'li bilan yoshlarga ibrat bo'la oladigan tabarruk nuroniylarimizga suyanish, ularning o'git va maslahatlariga quloq tutish jamiyat muvozanatini va ma'naviy barqarorligini saqlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu bois, keksa avlod vakillariga ehtirom ko'rsatish, mehnatini munosib e'tirof etish mamlakatimizda xayrli va bardavom an'anaga aylandi. Shu kabi ezgu va ko'tarinki tadbirlardan biri Farg'ona shahridagi «Wine Garden» majmuasida bo'lib o'tdi va ko'p yillik halol va fidokorona mehnati, jamiyat taraqqiyotiga qo'shgan munosib hissasi bilan el-yurt hurmatini qozongan faxriylarga “Mehnat faxriysi” ko'krak nishonlari tantanali topshirildi.

Bayramona ruhda tashkil etilgan marosimda viloyat hokimi o'rinbosari Xurshidjon Ahmedov, “Nuroniy” jamg'armasi respublika Boshqaruvi raisining birinchi  o'rinbosari Sharof Ubaydullayev, jamg'armaning viloyat bo'limi raisi Zokirjon Rahmonov, keng jamoatchilik vakillari hamda turli sohalarda samarali mehnat qilganlar jam bo'lishdi.

Tantanali marosimda viloyat hokimi o'rinbosari Xurshidjon Ahmedov Farg'ona viloyati hokimining nuroniylarga yo'llagan tabrigini o'qib eshittirdi. Unda keksa avlod vakillarini har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ularning boy hayotiy tajribasini o'rganish, ustuvor vazifalardan biri ekani alohida ta'kidlandi.

Bugun Farg'ona viloyatida 442 mingga yaqin tabarruk nuroniy istiqomat qilmoqda. Ular orasida Ikkinchi jahon urushining 5 nafar qatnashchisi va ularga tenglashtirilgan faxriylar, 310 nafar frontorti mehnatkashi hamda asr bilan tenglashgan — 100 yoshdan oshgan 49 nafar tabarruk keksalarimiz borligi diqqatga sazovordir.

Tadbirda yurtimizdagi tinchlik, dorilomonlik va keksalarimizga yaratilayotgan munosib turmush sharoitlari bu boradagi amaliy e'tibor natijasi ekani qayd etildi.

San'atkorlarning, ayniqsa, el suygan san'atkor Dadaxon Hasanovning diltortar qo'shiqlari tantanali tadbirga o'zgacha fayz bag'ishladi.

Xorazm: E'tirof nuroniylarga shijoat bag'ishladi

Xorazm viloyati hokimi Jo'rabek Rahimov bir guruh nuroniylarga “Mehnat faxriysi” ko'krak nishonlarini tantanali topshirdi.

Vohada o'tkazilgan “Mehnat faxriysi” ko'krak nishoni topshirish marosimida 56 nafar nuroniy taqdirlandi. Viloyat hokimligida o'zining boy hayotiy tajribasi, halol mehnati va qimmatli maslahatlari bilan jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo'shib kelayotganlarning mehnati, jamiyatda tutgan o'rni e'tirof etildi. Tadbirda viloyat hokimi Jo'rabek Rahimov ishtirok etib, ko'krak nishonini o'z egalariga taqdim etdi.

— Nuroniylarimiz bizning oltin fondimiz ekanliklarini qayta-qayta takrorlashdan charchamaymiz. Ularning boy tajribalaridan mahallalarimizni obodonlashtirishda, yosh avlodni to'g'ri yo'lga boshqarish, oilalar mustahkamligini ta'minlashda keng foydalanamiz. O'rni kelganda esa mehnatlarini e'tirof etishni ham unutmaymiz. Har bir chin ko'ngildan qilingan mehnat, albatta, e'tirofga loyiq ekanligini ta'kidlaganimiz holda, bugungi “Mehnat faxriysi” medalini topshirar ekanmiz, bu ularga yanada kuch-g'ayrat bag'ishlashiga aminmiz, — dedi viloyat hokimi Jo'rabek Rahimov o'z so'zida.

Ta'kidlanganidek, ushbu ko'krak nishoni ko'p yillar davomida turli sohalarda halol va samarali mehnat qilgan, bugungi kunda ham o'zining hayotiy tajribasi bilan yoshlarga o'rnak bo'lib kelayotgan nafaqa yoshidagi fuqarolarni munosib e'tirof etish maqsadida ta'sis etilgan.

Shuningdek, farzandlarini Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalab, jamiyatda katta obro'-e'tibor qozongan fidoyi onalar ham ayni yuksak e'tirofga sazovor bo'ldilar.

— Ushbu nufuzli ko'krak nishoniga loyiq ko'rilganimdan boshim ko'kka yetdi, — deydi Husan Otajonov. — Garchi nafaqada bo'lsak-da, mahallamiz obodligi va oilalar farovonligi yo'lida natija uchun harakat qilyapmiz. Bilganlarimizni, boy hayot va mehnat tajribamizni yoshlarga o'rgatayotganimizdan mamnunmiz. Keksayganda ham jamiyatga kerakligingni his qilib yashash, mehnating qadrlanib, e'zoz topishing o'zgacha kuch va shijoat bag'ishlar ekan. Buning uchun Yurtboshimizga minnatdorlik bildiraman.

Marosim davomida taqdirlangan nuroniylarga samimiy tabriklar yo'llanib, ularning mamlakat taraqqiyoti va jamiyat ravnaqiga qo'shgan munosib hissasi alohida e'tirof etildi. Tadbir ko'tarinki ruhda o'tib, ishtirokchilar uchun unutilmas onlarga boy bo'ldi.

Ko'rsatilayotgan doimiy e'tibor va yaratilgan imkoniyatlar yuzasidan faxriylar o'z fikrlarini bildirib, el-yurt tinchligi, Vatan yuksalishini so'rab, duoga qo'l ochdilar.

Ilhomjon Abdusalomov,

Shavkat SULTONOV.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan