Buxoroi sharifning Vobkent tumani Nayman qishlog'idagi “Changaron” mahallasida bir-biriga suyanib, qo'sha qariyotgan taniqli oila bor. Mahallada Rustam Rajabovni fidoyI feldsher, Qursiya onani esa el sevgan muallima sifatida yaxshi bilishadi.
Har ikkisi ham o'ttiz yildan ortiq halol mehnat qilib, nafaqaga chiqqan — biri yoshlarga bilim bergan, biri el sog'lig'ini tiklashda jonbozlik ko'rsatgan. Ammo bugun bu xonadon sohiblarini nafaqat Buxoro viloyati, balki Amerika, Fransiya, Italiya, Malayziya, Daniya, Polsha, Yaponiya va Xitoyda ham hurmat qiladiganlar bor.
Ajablanmang, bu mubolag'a emas. 52 yildan buyon bir yostiqqa bosh qo'yib, ikki qiz va ikki o'g'ilni voyaga yetkazgan, el qatoriga qo'shgan Rustam ota va Qursiya ona keyingi o'n yil ichida haqiqiy xalqaro oila vakillariga aylanishdi. Hammasi bundan o'n yil avval, to'ng'ich o'g'il Dostonbek Rajabov oliy dargohni tamomlab, Buxorodagi “Palmira” mehmonxonasida menenjer bo'lib ish boshlaganidan keyin o'zgarib ketdi. Ko'p o'tmay, uning ukasi Behzodbek ham chet tillar institutini bitirib, ingliz, fransuz, tojik va rus tillari tarjimoni sifatida akasiga yelkadosh bo'ldi.
Keyinchalik Dostonbek ham Amerika va Turkiyadagi malaka oshirish safarlari davomida ingliz va turk tillarini puxta egalladi. Shu tariqa, aka-ukaning turizm sohasidagi tashabbuslariga yo'l ochildi. Buxoroga kelgan sayyohlar, tabiiyki, Vobkentning qadimiy obidalarini ko'rishga ham ishtiyoqmand bo'lishadi. Ammo aka-uka Rajabovlar faqat tarixiy obidalar bilan cheklanib qolmay, xorijliklarga o'zbekning milliy taomlari, xonadon madaniyati, kiyinish va urf-odatlari — asl o'zbekona qadriyatlarni boricha ko'rsatishni maqsad qilishdi. Zero, har bir chet ellik sayyoh mamlakat haqida quruq faktlar emas, balki o'sha xalqning turmush tarzi, oilaviy muhit, o'zbek onalari va kelinlarining ibosi-yu mehmondo'stligi bilan yaqindan tanishgisi keladi.
Shularni o'ylagan Dostonbek va Behzodbek ota-onasi bilan maslahatlashib, xorijlik mehmonlarni o'z uylarida qabul qilishga ahd qilishdi. Bunga asoslar yetarli edi: xonadon bekasi Qursiya ona mehmon kelsa quvonadigan, tandirdan lovullab turgan patirlarni uzib, palov damlaydigan asl pazanda. Bu fazilatlar oilaga kelgan kelinlarga ham singgan. Hovlidagi o'zbekona fayz va tartib xonadon sohiblarining mehnatsevarligidan darak berib turardi.
Niyat xolis ekan, ish tez yurishib ketdi. Vobkentga kelgan xorijlik mehmonlar Rajabovlar xonadoniga ketma-ket tashrif buyura boshlashdi. Yillar o'tib, tajriba ortgach, uyning kattagina bir xonasi muzeyga aylantirildi. Bu mo''jaz muzeydan o'zbek xalqining qadimiy osoriatiqalari, dehqonchilik va ipak qurti boqish madaniyatiga oid noyob eksponatlar joy oldi. Tomorqadagi mo''jazgina issiqxona esa alohida bir dunyo. Bu yerda yashnab turgan limon, mandarin, banan va xurmo daraxtlari o'zbek tuprog'ining nechog'li barakali ekanini ko'rsatib turadi. Hovlidagi 20 tup anor, 15 tup uzum va boshqa sarxil meva daraxtlari mehmonlarni hayratga solmay qo'ymaydi.
O'zbek xonadoni mehmonni hech qachon choysiz kuzatmagan. Katta ayvondagi to'kin dasturxonga tizilgan mayiz, pista va milliy holvalar atrofida jonli suhbatlar boshlanadi. Bu yerda Rustam ota va Qursiya ona — asosiy mezbon, Behzodbek esa tarjimon. Eng qizig'i, sayyohlar shu hovlining orasta kelini Gulzodaxonning tandirdan non uzishi, somsa va manti tugishi, osh damlashini shunchaki tomosha qilishmaydi; o'zlari ham yeng shimarib, jarayonga qo'shilib ketishadi. Savatda non ko'tarib, manti tugib ko'rish xorijliklar uchun sayohat quvonchiga aylanadi.
Qaynona-kelinning non yopayotgan, osh damlayotgan jonli suratlari Germaniyadagi yirik ko'rgazmalardan joy olgani ham bejiz emas. Turkiya davlat televideniesi esa Qursiya ona va uning kelinlari haqida alohida ko'rsatuv tayyorlab, namoyish etdi. Bu — milliy urf-odatlarimizning dunyo miqyosidagi e'tirofidir. Qursiya onaning donishmandligi, oqilaligi va farzand tarbiyasidagi zukkoligi har bir xorijlik mehmonning havasini keltiradi. Onaxonning sayyohlar kelishiga o'zbekona kamzuliga “Mo''tabar ayol” va “Ibratli oila bekasi” ko'krak nishonlarini taqib chiqishi yurtimizda inson qadri, mehnat ahli qanday e'zozlanishini ko'rsatuvchi ramziy ishoradir. Kelinlari Nargizaxon va Gulzodaxon, qizlari Feruzaxon va Madinaxonlarning chaqqonligi, odobi va mehmondo'stligi oiladagi “ustoz — shogird”lik an'anasi hamda o'zbek xonadonining muqaddasligidan darak beradi.
“Nuroniy” jamg'armasi Vobkent tumani bo'limi faollari Rajabovlar oilasini haqli ravishda tumanning faxri, elga ibrat xonadon sifatida e'tirof etishadi. “Mahalla” telekanalining tuman nuroniylariga bag'ishlangan ko'rsatuvi aynan shu fayzli hovlidan suratga olingani ham bejiz emas.
— Doimiy keldi-ketdilar charchatib qo'ymaydimi? — so'rayman xonadon sohiblaridan.
— Charchoq nimasi? Tursunoy Sodiqovaning bir she'rida: “Uch kun mehmon kelmasa, o'zbegimga uyatdir” degan satr bor. Bu bizning qon-qonimizga singib ketgan, — deydi Qursiya ona samimiylik bilan. — Men bu fazilatni rahmatli qaynonamdan o'rganganman, qizlarim va kelinlarimga ham shuni yuqtirganman. Sarishta hovlimiz, barakali bog'imiz va issiqxonamiz kelgan mehmonni hayratlantirsa, ular bizning osh-mantimizdan yeb, xursand bo'lishsa, biz ulardan besh barobar ko'proq yayraymiz. Uyimizga baraka yog'ilayotganini sezamiz.
Zotan, yurtimizda mana shunday fayzli, ibratli va dunyoga o'zbekning asl qiyofasini ko'rsatib turgan tabarruk xonadonlar bor ekan, yurtimizning barakasi, o'zbek xonadonining jozibasi aslo yo'qolmaydi.
Zamira RO'ZIYEVA,
“Nuroniy” muxbiri.