Ikki tabarruk yoş egalari Xorazmning Şovot tumanida istiqomat qiladilar. Ularning ikkovi ham Ikkinçi jahon uruşi davrining bolalari edilar. 1942 yili birinçi sinf muallimi ularni bir partaga ötqizganda, ikkalovi döst bölişgan. Öşanda Saʼdullo sinfdagi qizlarning eng çiroylisi bilan bir partada ötirganidan ğururlanib ham qöygandi.
Rostdan ham, Raʼno jamalak soçlari öziga yaraşgan istarali qizaloq edi. Töqqiz yil birga öqidilar. Saʼdulloning “papka” xaltasida olib kelgan zoğora nonini bölişib yedilar. Saboqdan söng buğdoyi örilgan daladan birgalaşib boşoq terdilar. Ular bir-birlarini eng yaqin döst bilib, yoşlari ulğaygani sari yoqtirib ham qolişdi. Murğak köngillarga muhabbat tuşdi.
Raʼnoni kelinlikka möljallaganlar qişloqda ançagina ekanini bilgan Saʼdullo öninçi sinfni tamomlagandan söng institutga kirişni rejaladi. Köngilda esa muhabbat. Nima qiliş kerak?! Muhabbat kuçliroq çiqdi.
— Töqqiz yil maktabda sinfdoş, partadoş, 71 yildan buyon bir oiladamiz.
— Kelinlikda qiynalmaganmisiz? — söradim Raʼno buvidan.
— Ota-onamning tönğiç qizi bölganim uçun uy yumuşlarini uddalab ketdim, — deydi Raʼnobuvi. — Ammo institutga kiriş uçun hujjat topşiriş imkoni bölmadi. Saʼdullo bobongiz Urganç pedagogika institutida öqidi, bu bilan men juda faxrlanganman. Axir, öşa yili 49 bola maktabni bitirgan bölsa, birgina şu odam institut talabasi bölgan. Dim aʼloçi edi-da. “matematika” desa undan zöri yöq edi.
Saʼdullo otaga “dim zör” degan tavsifni uni bilganlarning bari berişadi. U kişi, haqiqatan ham, eng yaxşi matematik muallim bölgan. Öquvçilarini ham qiziqtira olgan. Şogirdlaridan biri, matematik olim Azimboy Saʼdullayevning Özbekiston Milliy universitetining eng yaxşi mutaxassisi, söngroq Urganç universiteti rektori bölgani, Bahodir Sultonov degan yana bir şogirdining Urganç malaka oşiriş instituti rektori bölib faoliyat körsatgani unga doim faxru iftixor bağişlagan. Bu kabi şogirdlari bayram yoki alohida kunlarda otani yöqlab kelişganida, boladay quvonib ketadi.
Saʼdullo Saparov öz davrida yaxşi muallimgina emas, eng izlanuvçan rahbar ham bölgan. Axir, 42 yil maktabga direktorlik qildi. “Xalq maorifi aʼloçisi” degan şarafli nomga sazovor böldi. U kişi Raʼnogul onaning ham uyda ötirib qolişini istamay, ikkinçi farzandi tuğilgandan keyin pedagogika texnikumiga öqişga kirib, boşlanğiç taʼlim muallimasi bölişi uçun kömaklaşdi.
— Texnikumni boşlanğiç sinf muallimi bölib bitirganimda farzandimiz tört nafarga yetgan edi, — deydi Raʼnogulbuvi. — Şu kunlar esimga tuşsa, rahmatli qaynonam Şarifa onaning mehnatlari, menga yordamlari naqadar katta bölganini eslayman. Duoi fotihada ismlarini aytib, oxiratlariga obodlik tilayman.
Xullas, yetti yoşlarida partadoş, sinfdoş bölib, farzandlari tört nafarga yetgandan boşlab, bir maktabning ikki muallimi bölib, nafaqa yoşiga yetdilar. Bu orada tört öğli, tört qizi voyaga yetib, elga qöşildi. Hammasi ota-ona ibrati tufayli ilmli, hunarli, mehnatkaş böldilar. Öğli Alişerbek Saparovni bugun Şovotda “dim zör tadbirkor” deyişlari şundan. Alişerbek hovlisidan sal narida böş yotgan salkam ikki gektar yerni olma boğiga aylantirdi. Saʼdullo otaning maslahati bilan uşbu boğ yonida maxsus joy hozirlab, önta qoramol, 25 ta qöy, 100 ga yaqin tovuq, şunça kurka va ğozlar boqa boşladi. Söngroq 10 yaşik asalari, kattagina baliq hovuz ham paydo böldi. Uning akalari, uka, opa-singillari ham zarur vaqtda uning tadbirkorligiga kömaklaşadilar. Oilaning ahil va mehnatkaşligi elga maʼlum.
Bundan taşqari, yaşab turgan xonadonlari tomorqasidagi möʼjazgina issiqxonada limon, apelsin, mandarin, xurmo yetiştiradilar. Ön xil mevali daraxt, sabzavotu turfa ekinlar ham özlaridan çiqadi. Soğin sigirning suti kundalik dasturxonlariga qaymoq, qatiq beradi. Umuman, bu xonadonda yemoq-içmoqning bari özlari yetiştirgan ekologik toza, tabiiy mahsulotlar hisoblanadi.
Saʼdullo ota va Raʼnogul buvining umri uzunligi siri, otaxonning to töqson yoşga yetgunça ham mol-qöy qaroviga özi masʼul bölgani, bemalol tomga çiqib öt-xaşak taşlagani boisini topganday böladi kişi. Axir, bu xonadon kişilarining aksariyati öz kasbi böyiça davlat korxonalari, idoralarida ham işlaşadi. Biri işga ketganida, biri uy yumuşlarini bajaraverişi bir tarafdan tarbiya va tartibning borligidan, bir tarafdan esa yemoq-içmoqlar kimyoviy dorilanmagan, sarxil mevalar, sabzavotlar, baliq va qöy göşti, sut-qaymoq ekanligi tufaylidir. Eng muhimi, bu xonadonda keksayu yoş soğlom turmuş tarzini yarata olganlar va soğlik hamda umri uzunlikni doimiy harakatda, deb biladilar. Bu yumuşlarni ularning kasbi taqozosidan işlayotgan işiga qöşimça bölsa, daromad va farovonlik beruvçi çinakam tadbirkorlik, deyiş mumkin.
Yuz yoşni möljallab yaşayotgan ikki nuroniyning aytişiça, yurtimizdagi köplab sihatgoh va dam oliş uylarida birga dam olganlar. Sayohatlarga birga borganlar. Özaro hurmat, eʼzozga doğ tuşmay, bir-birlarini suyab, ayab, keksalikning faroğatli kunlarini qarşi olganlar. Bu tarzda yetti yoşdan 94 yoşgaça mehru muhabbat, mehnatu rohat bilan turmuş keçiriş har qança havasga arziydi.
Yon daftarçamga ular haqidagi aniq faktlarni yozayotganimda, keyingi paytlarda yoşlar orasida nikoh ajrimlari köpaygani borasidagi xabarlar yodimga tuşdi. Bu ikki piri badavlat insonga öxşaş uçun bizda nima yetişmayapti, deya öylab qolaman.
Saʼdullo otadan şu haqda söradim.
— Hayotning, turmuşning osoni yöq, — deydilar otaxon. — Ammo insonda şukronalik, işonç, mehr, sabr bölsa, hamma qiyinçlikni yengiş mumkin. Feʼl, jahl hammada böladi. Ammo uni jilovlay biliş kerak. Agar hamma ayollar Raʼnogulga öxşasa, oilalarda ajrim bölmaydi.
— Raʼnobuvini juda yaxşi körasiz-a?
— Uni yomon körib bölmaydi-da. Ota-onamni köp hurmat qildi. Sakkiz bolamizni oq yuvib, oq taradi. Biror marta yoqam kir, tugmam uzilgan bölmadi. Maktabda ham eng yaxşi öqituvçilardan edi. Kelinlaru qizlarimizga ham doim özi ibrat.
Farzandlarning ota-onalaridan örnak olgani ularning bugun jamiyatdagi öz örnini topganida, har biri bittadan oilani gözal boşqarayotganida, bobo va buvining qator nabiralarini bilimli, hunarli qilib tarbiyalayotganida körinib turadi. Bugun Saʼdullo bobo Saparov va Raʼnogulbuvi Matsapoyevaning farzandu nevara-çevaralari özlaridan köpayib 50-60 tadan oşib ketdi. Jamlansalar, töy boşlanganday böladi. Axir, farovonlik bor joyda töy yaraşaveradi.
Xorazmning Şovot tumaniga fayz bölib yaşayotgan, yuz yoşni qoralab borayotgan bu ikki nuroniy aslida butun Özbekistonimizning fayzu barakasidir. Ularning duolari bilan yurtimiz obod, elimiz farovonligi ayni haqiqat.
Zamira RÖZIYEVA,
“Nuroniy” muxbiri.