O'zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo'llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg'armasi vasiylik kengashining a'zosi, “O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi” Respublika “Mehr va muruvvat” jamoat fondi raisi, taniqli davlat va jamoat arbobi, professor Aziz Oppoqovich To'rayev tabarruk 90 yoshini qarshilamoqda.
Mehnat faoliyatini 1956 yildan Sirdaryo viloyati Boyovut tumanidagi maktablardan birida o'qituvchilikdan boshlagan Aziz Oppoqovich To'rayev yigirma yildan ko'proq vaqt davomida Sirdaryo viloyatida davlat va jamoat tashkilotlarida turli lavozimlarda, jumladan, Boyovut tumanida komsomol komitetining birinchi kotibi, Sirdaryo viloyati komsomol komiteti kotibi, Sirdaryo viloyati partiya komitetida bo'lim mudiri, Guliston shahar partiya komitetining birinchi kotibi lavozimlarida faoliyat yuritgan. U o'zining 20 yillik mehnat faoliyati davomida Sirdaryo viloyatining tiklanishi va rivojlanishiga munosib hissasini qo'shgan.
Shundan so'ng O'zbekiston Kompartiyasi MK madaniyat bo'limini boshqargan. So'ngra Kinematografiya davlat qo'mitasi raisi, uzoq yillar Abdulla Qodiriy nomidagi Toshkent davlat Madaniyat instituti rektori bo'lib ishlagan.
Aziz To'rayev 9-11 chaqiriq O'zbekiston Oliy Soveti deputati, O'zbekiston Markaziy Komiteti byuro a'zosi etib saylangan. “Do'stlik”, “Xalqlar do'stligi”, “Hurmat belgisi” ordenlari, “O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvonlari bilan taqdirlangan.
Aziz Oppoqovich o'zining mehnat faoliyati davomida respublikamizning Birinchi rahbarlari — Usmon Yusupov hamda Sharof Rashidovlarning nazariga tushib, ustozlarning mehri va ishonchini qozongan, ular bilan yelkama-elka ishlab, katta hayotiy va boy tajriba orttirgan. Ayni paytda o'zi ham ko'plab shogirdlarning mehribon ustozi sifatida o'ziga xos madaniyat, ma'naviyat va ma'rifat maktabini yaratgan taniqli davlat, jamoat arboblaridan biridir.
Aziz To'rayev respublikamizni qariyb chorak asr boshqargan benazir davlat arbobi, taniqli yozuvchi Sharof Rashidovning hayoti, faoliyatiga oid bir-biridan qiziqarli va mazmunli, real voqealar va faktlarga asoslangan ko'plab maqolalari, “Biz bilgan va bilmagan hazrati inson”, “Sharof Rashidov siyratiga chizgilar” kabi ko'plab asarlari bilan yoshlarni milliy vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo'shib kelmoqda. Mazkur kitoblarda atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sh.Rashidov shaxsiyatining o'ziga xos benazir qirralari xolislik mezonlari asosida talqin qilingan bo'lib, kitobxonlar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olingan.
O'zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo'llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg'armasi Vasiylik kengashining a'zosi, taniqli olim, davlat va jamoat arbobi Aziz Oppoqich To'rayevni tabarruk 90 yoshlari bilan chin dildan qutlaymiz.
Ustoz hayotidan uch lavha
Bizning maslahatgo'yimiz…
…Garchi, Ustozni uzoq yillardan beri bilsam-da, o'sha kuni meni yo'qlaganlari o'ylantirib qo'ydi: “Ubaydullayev menga qo'ng'iroq qilsin!” debdilar Markazqo'mning Madaniyat bo'limi mudiri Aziz Oppoqovich To'rayev men oddiy bo'lim mudiri bo'lib ishlab turgan “Sovet O'zbekistoni” gazetasi bosh muharriri Maqsud Qoriyevga qo'ng'iroq qilib.
Darhol meni o'z huzuriga chaqirgan bosh muharrir ajablanganini yashirmay, qo'li bilan yuqoriga ishora qilarkan, qat'iy so'radi: “Nima gap?”. Yelka qisib, hech nimadan xabarim yo'qligini aytdim va “Qo'ng'iroq qilib, natijasini menga aytgin!” degan topshiriqni oldim. Aziz Oppoqovichning qabulxona telefon raqamini Bosh muharrirdan oldim-da, o'z xonamga kira solib, ustozga qo'ng'iroq qildim. Qabulxonadagilar xabardor ekanligidan yana hayratga tushdim, ustoz telefon go'shagini ko'tardilar: “Sharofjon, 2-3 kun uyoq-buyoqqa ketmay turgin! — dedilar qat'iy ohangda. Sen bilan Sharof Rashidovich qiziqayaptilar! Buni hech kim bilmasin!”
Oradan yarim soat o'tar-o'tmas, Ustozdan yana qo'ng'iroq bo'ldi: “Tezda Markazqo'mga yetib kel, 11-pod'yezdda senga “propusk” yozilgan!”
…Voqea tafsiloti qisqacha shunday: Sharof Rashidov odatlariga ko'ra, tongi soat to'rt yarim- beshda uyg'onib, yarim soatlik sayrdan keyin, dala hovlidagi “besedka”ga qo'nib, yangi gazetalarni varaqlay boshlar ekanlar. Uch o'ram gazeta — birinchisida o'sha davrning markaziy gazetalari — “Pravda”, “Izvestiya”, “Selskaya jizn”, “Sotsialisticheskaya industriya” va hokazo! 2-o'ramda respublika partiya gazetalari — “Sovet O'zbekistoni”, “Pravda Vostoka”, “Qishloq haqiqati”, “Lenin bayrog'i”… 3-o'ramda — boshqa barcha tarmoq matbuoti jamlangan bo'lib, Sharof Rashidovich dastlab “Pravda”ga ko'z yugurtirib chiqar va keyin o'zlari 1947-1949 yillar bosh muharrir bo'lib ishlagan “Qizil O'zbekiston” gazetasining vorisi bo'lgan “Sovet O'zbekistoni”ni sinchiklab ko'ra boshlar ekanlar. Da'fatan o'sha kuni gazetada bosilgan “Bir to'y fojeasi” nomli felyetonga ko'zlari tushadi!
Felyetonda Buxoro viloyatining Kogon rayoni markazidagi 1-sonli maktab direktorining uyida o'tgan va rayon xalq ta'limi mudiri raislik qilgan, OBLONO mudiri nutq so'zlagan to'yda stollarni to'ldirgan aroqning kasofati tufayli shirakayflar o'rtasida janjal chiqib, 15 kishi qamalgan, qanchadir begunoh ayol beva, 30-40 nafar bola otasiz, tirik yetim qolgani, achinarlisi, shunday kasofatli to'y maktab direktori, xalq ta'limi rahbarlarining ko'z o'ngida, ma'lum ma'noda, ularning olqishlari, maqtovlari va otashin nutqlari ostida o'tganligi tasvirlangan edi! “Bu fojea, — deb yakuniy xulosa chiqarilgan edi felyetonda, — ich-ichidan chirib bitgan xalq ta'limining fojeasidir!”..
Bu haqda tong mahali Markazqo'mning Madaniyat bo'limi mudiriga xabar berar ekan, Sharof Rashidov achinish bilan ta'kidlaydi: “Felyetonni Markazqo'm byurosiga tayyorlang, to'ylarimiz birgina Buxoroda emas, hamma joyda izdan chiqib ketdi! Byuro qarorida barcha partiya tashkilotlarida muhokama qilishni tavsiya etamiz! Ushbu byuroga felyeton muallifi Ubaydullayevning o'zini ham taklif qiling!”
Mening familiyamni eshitgan Aziz Oppoqovich: “E, u mirzacho'llik bola, mening ukam bo'ladi, Sharof Rashidovich!” — desalar, Sharof Rashidov ma'nodor qilib, “Shunday felyetonchi ukalaringizni bizga ham tanishtirib qo'ying, Azizjon!”— debdilar. Ana shu bir og'iz so'z mening hayotimni tubdan o'zgartirib yubordi va ertasiga mening mirzacho'llik emas, (Mirzacho'lda yashagan, ishlagan bo'lsam-da, aslida Jizzax tumanida tug'ilganim anketaga tushgani bois, yana bir kutilmagan ish bo'ldi. Anketaga ko'zi tushgan Sharof Rashidovich “E, siz jizzaxlikmisiz, unda sizga boshqa ish beramiz, Markazqo'mda barcha jizzaxliklar uchun men bir o'zim ishlayman!” — deb qoldilar. Tavsiya qilingan bir qancha yuqori vazifalarni rad etganligimni ko'rib, ajablandilar va mening zorillab: “Men gazetachiman, Sharof Rashidovich, meni gazetada, o'z o'rnimda ishlashimga ruxsat bering!” — deganim sobiq bosh muharrirga ta'sir qildimi, ayrim savol-javoblardan keyin, o'sha kuni men Aziz To'rayev boshqarib turgan Madaniyat bo'limida emas, suhbatimizda mutlaqo ishtirok etmagan Mirzag'ani Iskandarov (joylari jannatdan bo'lsin) boshliq Ideologiya bo'limining Matbuot sho'basida ish boshlashimga to'g'ri keldi.
O'sha voqedan buyon yarim asr o'tibdiki, qaerda va qachon qaysi bo'limda ishlashimga, keyinchalik qaysi matbuotda faoliyat yuritganimga qaramay, bugun o'n yilga yaqin “Nuroniy” jamg'armasi tizimidagi har bir qadamimda Aziz Oppoqovichday maslahatgo'yim borligidan cheksiz mamnunman!
Usmon otaning suyukli shogirdi
Aziz Oppoqovich 1956 yilda Toshkentda bilim yurtini bitirib, Usmon Yusupov direktorlik qilayotgan Boyovut rayonidagi 4-sovxozga o'qituvchi bo'lib ishga keladi va tez orada ko'zga tashlanib, sovxoz komsomol tashkilotiga boshchilik qila boshlaydi. O'sha davrning taqazosiga ko'ra, komsomol yetakchisi gazeta-jurnallarni tarqatishga ham mas'ul edi. Velosipedda tuproq changitib, u ko'chadan bu ko'chaga g'izillab yurgan komsomol yetakchisi sovxoz idorasi oldida to'xtaganda, issiqdan bazo'r entikib nafas olayotgan Usmon ota idora oldidagi o'rindiqda o'tirgan edi.
Komsomol yigitchaning g'ayratini ko'rgan Usmon ota uning salomiga alik olar ekan: “Mototsikl hayday olasanmi, o'g'lim?” — deb so'raydi. Velosipedda yurishning azob-uqubati joniga tekkan yigit bosh irg'aydi. O'sha kuni Usmon ota Toshkentning Jarqo'rg'on ko'chasida joylashgan Markaziy baza direktori nomiga: “Shu xatni eltgan To'rayev Azizga sovxoz hisobidan lyulkali mototsikl berishingizni so'rayman” — degan mazmunda xat yozib beradi.
Baza direktori komsomol yigitchani qahramonday kutib oladi va yangi mototsikl rulini tutqazayotganida uning mototsikl haydamaganini bilib qoladi, lekin Usmon otaning komsomol o'g'lini quruq qaytarib yuborishga haddi sig'maydi. Yigitni kuzatib qo'yishni tajribali haydovchiga topshiradi. U Yangiyo'l yo'lining boshlanishi — O'zgarish bekatiga qadar kuzatib qo'yadi va bitta tezlikda haydab ketishi mumkinligini o'rgatadi. Umrida mototsikl haydab ko'rmagan komsomol yigitcha O'zgarishdan to Boyovutga qadar, bitta tezlikda, qora shomda Boyovutga kirib keladi!
Usmon otaning duosini olgan serg'ayrat yigit Boyovutda baxtini topadi. Aziz To'rayev va Zinaida Ivanovnaning komsomol to'yini Usmon ota bosh bo'lib o'tkazib beradilar va yoshlarga cho'lda qurilgan loysuvoqli dastlabki kottejlardan birining kalitini tutqazadilar. Shundan buyon oradan salkam yetmish yil o'tdi, Aziz Oppoqovich Usmon otaning oq fotihasi bilan rayon, so'ngra Sirdaryo oblast komsomol qo'mitasiga boshchilik qildi va 60-yillarda avval oblast partiya qo'mitasida bo'lim mudiri, so'ngra oblast markazi — Guliston shahar partiya qo'mitasiga bosh bo'ldi.
Ijodkorlar himoyachisi
… Ustoz, balki kamtarlik yuzasidandir, bir voqeani sir saqlab, hech bir joyda ko'rsatmaydilar. Sirdaryo viloyati partiya qo'mitasining Sharof Rashidov qatnashayotgan yig'ilishida Aziz To'rayev so'zga chiqib, yosh ijodkorlar taqdiri haqida gapirib: “Mirzacho'l — ijodkorlar yurti, lekin ularga partiyaviy g'amxo'rlik kerak, masalan, ustoz Zulfiyaning yordami bilan boyovutlik 7-sinf o'quvchisi Halima Xudoyberdiyevani bugun butun respublika taniydi!” — deydi. Uning bu gapini yig'ilish qatnashchilari gulduros qarsaklar bilan olqishlashadi. Sharof Rashidov unga ma'noli qarab qo'yadilar va shu voqeaning ertasi kuni Aziz Oppoqovich To'rayev Markazqo'mga, Sharof Rashidov huzuriga chaqirilib, Markazqo'mning Madaniyat bo'limiga mudir etib tayinlanadi. Uning yelkasiga butun respublika ijodkorlari bilan ishlash vazifasi yuklanadi.
O'sha yillarda, ayniqsa, “O'zbegim” va “O'zbekiston — Vatanim manim” kabi chuqur milliylik ruhi bilan sug'orilgan she'rlari uchun Markaz tomonidan qattiq nazorat iskanjasiga olingan hassos shoirlar Erkin Vohidov va Abdulla Oripovlarni asrab-avaylash uchun alohida g'amxo'rlik ko'rsatish boshlanadi. Ular sobiq Ittifoqning hur fikrli buyuk shoirlari Rasul Hamzatov, Qaysin Quliyevlar bilan shaxsan tanishtiriladi. Erkin Vohidov va Abdulla Oripovning kitoblari rus tilida chop etilib, sobiq Ittifoq bo'ylab tarqatiladi. Shu maqsadda ayrim nashriyot direktorlari nomiga Sharof Rashidov imzosi bilan xatlar bitiladi. Erkin Vohidov va Abdulla Oripovni jamoat ishlariga tortish uchun, birlari yangidan tashkil topgan “Yoshlik”, ikkinchilari ommabop “Gulxan” jurnallariga Bosh muharrir qilib tayinlanadi. O'sha tahlikali kunlarni eslab, Abdulla Oripov: “Sharof Rashidov o'sha og'ir kunlarda meni tishining kavagida saqlagan edi!” — deb yozgan edi.
Har qancha tahlikali bo'lmasin, Politbyuro va uning “Seriy kardinal” nomi bilan Ittifoqqa dahshat solgan Suslov quturgan zamonlarda ham, avvalo, Sharof Rashidov, qolaversa, Aziz To'rayevning sa'y-harakatlari bilan yurtimizdagi bironta ijodkorning boshidagi bir tola sochiga ziyon yetmagani — ayni haqiqatdir.
Ustozning buyuk ustozlari — Usmon Yusupov va Sharof Rashidov ko'ksiga malomat toshlari otilgan, boshlarida yong'oq chaqilgan yillarda kimlar egilmadi, kimlar sinmadi, deysiz! Ustoz Asil Rashidov o'zining “Akam haqida” (1992 y.) nomli kitobida “singan va sinmagan”larni birma-bir sanagan edi va biz bu nomlarni takrorlab o'tirmaymiz. Lekin sinmaganlar ro'yxatida, bugun muborak 90 yoshini yorug' yuz bilan qarshilayotgan ustozimiz Aziz Oppoqovich To'rayevning nomlari birinchi qatorda turibdi…
Tabarruk Ustozimizning hayotidan uch lavhasinigina yodga oldik, xolos. Bunday lavhalar ming-minglab, ular haqida ham yozib, kelajak avlodlarga meros qilib qoldirish — biz, shogirdlarning muqaddas burchimizdir.
Sharof Ubaydullayev,
“Nuroniy” jamg'armasi
respublika Boshqaruvi raisining 1-o'rinbosari,
faxriy jurnalist.
