Andijon viloyati Xo'jaobod tumanining fayzli xonadonlaridan biri. xonadonning piru badavlatlari 98 yoshli Abduvali bobo va 88 yoshli munavvar aya gurunglashib o'tirishibdi…
— Ro'molchaga tugib saqlaydigan pensiya pulingdan ancha bor-a?! Yo biror kam-ko'stingga ishlatdingmi? — deydi Abduvali bobo.
— Nima kamim bo'lardi-ya, otasi. Yetti farzandimizning bari kamu ko'stimizni to'ldirib turishsa. Hayit bayramida sovg'aga kelgan kiyim- kechagu maxsi-kovushlarimni kiyib ulgurolmayapman.
— Yaxshi. Mening pensiya pullarim ham yig'ilib turibdi. Shu pullarimizni jamlab, ko'chamizdagi ariq atrofini betonlashni boshlab bersak, nima deysan? Axir, suv nami uyimizga qarab uradi. Bundan tashqari, ariqdagi suv tuproqqa singmay to'la oqsa, tomorqalar ham oson sug'oriladi. Suv isrof bo'lmaydi.
Xullas, Abduvali ota va Munavvar onaning maslahati farzandlarga ham, qo'ni-qo'shnilarga ham ma'qul keldi. Yoshi ulug'lar bosh mablag'i va oq fotihasini berib, ishni boshlashdi. Abduvali boboning uch o'g'li — Adhamjon, Hasanboy va Ulug'bekjonlarga uyidan ketmon, belkurak ko'tarib chiqqan qo'ni-qo'shnilar ham qo'shilib, ish chinakam hasharga aylandi.
— Bu qishloq, bu mahallaning begonasi yo'q, — deydi bobo. — Men o'ttizinchi yillardagi kolxozlashtirish davrida tug'ilganman. Ikkinchi jahon urushi davrida ham bizning odamlar bir-birlarini qo'llab-quvvatlagan. Otam urushga ketgan edi. Undan qora xat keldi. La'nati urush meni yetim, onamni beva qildi. Front ortida ham hayot yengil emas edi. O'lmay yashash uchun nimalar qilmadik. Qishlog'imiz atrofidagi tog' yon bag'irlaridan teng-to'shlarim bilan o'tin terib kelib, ancha olis shaharga piyoda olib borib sotardik. Har holda atala, qo'g'irmochga yarardi topganimiz. Keyin kolxoz chorvasida ishladim. Yilning mehnatsiz fasli yo'q edi bizda. Qaxatchiligu qiyinchliklarning barini mehnat bilan yengganmiz.
— Munavvar ona-chi?
— Munavvar onangiz amakimning qizi edi. Ming shukr, amakim urushdan qaytib kelib, kolxozning qo'y-molini boqadigan cho'pon bo'ldi. Munavvarxon bolaligini tog'u yaylovda o'tkazib, maktabga ham borolmagan. O'n besh yoshigacha otasining yordamchisi bo'lgan. Otamdan keyin oilani boshqarish mening zimmamda bo'lgani uchun uylanish vaqtim ham kechikkan. Munavvar onangiz bilan oila qurdik. Shundan buyon birgamiz.
— Kelinlik davringizda qiynalmaganmisiz? — so'raymiz onaxondan.
— Qaynonam rahmatli yaxshi inson edilar. Men kelin emas, o'yin bolasi bo'lib yuraverganman. El qatori ipak qurti boqardik. G'o'za chopiqmi, yaganami, paxta terishmi, kech kuzakda ko'sak chuvishmi, barida qatnashardim. Onam ham, qaynonam ham o'ta mehnatkash bo'lgani uchunmi, bizda ham shu xislat bor edi. O'nta farzand ko'rdim, shundan yettovlon ulg'ayib, elga qo'shildi. Uch nafarini tuproqqa qo'yib, yomon kuyganman. O'nta bo'lsa, o'rni boshqa deyishadi-ku.
— Bugun nuroniy yoshimizda eldan, davlatimiz va hukumatimizdan izzat-hurmat ko'ryapmiz, — deydi Abduvali bobo. — Bayramlarda yo'qlashadi, uchrashuvlarga chaqirib, xotiralarimizni so'rashadi. “Nuroniy” jamg'armasi tuman bo'limi mas'ullari sayohatlarga olib borishadi. Sihatgohlarga yo'llanma berishadi. Shunga yarasha biz ham kuch-quvvatimiz yetganicha, aqlu tajribamizga suyanib, elga ko'mak beray deymiz-da. Qishlog'imiz odamlari juda ahil. Har yili ekin-tikin oldidan “Darvesh oshi” degan tadbirimiz bor. Halpana qilib, masalliq to'planadi. Doshqozonda osh damlanib, birgalikda baham ko'ramiz. Bizga hamroh qirg'iz qo'shnilarimiz ham o'z milliy taomlaridan pishirib, davraga kelishadi. Yeb-ichib, chaqchaqlashib, ko'klam ekinlari uchun barakot tilab, biz, keksalar duo beramiz, yoshlar dalalarda, bog'larda ish boshlaydilar. Urug' qadaladi, ko'chatlar ekiladi. Mashoyixlar yaxshilikdan yaxshi xirmon paydo bo'ladi, deb bejiz aytmaganlar, axir.
Qishloqda Abduvali bobo Mamatxalilov, u kishining do'stlari Mallavoy ota Isoqov, Toshboy ota Turdiyev kabi nuroniy oshnalari bilan davralar hamisha fayzli. Xo'jaobodda “Qorabuloq” mahallasi kabi yana 39 ta fayzli mahalla bor. “Nuroniy” jamg'armasi tuman bo'limi raisi Zokirjon Mamadaliyev Abduvosit Xolmatov, Ahmadullo Roziqov, G'anijon Hasanov kabi kengashning faol a'zolari bilan aniq dasturlar asosida ish olib borishadi. Tuman keksa faxriylari uchun “Nuroniylar bog'i”, obod guzarlar va choyxonalar tashkil qilingan. O'z navbatida, faol nuroniylar ham “Kambag'allikdan — farovonlik sari” dasturi doirasida maxsus reestrga tushgan nochor oilalarni otaliqqa olib, ularga ko'mak berib kelishmoqda.
Zokirjon Mamadaliyev mahallalarda istiqomat qiluvchi o'n ming nafardan ortiq faxriy-nuroniyning qadrdoni bo'lib qolgan. Ular bilan maslahatlashib, tadbirlar o'tkazadi. “Qo'sha qarish saodati” yig'inlarini uyushtiradi. Sayohatlarga olib chiqadi. Abduvali bobo ham o'tgan yili qo'shni Farg'ona viloyati shaharlariga qilingan sayohatga do'stlari bilan birga bordi. Bir dunyo taassurotlarini esa farzandu nabiralar, mahalla yoshlari bilan bo'lishdi.
Otaxon “Uch avlod uchrashuvi” tadbirlariga borganda, “Biz olimu allomasi, fozilu fuzalosi ko'p xalqning avlodlarimiz. Bugun osmonimiz musaffo, yurtimiz tinch. Bu tinchlik, farovon davr shukronasi uchun ham yoshlarimizning bilimli, tarbiyali bo'lishlari shart. Shunga harakat qilmasak bo'lmaydi”, — deya bot-bot takrorlaydi.
Otaxonning to'rt qizi, uch o'g'li ham ota nasihati bilan ilmli, hunarli bo'lib yetishdilar. Ikki nafari hamshira, biri muallim, yana biri zootexnik, ikki nafari esa qo'li yengil shifokor.
Abduvali bobo va Munavvarxon ona endi 28 nevara, 47 chevaraga ham kasb-hunarli bo'lish, halol mehnat qilish, elga asqotadigan inson bo'lib ulg'ayish lozimligini uqtirib, odamiylik saboqlarini berib kelmoqdalar.
72 yildan buyon bir-birini tushunib, izzat-hurmat bilan qo'sha qarish saodatiga erishgan bu ikki piru badavlat bobo va buvi zurriyodlarining ham o'zlaridek oqil insonlar bo'lishiga shak-shubha yo'q, albatta. Axir, elimizning “Olma daraxtidan olma to'kiladi” degan naqli bejiz emas.
Zamira RO'ZIYEVA,
“Nuroniy” muxbiri.