Poytaxtimizda joylashgan O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi “Eng yirik islom sivilizatsiyasi muzeyi” nominatsiyasi bo'yicha “Guinness World Records”ning rasmiy rekordiga kiritildi.

Tantanali taqdirlash marosimida tashkilotning rasmiy vakili, sudya Sheyda Subasi ishtirok etib, Markaz barcha xalqaro mezon va standartlarga to'liq javob berishini tasdiqladi. Sudya Sheyda Subasi Markaz faoliyatiga yuqori baho berarkan, mazkur majmua nafaqat hajmi jihatidan, balki konseptual yondashuvi bilan ham alohida ahamiyatga ega ekanligini alohida e'tirof etdi.

Islom sivilizatsiyasi markaziga 2018 yil 15 iyun, Ramazon hayiti kuni Prezidentimiz tomonidan tamal toshi qo'yilgan edi. Mazkur loyiha O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilib, ushbu ilmiy-ma'rifiy maskanda mamlakat tamadduni va ilmiy salohiyati zamonaviy texnologiyalarga uyg'un shaklda namoyon bo'lgan. U birgina O'zbekistonning emas, balki butun Markaziy Osiyoning ma'naviyat javhari bo'lib, markaz loyihasiga katta ezgu maqsad bilan — Uchinchi Renessansning ilmiy-ma'naviy poydevorini mustahkamlash, yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, mamlakatning islom sivilizatsiyasini rivojlantirish borasidagi rolini yanada oshirish hamda buyuk allomalarning jahon tamadduniga qo'shgan hissasini milliy va xalqaro miqyosda ommalashtirish borasida alohida ahamiyatga egadir.

Qariyb 7 yil ichida bunyod bo'lgan markaz ham mahobati, ham qurishdan ko'zlangan tub maqsad-mohiyati bilan ulug'vordir. Bugun ushbu markaz yurtdoshlarimiz bilan bir qatorda, xorijiy mehmonlarni ham hayratga solmoqda.

Markaz binosi uch qavatdan iborat bo'lib, uzunligi 161 metr, eni 118 metrni tashkil etadi. Gumbazining balandligi 65 metr, umumiy foydalanish hududi esa 42 ming kvadrat metrdan ziyod. Aynan shu noyob ko'rsatkichlar uni “Ginnessning rekordlar kitobi”ga kiritish uchun asos bo'ldi.

Gumbaz ostida maxsus mepping gologrammasi yaratilgan bo'lib, unda avval koinot tasviri namoyon bo'ladi, osmondagi yulduzlar jilolanadi. Gumbaz ostidagi yulduzlar kompozitsiyasi Toshkent osmonida tunda ko'rinadigan yulduzlar xaritasi asosida shakllantirilgan. Ularni ifoda etish uchun 90 dona “svarovskiy” toshi va 650 dan ortiq chiroqlardan foydalanilgani mazkur zalga alohida ulug'vorlik bag'ishlagan.

Yuqoridagilardan xulosa qilish mumkinki, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi strategik ahamiyatga ega majmua bo'lib, uch ming yillik tarix, madaniyat va ilmiy merosning, milliy g'oya va taraqqiyot bosqichlarining yaqqol namunasidir. Kelajakda ushbu majmuaning dunyo bo'ylab yanada dovrug' qozonishi, jahon ma'naviy javohirlari ichidan munosib o'rin olmoqligiga aslo shubha yo'q, albatta.

Sug'diyona SOBIROVA.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan