Bugungi shiddatli va samarali islohotlar jarayonida barcha sohalar vakillari qatori nuroniylarning faoliyati ham hal qiluvchi masalalardan hisoblanmoqda. Hozirda ular muhtaram Yurtboshimizning ulkan ishonchlarini amalda oqlagan holda, oiladan tortib, mahallaga qadar zimmalariga yuklangan vazifalarni fidoyilik bilan ado etib kelmoqdalar. Chindan ham, bugun faol nuroniylar bosh qo'shmagan soha yo'q. Bugun ularning shijoati yanada jo'sh urmoqda. Chunki yoshi ulug'lar maslahati, ko'magi va duosi bilan boshlangan ish borki, yakuni xayrli va samarali bo'ladi, albatta.
Ayni kunlarda yurtimizning turli go'shalarida bunyod etilib, o'zida piri badavlatlarimiz bo'lgan nuroniylarimizni jamlayotgan “Nuroniylar maskanlari”, chinakam ma'noda, mahallalarimizning ko'rki hamda fayzli oshyonlaridan biriga aylanmoqda.
Namangan viloyati Uychi tumani hokimligi binosi yonida qad rostlagan ko'rkam “Nuroniylar maskani”ni ana shunday loyihalardan biri deyish mumkin.
Uychi tumanida bugungi kunda 232 mingdan ortiq aholi istiqomat qilayotgan bo'lsa, shundan 21 mingga yaqinini keksa avlod vakillari tashkil etadi. “Nuroniy” jamg'armasi tuman bo'limi tomonidan faxriylar faoliyatini ijtimoiy qo'llab-quvvatlash, ularni muhofaza qilish, umrlariga umr qo'shish, keksalarning ulkan hayot tajribalaridan islohotlarni jadallashtirish, yosh avlodni barkamol etib tarbiyalashda oqilona foydalanishga yuqori darajada e'tibor qaratilib, bu borada tizimli ishlar olib borilmoqda.
Maskanning tantanali ochilish marosimida “Nuroniy” jamg'armasi viloyat bo'limi mas'ul xodimi Abdurashid Boltaboyev, mehnat faxriysi Abdulhay Tursunov, jamg'armaning tuman bo'limi raisi, viloyat Kengashi deputati Tohirjon Ismatillayev, tuman hokimining o'rinbosari Saidaxon Ahmadaliyevalar ishtirok etdilar.
Tantanada so'zga chiqqanlar ishtirokchilarni tadbir munosabati bilan tabriklab, ushbu joyning kelgusida uch avlod uchrashuvlari o'tkaziladigan, o'zaro gurunglashadigan, ibratli oilalar muloqoti tashkil etiladigan, turli tanlov hamda tadbirlar uyushtiriladigan maskanga aylanishiga umid bildirdilar. 
Nuroniylar bunday e'tibor va g'amxo'rlik uchun, avvalo, Prezidentimiz, viloyat, tuman hokimliklariga o'z minnatdorliklarini izhor etdilar. Bunga javoban yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda yanada faol ishtirok etib, yoshlar ta'lim-tarbiyasiga munosib hissa qo'shishlarini ma'lum qildilar.
Tadbir yakunida mehmonlar maskanda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Bu yerda kutubxona, sog'lomlashtirish, tibbiyot xonalari faoliyati yo'lga qo'yilgan bo'lib, ularning barchasi nuroniy otaxonu onaxonlarimiz uchun muntazir.
Badiiy qismda tuman madaniyat markazi qoshidagi “Tarona” ashula va raqs ansambli xonandalari-yu sozandalari tomonidan ijro etilgan dilrabo kuy-qo'shiqlar davraga yanada fayz kiritdi.
Bahodir Valiyev.