Karomat ona va Saydullo ota Sirdaryo hamda Jizzax viloyatlarining qo'riq yerlarida yashadilar. Qum, cho'l deb atalgan, kishi irodasi va sabri, mehnatkashligini sinovdan o'tkazadigan bunday hududda yashayversang, unga mehr beraversang, hattoki, cho'l deganida ham bo'ston bunyodga kelarkan. Keyin esa bu joylarda ko'kka bo'y cho'zgan daraxtlar, mo''jaz gulzorlarga mehring tushib, ayni qo'riq yerlarni yaxshi ko'rib ham qolarkansan.
Ular asli zominlik edilar. Taqdir bu juftlikni ancha vaqt Do'stlik tumanidagi qo'riq makonlar, keyinroq Paxtakor tumani kengliklariga yo'naltirdi.
Cho'l deb atalgan makon ham qadrdon ona tuproq. Unga mashaqqat bilan daraxt ekib, bog' qilsang, gul ekib, gulzor yaratsang, bu bog' dunyodagi eng qadrli bog' bo'ladi. Bu gulzor olam ichra eng chiroylisi, eng yoqimlisi bo'lib tuyuladi.
Karomat ona Zilola momoning fayzli hovlisiga 1970 yilda uchinchi kelin bo'lib tushgan.
— Ikkala ovsiningiz ham oqila, yaxshi kelin deb nom olgan. Ulardan ibrat oling, o'rganing. Kam bo'lmaysiz… — qaynonasining to'ydan keyingi birinchi gapi shu bo'lgan.
Karomat kelin bu gapni ko'zmunchoq qilib yuragiga taqdi. Ovsinlari Buzaynab va Saidanur qaynonasi aytganidek, unga hayotda chin muallimdek bo'ldilar. Karomat kelin jomadon ko'tarib, maskan yangilash sabotini ham, pazandalik sirlarini ham, sarishtalik tutumini ham, bola parvarishidagi quntu tarbiya yo'sinini ham ular bilan hamrohlikda o'rgandi. Tez orada Zilola momoning oqila keliniga aylana oldi. To'rtinchi o'g'il Norbo'taning taqdiriga tutash Nadyaxon ham millati rus bo'lsa-da, ushbu ahil oilaning qoidalariga bo'ysundi. Oqila kelin bo'ldi.
Asli bu hovlidagi ahilu totuv to'rt aka-ukaning bir-biriga suyanchu mehribonligi ularning ayollari va bolalariga ham o'tganligi ayni haqiqat. Saydullo uchun akalari Inoyatullo va Asadulloning har bir gapi qonun. Inoyatullo esa ukalari Asadullo, Saydullo, Norbo'ta uchun chinakam mehribon, maslahatgo'y, barcha oilaviy muammolarga yechim topa oluvchi aka edi.
— 56 yil bo'ldi xonadonga kelin bo'lib tushganimga. Bu orada olti farzandni tarbiyalab, kamolga yetkazdik. Ovsinlarim alohida ro'zg'or bo'lib, yangi hovli qilganlaridan keyin ham ahilligimizu totuvligimizga ko'z tekkani yo'q. Saidanur opam bilan quda bo'ldim. Qizim Zulxumorning suyukli oyijonisi bo'ldi. Mendan keyingi ovsinimning millati rus, ammo u ham bizning bir parchamizga aylana olgan. Hozir ukamiz Norbo'ta bilan Chirchiqda yashashadi. Bordi-keldimiz quyuq. To'ylarimiz, yig'inlarimiz birgalikda o'tadi.
Saydullo otaning ayolini bu katta oila haqida quvonib gapirishidan faxrlanib turgani seziladi. Otaxonning aytishicha, Karomat onaning o'zi ham juda yaxshi kelin, yaxshi ovsin, yaxshi ona bo'lgan. Cho'lma-cho'l ko'chib, jomadon ko'tarish har kimga ham yoqavermaydi, axir. Buni faqat taqdiriga shukr qilgan, oilani muqaddas deb bilgan Karomat ona singari fidoyilargina uddalaydi.
Bugun Saydullo ota va Karomat ona Jizzax viloyatining Zarbdor tumanida istiqomat qilishadi. Sakkiz sotixli hovli joyda bog'u gulzor bunyod etishgan. Bunga qo'shimcha ravishda xo'jalikdan berilgan — avvaldan bo'sh turgan 10 sotixli maydonni ham obod qilib, daromad manbaiga aylantirib olishgan. Nabiralar uchun deb jamiki meva daraxtlaridan ekishgan. Kelinlarining qaynab turgich qozoni uchun ketadigan sabzavotlar ham shu tomorqadan chiqadi. Besh-oltita qo'y boqiladi.
— Karomat onangiz juda zo'r, deysiz. Aynan qaysi fazilatlarini nazarda tutasiz? — so'rayman Saydullo otadan.
— Hammaga mehribon, hammadan ham menga mehribon, — deydilar ota. — Sog'ligim tufayli ancha yillardan buyon parhez ovqat yeyman. Bu borada ayolimga teng keladigan jonsarak yo'qdek. Sog'ligimni o'ylaydi doim. Biz bilan birga yashayotgan o'g'lim Rustamjon va kelinimiz Muhayyoxon ham onalaridan o'rganib, ish tutishadi. Bundan tashqari, mening to'ng'ich Oynazin opam shu kunda 94 yoshga kirdi. Yangangiz undan goh qizlari, goh ovsinlari bilan birgalashib, tez-tez xabar oladi. Shu fe'llarini juda qadrlayman.
Saydullo ota Abdurazzoqov uzoq yillar turli idoralarda iqtisodchi, bank boshqaruvi raisi bo'lib ishladi. Tuman hokimining iqtisodiy masalalar bo'yicha o'rinbosari vazifasida ham faoliyat yuritdi. Karomat ona esa har doim unga g'amxo'rlik ko'rsatib, parvarish qilishini qo'ymadi. Bolalariga ham bu ibrat bo'ldi. Oilada ota nufuzi, ona hurmatining balandligi shundan, albatta.
Bugun Saydullo otaning ham, Karomat onaning ham oyoq uzatib o'tirgich bo'sh vaqti kam. Karomat ona mahalla-ko'y, qo'ni-qo'shnilar bilan juda inoq. Ularning bemoridan xabar olib, to'y-to'ychig'ida maslahatgo'y bo'ladi. Bahor keldi, deguncha katta doshqozonlarda sumalaklar pishirishadi.
Saydullo ota o'zi istiqomat qilayotgan “Sharq yulduzi” mahalla fuqarolar yig'inining faoli sifatida kambag'allik reestriga tushib qolgan besh xonadonga mas'ul sifatida biriktirilgan. Ulardan Qilichbek Hosilov bilan Otaqo'zi Berdialiyevlar xonadoni otaning maslahati va ko'magi bilan imtiyozli kredit olib, issiqxona qurishdi. Endi yil bo'yi mavsumga qarab ekin ekishyapti. Hozirda ular kambag'allikdan chiqib, farovonlikka erishib borayotgan oilalardan hisoblanadi.
Yaqinda “Nuroniy” jamg'armasining Zarbdor tumani bo'limi tashabbusi bilan ushbu baxtli juftlikning hayot va faoliyat yo'liga bag'ishlangan “Qo'sha qarish saodati” tadbiri bo'lib o'tdi.
Unga jamg'armaning tuman bo'limi raisi Abdulla Azimov, yetakchi mutaxassis Karomatillo Toshboyev, MFY raisi Musurmon Hasanov, xotin- qizlar yetakchisi Muqaddas Kenjayevalar bosh-qosh bo'lishdi.
O'g'il-qizlar, kelinu kuyovlar, mahalla ahli ushbu tadbirda ishtirok etib, nuroniy otaxonu onaxonga havas qilarkanlar, halol mehnat, ahilligu totuvlik, shukronalik hissi insonga baxt, hurmat, umri ziyodalik keltirishiga yana bir karra guvoh bo'ldilar.
Zamira RO'ZIYEVA,
“Nuroniy” muxbiri.