Toji BERDIYEV,

“Nuroniy” jamg'armasi

Termiz shahar bo'limi raisi.

Yurtboshimizning “Surxonni rivojlantirish — Yangi O'zbekistonning janubiy tayanch ustunini mustahkamlash demakdir” — degan fikrlari ayni haqiqatdir. Negaki, Surxondaryo viloyati mamlakatimiz hayoti, uning farovonligi va taraqqiyotini ta'minlashda muhim ahamiyatga ega. Bugun viloyatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va loyihalar, ularning o'ziga xos natijalari, chin ma'noda, xalqimiz farovonligi uchun xizmat qilmoqda. Bunga barchamiz shohid bo'lib, hozirda o'zimiz ham bevosita jadal islohotlaru yangilanishlarning ishtirokchisiga aylanganmiz.

Mamlakatimiz rahbari vohani kompleks rivojlantirish maqsadida o'tkazilgan yig'ilishda viloyat faollari, yoshlar va nuroniylar bilan muloqot qildilar. Prezidentimiz Surxon vohasida amalga oshirilgan ishlardan shaxsan mamnun ekanliklarini ta'kidladilar. Hududni rivojlantirish masalasida nafaqat ijobiy o'zgarishlarga e'tibor qaratildi, balki muayyan sohalarda mavjud kamchiliklarga ham to'xtalib o'tildi.

Masalan, viloyatimizdagi 49 ming gektar tomorqaning 35 ming gektaridan 3-4 marta hosil olinmoqda. Bu tajriba hozircha faqat Surxondaryodagina uchraydi.

Yurtboshimiz avvalgi tashriflari doirasida aholini 300 kilometr uzoqlikdagi “To'palang” suv omboridan ekologik toza suv bilan ta'minlash topshirig'ini bergan edilar, zarur mablag' ham ajratilgandi. Ochig'ini aytganda, surxonliklarning bir asrlik orzusi amalga oshdi. Shaharda ko'p qavatli uylar qurilib, ularning infratuzilmasi to'liq yangilandi. Ilgari shahardagi 37 ta mahallaning har biriga 2 milliard so'm ajratilib, infratuzilmaga yo'naltirilgan bo'lsa, shuning hisobiga asfaltlash va ta'minot ishlari amalga oshirildi. To'qqiz yil ichida bolalarning bog'chaga qamrovi 28 foizdan 68 foizga yetdi.

Yig'ilishda kambag'allik, ishsizlik, yoshlar bilan ishlash kabi jiddiy ijtimoiy masalalarga qat'iyat bilan yondashish zarurligi ta'kidlandi. Shuningdek, mahalla hayotini har tomonlama yangilash, xorijiy investitsiyalarni jalb etish, yo'l-qurilish ishlarini jadallashtirish kerakligi qo'shimcha qilindi.

Shuning barobarida, Boysundagi “Bezaktop” konida sifati Eron, Turkiya, Italiya bilan raqobatlasha oladigan tabiiy tosh zaxiralari o'rganilmayotganligi, vohada mavjud bir qator tarixiy-madaniy ob'yektlarning turistik salohiyatini rivojlantirish e'tibordan chetda qolayotgani, Surxondaryoda ishga solinmagan katta imkoniyatlardan yana biri uning yaylovlari ekani ta'kidlab o'tildi.

Ma'lumki, janub gavhari bo'lmish Surxondaryo polvonlar yurtidir. Bu an'ananing avlodlar osha davom etishiga erishish maqsadida tog'li hududlarda kurash bo'yicha baza tashkil etish, yoshlarning bobomeros kurashchilik bilan shug'ullanishiga sharoit yaratish vazifasi belgilandi. Barcha loyihalar uchun tegishli miqdorda mablag' ajratildi. Muxtasar qilib aytganda, joriy yilgi tashrifdan so'ng Surxondaryoda 7,1 milliard dollarlik 44 ta loyiha ishga tushdi.

Biz, Surxondaryo xalqi Prezidentimizning tashqi, ichki siyosatini kuzatib, xalqchil islohotlarga o'z amaliy sa'y-harakatlarimiz bilan munosib hissa qo'shishga doimo tayyormiz.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan