Andijon viloyati Marhamat tumani “Paxtakor” mahallasida istiqomat qilayotgan, urush va mehnat faxriysi Iminjon ota Temirov bu yil o'zining 101 yoshini nishonlaydi. U ikkinchi jahon urushi janggohlarida qahramonlik namunalarini ko'rsatgan mard va jasur yurtdoshlarimizdan.

Bugungi tinch, dorilomon kunlarga yetishimizda janggohlarda o'lim bilan yuzma-yuz kelib, dushmanni yer tishlatgan, g'alaba bilan yurtga qaytgan, keyin esa yurtni tiklash, hayotimiz farovonligi yo'lida fidoyilik bilan mehnat qilgan Iminjon ota Temirov singari nuroniylarning xizmatlari beqiyos.

Hozirgi kunda yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi yo'lida xizmat qilgan Iminjon otaning ko'ksini bezab turgan orden va medallar yana bittaga ko'paydi. Marhamat tumani hokimi Ilyosbek Umrzoqov, Mudofaa ishlari bo'limi boshlig'i Abdullo Bashirov, nuroniylar, tuman faollari ishtirokida unga Rossiya Federatsiyasi Prezidenti imzosi bilan yuborilgan “G'alabaning 80 yilligi” esdalik medali tantanali ravishda topshirildi.

Ushbu mukofot otaxonning fashizmga qarshi kurashdagi matonati, jasorati va fidoyiligining e'tirofi, bildirilgan hurmat ifodasidir.

Xonadonga tashrif buyurganlar otaxonni mukofot bilan muborakbod etib, unga sog'lik-salomatlik, yanada uzoq umr tiladi.

Suhbat davomida Iminjon ota o'zining hayot yo'li, urush va mehnat frontidagi xotiralari bilan o'rtoqlashdi. Yurtimiz tinchligi, hayotimiz farovonligini tilab, duo qildi.

Faxriddin Ubaydullayev,

Andijon viloyati.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan