Hayotda shunday kishilar borki, ular o'zlarining xayrli ishlari, solih amallari, pandu nasihatlari bilan doimo odamlarning hurmat-e'tiborida bo'lishadi. Xorazm viloyatining Qo'shko'pir tumani O'zbekyop qishlog'idagi “Qorovul” mahallasida yashovchi 101 yoshni qarshilagan Vapo ota Iskandarov ham ana shunday el hurmatiga erishgan nuroniylardan biridir.
— Tumanimizda 16 ming nafarga yaqin nuroniy istiqomat qiladi, — deydi “Nuroniy” jamg'armasi Qo'shko'pir tumani bo'limi raisi Sultonnazar O'razmetov. — Ikki nafar 100 yoshdan oshgan nuroniy — tumanimiz faxri. “Do'stlik” mahallasida umrguzaronlik qilayotgan 106 yoshni qarshilagan Bakposhsha aya Sapoyeva hamda Vapo ota Iskandarovning mazmunli umr yo'llari yoshlar uchun ibratdir.
Vapo ota Iskandarov 1925 yilda Qo'shko'pir tumanida tug'ilib voyaga yetgan. Uning yoshlik yillari Ikkinchi jahon urushi davriga to'g'ri keldi. Maktabni tugallagach, tuman harbiy komissariatidan chaqiruv qog'ozi kelganida endigina 18 yoshni qarshilagan Vapo 1943 yilning mart oyida harbiy xizmatga chaqirilib, bir muddat harbiy tayyorgarlikdan o'tgach, frontga yuborildi. Ukraina, Polshada davom etgan urushda qatnashdi. Ko'rsatgan jasorati uchun bir necha orden va medallar bilan taqdirlandi.
1946 yilda harbiy xizmatdan qaytgach, 1960 yilgacha qolxoz (xo'jalik)da ishladi. 1960-1961 yillarda kasb-hunar bilim yurtida o'qidi. Ekskavatorchilik kursini bitirgach, uzoq yillar shu kasbda ishlab, obro'-e'tibor topdi. 1985 yilda pensiyaga chiqqan otaxon ayni paytda keksalik gashtini surmoqda.
Vapo otaning bir-biridan zukko farzandlari bobo atrofida parvona. Ayni paytda kenja farzandi Faxriddin Iskandarov xonadonida istiqomat qiladi. Kelini Marg'uba Sobirova 29 yildan buyon Vapo otaning xizmatida. Otaxon 20 nafar nabira, 25 nafar evaraning suyukli bobosi. Farzandlari Bahodir uzoq yillar Ko'shko'pir tumanidagi 28-maktabda ishlab, pensiyaga chiqdi. Farhod fermer xo'jaligi rahbari, qizi Dilorom tumandagi “Amirqum” mahallasidagi maktabgacha ta'lim tashkiloti rahbari. Nargiza uy bekasi. Faxriddin Iskandarov shifokor, Urganch tuman tibbiyot birlashmasida travmatolog bo'lib ishlamoqda.
Hayot sinovlardan iborat. To'ng'ich farzandi Sobirjonning bevaqt vafoti Vapo otaning qaddini bukib qo'ydi. Farzand dog'ini ko'tara olmagan Solijon aya 2020 yilda 86 yoshida omonatini topshirdi…
Ko'ksini shoda-shoda orden va medallar bezab turgan Vapo bobo Iskandarov xonadonidan mehmonlar arimaydi. Katta hayotiy tajribaga ega bo'lgan otaxon uzoq-yaqindan kelganlarga o'zining pandu nasihatlarini beradi.
“Nuroniy” jamg'armasi Xorazm viloyati bo'limidan olingan ma'lumotga ko'ra, ayni paytda viloyatda 20 nafar 100 va undan oshgan nuroniy otaxon va onaxonlar istiqomat qilib, ular bugun izzat-e'tiborda. Viloyat hokimi Jo'rabek Rahimov, “Nuroniy” jamg'armasi Xorazm viloyati bo'limi raisi Rustam Sultonovlar vaqti-vaqti bilan ulug' yoshdagi nuroniylar huzurida bo'lib, ularning holida boxabar bo'lishmoqda.
— Prezidentimizning nuroniylarga ko'rsatayotgan g'amxo'rliklaridan cheksiz minnatdormiz, — deydi Vapo otaning kenja farzandi — shifokor Faxriddin Iskandarov. — Zero, ulug'larimizning bosib o'tgan umr yo'llari yoshlarimiz uchun ulkan hayot dorilfununidir.
Shavkat SULTONOV,
“Nuroniy” muxbiri.