Maryam ona Nezayeva bugun 102 yoşga kirgan bölsa-da, 85 yil avvalgi voqeani sira unutmaydi. Ikkinçi jahon uruşi boşlanib, Boşqirdistonning Ufa şahridagi bolalar uyining 23 nafar tarbiyalanuvçisini front orti manzillariga evakuatsiya qilişdi. 16 yoşli Maryamni şu tarzda ikki dugonasi bilan Samarqand şahrida kutib oldilar.
— Öşanda… — oğir söliş olib söz boşlaydi onaxon, — bizni kutib olgan kişi bilan 15 kilometr piyoda yurib, Dahbed degan qişloqqa kelganmiz. U yerda ikki öğlidan ham qoraxat olgan yolğiz kampirga qiz bölganman. Yangi onam bolalarining alami bois, bölsa kerak, qattiq bemor bölib, ruhiy kasalliklar şifoxonasiga yotqizilgaç, meni Oqdaryo tumanidagi Kallar qişloğiga olib kelişgan. U manzilda bir oyça Qöçqor Xudoyberdiyev degan otaning uyida yaşadim. Keyin meni Qarqara qişloğidagi Ortiq aka Rahmatovning oilasiga olib kelişdi. Öşa oilaga qiz böldim.
Donişmandlar ne voqea bölsa-da, “yaxşilikka” deyişni maqbul körişgan. 16 yoşli Maryamning mudhiş uruş tufayli Özbekistonning Samarqandiga, Oqdaryosiga kelib qolişi ham yaxşilikka bölgan ekan. U uruşning front orti oğir kunlarini Ortiq Rahmatovning qizi bölib, özbeklar bilan birga ötkazdi. Erkaklarning aksariyati frontga ketib, kolxozning paxta, pilla, buğdoy yetiştiriş işlarining bari ayollar zimmasida bölgani uçun, xotin-qizlar uyda ayol, dalada erkak bölib işlaşardi. Mehnat oğir, qahatçilik, uruş musibatlarining köpligi undan ham oğir kunlarda elning saboti ham, sabri ham, odamiyligi, insonparvarligi ham sinovdan ötardi.
Maryam ham barça qişloqdoşlari qatori, toş kelsa kemirib, suv kelsa simirib, nima mehnat bölsa, el bilan birga bajarib, hayot sinovlaridan ötdi. 25 yoşga kirganida, uruşda oğir yaralanib, öpka qismida oskolka bilan qaytgan Zokir ismli tatar yigitga turmuşga çiqdi. Zokir ham, Maryam ham Özbekistonning faqat quyoşi, tuproği, suvigina emas, odamlari ham mehrli, muhabbatli ekanini öz hayotlarida kördilar. Aniqroği, yurtimizda asl özbek bölib yaşadilar. Töy, azada el bilan birga bölişdi. Urfu odatlarimizni maromida bajarişdi. Uç öğil, uç qiz körib, bariga özbekça ism qöyişdi. Bolalarini özbek maktablarida öqitib, özbekça tarbiyalaşdi. Uç öğlini özbek qizlariga uylantirib, uç qizini özbek yigitlariga uzatişdi.
Zokir aka uruş janggohlaridan birga olib kelgan öpkasi yonidagi oskolka köp qiynadi. U 1995 yili vafot etdi. Maryam ona bolalariga endi ham ota, ham ona bölib yaşay boşladi. Özbek mahallasining odatlariga köra, qöni-qöşnilar uning suyançiği bölişdi. U esa mahalla ayollarining biriga opa, biriga singil bölib yanayam özlaşib ketdi.
— Bu yerda orttirgan köp döstlarim ötib ketişdi, — ohista gapiradi Maryam ona. — Bizdan ikki eşik naridagi Rohatxon 1933 yili tuğilgan, Norxol esa 1936 yilda tuğilgan edi. Ularning biri mendan töqqiz yoş, biri ön ikki yoş kiçik bölsa-da, qadrdon böp ketuvdik. Har bahorda birga sumalak pişirardik. Bir-birovimizning töy-töyçiğimizda, turli marosimlarda qatlama, patir pişirib, savat kötarib kirardik. Uçalamiz mahallaning eng yoşi uluği bölib, har bir yiğinda törda ötirardik. Birga bölardik. Yoşligimizni birga eslab, suhbatlaşardik. Attang, meni taşlab ötib ketişdi. Joylari jannatdan bölsin ularning… Men ularga doim uruş tufayli bu manzillarga kelib qolganimga şukronam köpligini aytardim. Rost-da, men bu mamlakatda mehribonlarim, baxtimni topdim. Elga qöşildim. Bolalarimning töylarida özbek qudalarimdan sarupolar kiyib, törlarda qör tökib ötirdim. Yuz yoşga yetganimda, Prezidentimizdan orden (“Şuhrat” medali demoqçi) keldi. Ordenli böldim. Erim köp takrorlagan gap, yaʼni 41-yilgi evakuatsiya men uçun xayrli bölgan ekan…
Maryam onaning şukronasi bejiz emas, öşa davrda Samarqanddan Dahbedgaça piyoda, daryo keçib kelgan bölsalar, bugun onaxon yaşayotgan mahallaning har bir xonadonida yengil avtoulovlar bor. Yangi ravon yöllar, mustahkam köpriklar qurildi. Yangi imoratlar qad kötardi.
Yurtboşimizning nuroniylarni ardoqlaş, ularning faolligini oşiriş, soğliklarini tiklaş, tajribalaridan foydalaniş borasidagi köplab qarorlari amalga oşirilyapti.
Maryam ona Nezayevaning Toirjon, Zoirjon, Zopirjon, Gulnoraxon, Zamiraxon, Jamilaxon degan özbekça ismli, çinakam özbek bölib ketgan olti farzandining bari taʼlim-tarbiyali, hunarli, bilimli, mehnati bilan elda obrö topişdi. Şu kunda hammasi nuroniylar safida. Olti farzandi kelinlaru kuyovlar bilan ön ikki nafar bölgan. Nevara, evara, çevaralar bilan esa yuzga yaqin bölib qolgan. Maryam ona barakasi uçadi, deb heç qaçon ularning neça nafar ekanligini aytmaydi.
Tabarruk Maryam onani nevara-çevaralarning qay biri buvi deydi, kim katta buvi, yana kimlari momo deyişadi. Onaxonga har safar sovğa bilan kelişadi. Kim römol, kim ipakli matodan kökrak burma köylak, kim maxsi-kaliş keltiradi. Sovğa keltiruvçilar yoppa jamlansa bormi, hovliga siğmay ketişadi.
Maryam ona bugun kenja öğli Zopirjon va Zoirjon bilan birga yaşayapti. Zoir akaning ayoli Tuymagul onaning parvarişi bilan band. Zokir otadan qolgan bu xonadon barça uçun katta eşik deb ataladi. Unda Zokir ota (Olloh rahmat qilsin) va Maryam onaning öz qöllari bilan ekkan ön xilga yaqin mevali daraxtlari, fayzli tomorqasi bor. Maryam ona hamişa xonadonida sigir-buzoq bölişini istagani uçun hozir çorva boqiladi. Axir keldi-ketdi köp, mehmon uzilmaydigan uyda qaymoq, sut, qatiqning bölgani yaxşi-da…
Maryam ona yaşaydigan “Amir Temur” mahallasi aholisi onaxonni ziyorat qiliş uçun kelib turişadi. 102 yoşli tabarruk momo esa ularga bugungi farovon kunlarning qadriga yetiş, xalqimizning qadim qadriyatlarini unutmaslik, yaxşi öqib, elga xizmat qiliş darkorligi haqida gapiradi. “Qarisi bor uyning parisi bor”, deb şunga aytsalar kerak-da.
Zamira RÖZIYEVA,
“Nuroniy” muxbiri.