Umrimiz — murakkab kechmishlar silsilasi. Unda sinovlar, saboqlar, yo'qotish va yutuqlarimiz bor. Ammo inson sifatida yashamoqning haqiqiy bahosini faqat shaxsiy muvaffaqiyatlar bilan emas, balki ortda qoladigan izlar — xushxulq avlod, mustahkam oila, qaror topgan bardavom qadriyatlarga bog'lasak, mezonni to'g'ri qo'ygan bo'lamiz.

“Qo'sha qarish saodati” loyihasi doirasida Toshkent viloyati Parkent tumanidagi 29-sonli bolalar musiqa va san'ati maktabida o'tkazilgan “Ularning hayoti biz uchun ibrat” mavzusidagi ma'naviy-ma'rifiy uchrashuv ayni hayot haqiqatini yana bir bor yodimizga soldi. Unda ishtirok etarkanmiz, oila — jamiyatning eng muhim tayanchi, uning barqarorligi millat ma'naviyati poydevorini mustahkamlashdagi asosiy omillardan biri ekanligi amalda yaqqol namoyon bo'ldi.

Zotan, bundan ko'zlangan asosiy maqsad ham shu — salkam yarim asr davomida yelkama-elka turib umr kechirayotgan, qo'sha qarish baxtiga erishgan ibratli oilalarni jamoatchilikka tanitish, shu orqali aholi, ayniqsa, yoshlarda oila institutiga nisbatan mas'uliyat va ehtirom tuyg'usini yanada yuksaltirish.

Tadbirda Toshkent viloyatining turli go'shalaridan kelgan mehmonlar, jumladan, “Nuroniy” jamg'armasi hamda “Buvijonlar maktabi”ning viloyat va tuman-shahar tuzilmalari vakillari, Parkent tumani hokimligi mas'ullari, mutasaddi idora va tashkilot rahbarlari ishtirok etdilar. Uchrashuv avvalida hududda istiqomat qiluvchi yettita ibratli oila nomi o'qib eshittirilib, davraga taklif etildi.

“Nuroniy” jamg'armasi Toshkent viloyati bo'limi raisi Abdusamad Nosirov so'zga chiqib, ayni kunda yurtimiz, xususan, Toshkent viloyatida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli bunyodkorlik ishlari aholining ijtimoiy farovonligini oshirish, ma'naviy muhitni sog'lomlashtirish borasida salmoqli natijalar berayotganini ta'kidladi. Shuningdek, nuroniylarning jamiyat hayotidagi o'rni va ta'siriga alohida to'xtalib, ajrimlarning oldini olish, yoshlarni yot g'oyalar ta'siridan asrash, dabdababozlik va boqimandalik kabi illatlarga qarshi kurashishda faol ishtiroki hal qiluvchi ahamiyat kasb etayotganini urg'uladi. Shu bilan birga, jamoatchilik faollariga bildirilgan ishonchni amaliy ishlar bilan oqlash, targ'ibot va tushuntirish ishlarini yanada kuchaytirish zaruratini misollar asosida bayon etdi.

Shundan so'ng O'zbekiston xalq shoiri, senator, Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo'limi rahbari Mahmud Toir bu kabi uchrashuvlar jamiyat ma'naviy immunitetini kuchaytirishga xizmat qilishini alohida qayd etdi. Shunday ekan, yoshlarni asrash, ularni millat kamoloti yo'lida sobitqadam bo'lishga da'vat etish har bir ziyolining burchi ekanini  ta'kidladi. Mahmud Toir o'z she'rlaridan o'qib, davraga o'zgacha iliqlik va ruhiy ko'tarinkilik ulashdi. Qolaversa, O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiysi, Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo'limi rahbari Rahmatilla Sheraliyev ham bugungi tezkor va axborot oqimlari kuchaygan davrda oilaviy qadriyatlarni asrash nafaqat ijtimoiy, balki strategik vazifaga aylanayotganini eslatib o'tdi.

Darhaqiqat, oila mustahkam bo'lsa, jamiyat rivojlanadi, jamiyat rivojlansa, davlat taraqqiyoti barqaror tus oladi. Qadriyatlar asralgan muhitda ma'naviy parokandalikka o'rin qolmaydi.

— Biz tadbirga tayyorgarlik ko'rish jarayonida ibratli oilalarni tanlab oldik, — deydi tuman “Buvijonlar maktabi” guruhi rahbari Ra'no Fayziyeva. — E'tibor bergan bo'lsangiz, ularning barchasi o'zaro hurmat va ishonch asosida oilaviy baxt poydevorini yaratganlar. Qolaversa, sevgi mohiyati hozirgi yoshlar nazdidek, moddiy barqarorlik, hashamat va doimiy izhorlar bilan emas, balki uzoq yillar davomida mehr, matonat hamda bag'rikenglik bilan barpo etiladigan ne'mat ekanligi yaqqol tushuntirib berilgani yoshlarimizga chuqur ta'sir qildi.

Sahna to'ridan joy olgan nuroniylar umr yo'lini halol mehnat, sadoqat va oilaviy barqarorlik bilan bezagan, jamiyat uchun ibrat bo'lib kelayotgan qutlug' insonlardir. Xususan, A'zamhoji ota Ro'zitoyev va Mehri hoji ona Ro'zitoyeva tumanning “Guliston” mahallasi faxri. A'zamhoji ota uzoq yillar davlat boshqaruvi tizimida mas'ul lavozimlarda ishlab, tuman hayotida faol ishtirok etgan tajribali rahbarlardan. Mehri hoji ona esa ta'lim sohasida samarali mehnat qilib, necha avlod o'quvchilariga saboq bergan fidoyi ustozdir. Ular to'rt nafar farzandni voyaga yetkazib, barchasiga oliy ta'lim olish imkonini yaratgan.

Bugun 14 nafar nabira, 6 nafar evara ardog'ida. Mirhoji ota Mirxalilov va Arofat Mirxalilovalar “Kichikqo'rg'on” mahallasida obro'-e'tibor qozongan ziyolilar oilasi. Mirhoji ota umrini ta'limga bag'ishlagan tajribali pedagog. Arofat opa ham mehnat faoliyati davomida jamoat ishlarida faol bo'lgan. Yetti nafar farzandni kamolga yetkazgan bu xonadonda barcha farzandlar oliy ma'lumotli, turli sohalarda samarali mehnat qilyapti. 28 nafar nabira va 8 nafar evara qalblarini quvonchga to'dirgan.

Ahmadhoji ota Koraboyev va Anora hoji ona Koraboyeva “Yangi Sanganak” mahallasida uzoq yillar mehnat qilgan fidoyi insonlardir. Ahmadhoji ota aloqa sohasida muhandis sifatida ishlab, tuman infratuzilmasining rivojiga katta hissa qo'shgan. Anora hoji ona esa tikuvchilik sohasida mehnat qilgan. To'rt nafar farzandni tarbiyalab, ularning barchasini oliy ma'lumotli qilib voyaga yetkazishgan.

13 nafar nabira va bir nafar evarasi bor. Abdumannop hoji ota Abdullayev va Raisa Abdullayevalar “Kumushkon” mahallasida katta hurmat qozonishgan.  Abdumannop hoji ota yo'l qurilishi sohasida muhandis bo'lib ishlagan, Raisa opa esa xizmat ko'rsatish tizimida faoliyat yuritgan. Olti nafar farzandni tarbiyalab, ularning barchasini oliy ma'lumotli etib kamolga yetkazishgan. 16 nafar nabira va 4 nafar evarali baxtli xonadonlardan.

Ibrohim Bulalov va Shoira Bulalova “O'choq” mahallasida faol jamoatchilik va ilmiy muhitda o'z o'rniga ega bo'lgan oila. Ibrohim ota ilmiy sohada va mahalla faoliyatida samarali mehnat qilgan, Shoira ona esa ishlab chiqarish sohasida fidoyilik ko'rsatgan. Besh nafar farzandni hayotda o'z yo'lini topgan, oliy ma'lumotli insonlar sifatida tarbiyalashgan. 16 nafar nabiraga bosh.

Toshtemir Murodov va Mehri Murodovalar Changi qishlog'ida mehnat va sadoqat bilan obro' topgan insonlar. Toshtemir ota qishloq xo'jaligi sohasida rahbarlik lavozimlarida ishlab, hudud taraqqiyotiga hissa qo'shgan. Mehri ona tibbiyot sohasida hamshira sifatida uzoq yillar aholi salomatligi yo'lida mehnat qilgan. Sakkiz nafar farzandni kamolga yetkazgan, 30 nafar nabira va 10 nafar evaraga ega bu xonadon serfarzand oilaning yorqin namunasidir.

Husniddin To'qsonov  va Maysara To'qsonovalar “Mozorhoji” mahallasida ma'naviyat va san'at ahli sifatida e'tirof etilgan oila. Husniddin ota san'at sohasida faoliyat yuritib, hozirga qadar yosh avlodga musiqa sirlarini o'rgatib kelyapti. Maysara ona ham mehnat faoliyati orqali oila ravnaqiga hissa qo'shgan. To'rt nafar farzand, 11 nafar nabirasi bor.

Saidg'ani Egamberdiyev va Porixa Egamberdiyeva  “Bog'bon” mahallasidan.

Saidg'ani ota ilmiy sohada katta tajribaga ega mutaxassis, Porixa ona esa tilshunoslik yo'nalishida ta'lim berib kelayotgan ustoz. Besh nafar farzandni oliy ma'lumotli qilib tarbiyalashgan. 15 nafar nabira ardog'ida yashab, yarim asrdan ziyod qo'sha qarish saodatini boshdan kechirishyapti. Saidg'ani otaning mehnat faxriysi sifatida e'tirof etilishi bu oilaning jamiyat oldidagi xizmatini yana bir karra tasdiqlaydi. Tadbir davomida san'at maktabi ustozlari ijrosida yangragan musiqalaru dilrabo qo'shiqlar davraga yanada fayz kiritdi. Yakunda ibratli oilalarga hamkor tashkilotlarning Tashakkurnomasi va esdalik sovg'alari topshirildi.

Ha, ular nafaqat o'z farzandlari, balki butun mahalla va jamoatchilik uchun hayot maktabi bo'lib kelmoqda. Qo'sha qarigan oilalarga bosh bo'lgan nuroniy otaxonu onaxonlarning fikrlari, hayot sinovlaridan o'tgan mulohazalarini tinglar ekanmiz, shoirning “Har yerda baxtiyordir uyida baxti borlar” degan so'zlari nechog'li haqiqat ekanligini yurak-yurakdan his etdik. Chunki baxt tasodif emas. U sabr bilan parvarish qilinadi, mehr bilan mustahkamlanadi, hurmat va sadoqat bilan asraladi. Shu ma'noda, bunday tadbirlarda ishtirok etgan jamoatchilik faollari o'z hududlariga borib, shunday ibratli oilalar safini kengaytirishni maqsad qilsa, yoshlar va o'rta avlod vakillari sabr va qanoatning oltin hosilasini anglab yetsa, jamiyatda barqaror, ma'nan mustahkam oilalar soni ortib boraveradi.

Ilhomjon ABDUSALOMOV. 

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan