Jizzax viloyati G'allaorol tumanida tabArruk yoshli otaxon yashaydilar. Bu serg'ayrat otaxonni ko'rganlar 100 yoshdan o'tganiga aslo ishonishmaydi. Otaxon farzandlari, nabiralariga: “Harakatda — barakat, shunga qodir qilib qo'ygan Allohimga shukr, meni avaylab, ish qildirmaysizlar, ammo zarar berayotganingizni bilmaysiz”, deya ularning qo'lidan ishini oladi. Bog'da ko'chat ekish, daraxtlarga, toklarga ishlov berish, o'tin yorish kabi yumushlarni hamon o'zi bajaradi.
Abdurahmon ota O'rolov 1932 yil 9 mayda tug'ilgan. 1953 yilda Lalmikor qo'rg'onidagi 22-sonli maktabni tugatib, kadrlar yetishmasligi tufayli maktabda o'qituvchilik qila boshlagan. Keyinchalik Samarqand davlat universitetida o'qib, oliy ma'lumot olgan Abdurahmon ota qirq yillik pedagoglik faoliyati davomida ko'plab shogirdlarni tarbiyaladi. Hozirda ular jamiyatimizning turli sohalarida mehnat qilmoqdalar.
Otaxonning xonadonidan ziyoratga keluvchilarning qadami uzilmaydi. Katta-yu kichik mehmonlar tabarruk otaxonning duolarini olishga, suhbatidan bahramand bo'lishga oshiqadi.
— 100 yoshga yaqinlashdim desam, hech kim ishonmaydi, shuning uchun tug'ilganlik haqidagi guvohnomamni olib yuraman, — deydi otaxon jilmayib. — Nari borsa, oltmish besh — yetmish yoshdasiz, deydi ko'plar. Ilohim, har doim sen aytgan yoshdagidek bo'lib yuray, deyman kulib. Uzoq umr ko'rishimning sababini so'rashadi. Avvalo, Alloh bergan umr, keyin bandaning o'ziyam sababchi bo'ladi, deyman. Birovga yomonlik sog'inmayman, ko'nglimda gina saqlamayman. Kimdir yomonlik qilsa ham, tez unutaman. Yaxshi odamlarga, omadlilarga, yutuqlarga erishganlarga har doim havas bilan qarayman. Bolalarim ham shunday omadli bo'lsin, deb niyat qilaman. Yordamga muhtoj odamni ko'rsam, darrov ko'makka oshiqaman. Ovqatlanishimga e'tiborliman, kuchli, hazmi og'ir taomlardan ehtiyot bo'laman. Har doim harakatdaman.
Darhaqiqat, otaxon sira tinib-tichimaydi. Og'ir mehnat qilmasa-da, bog'dagi daraxtlarni butash, ko'chatlarni payvandlash, qurigan shoxlarini kesish, o'tin chopish kabi ishlarni mehr bilan bajaradi. Otaxonning ko'zlari hali ko'zoynakka ehtiyoj sezmaydi, eshitishi yaxshi. Fikrlari tiniq, biror sohadan so'z ochilsa, sanalar va faktlarni aniq keltirib beradilarki, quvvai hofizalarining kuchiga qoyil qolasiz. To'rt nafar farzandining hammasi o'zidan tingan, bari nafaqada, nevaralari, evaralari bir mahalla bo'lib ketgan.
Qirq yillik o'qituvchilikdan nafaqaga chiqqan otaxon yigirma yilga yaqin mahalla raisi bo'lib faoliyat olib borganlar. Mahalla ahlida nima muammo bo'lsa, hammasiga yordam berib, maslahatini ayamagan. Uning sa'y-harakati bilan ajrim yoqasiga kelib qolgan ko'plab oilalar saqlanib qolgan. Bugungi kunda baxtli hayot kechirayotgan bu oilalar farzandlari, nabiralari bilan kelib, otaxonning duosini olib ketishadi.
Abdurahmon otani maktablarga, mahalladagi yoshlar bilan uchrashuvlarga tez-tez chaqirib turishadi. Otaxon yoshlarga boshidan o'tkazgan qiyin kunlari, qimmatchilik, qahatchilik yillari haqida gapirib beradi. Bugungi dorilomon kunlarning qadriga yetish, vaqtni zararli ishlarga sarflamay, o'qib, ishlab, Vatan ravnaqiga o'z hissalarini qo'shishga chaqiradi. Davlatimiz rahbari tomonidan berilayotgan imtiyozlardan unumli foydalanib, kelajak hayotini to'g'ri yo'lga qo'yish uchun harakatni bugundan boshlash lozimligini uqtiradi.
Shunday tabarruk duogo'ylari bor uy, mahalla, tuman, viloyat, butun mamlakat yoshlariga yot g'oyalar, buzg'unchiliklar chang sololmasligiga ishonamiz, chunki azim chinorlarimiz, mustahkam qo'rg'onlarimiz — otaxonlarimiz o'z duolari bilan balo-qazolardan qo'riqlab turadilar.
Asolat AHMADQULOVA,
“Nuroniy” muxbiri.