Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida yoshi ulug' insonlar ko'pchilikni tashkil qiladi. Ularning ibratga to'la hayoti va faoliyati barchamiz uchun o'ziga xos tajriba maktabi bo'lib xizmat qiladi, desak, aslo mubolag'a qilmagan bo'lamiz.
Ana shunday mo''tabar onaxonlardan biri “Amir Temur” MFYga qarashli To'qmoq qishlog'ida istiqomat qilib kelayotgan 101 yoshli Maryam ona Nizayevadir.
Maryam ona 1924 yilda Rossiyaning Ufa shahrida tug'ilgan. Inson taqdiri turli sinov va mashaqqatlarga to'la bo'larkan. 1942 yilda Ikkinchi jahon urushi sababli onaxon oilasi Rossiyadan O'zbekistonga evakuatsiya qilingan.
Maryam aya Ikkinchi jahon urushida fidoyilik bilan xizmat qilgan turmush o'rtog'i Zokir Gaynatullayev bilan birgalikda uch qiz va uch o'g'ilni voyaga yetkazib, barchasini uyli-joyli qilishgan.
Bugungi kunda onaxonning 21 nafar nevarasi, 50 nafar chevarasi va 3 nafar evarasi bor.
Onaxon qishloq ahlining yuragidan mehnatsevarligi, pazandaligi, chaqqon va epchilligi, shu bilan bir qatorda, o'ziga xos donishmandligi bilan chuqur joy olgan.
Yoshi ulug' onaxon har bir lahzasi, ko'rgan-kechirganlari, bugungi dorilomon kunlar uchun chin dildan shukrona aytadi. Farzandlariyu nevara-chevaralari va qishloq ahliga doimo o'zining insoniylik o'gitlarini berib boradi. Vatanni sevish, ona yurtga chin dildan xizmat qilish, halol bo'lishni uqtiradi.
Yurtimizda yuzdan oshgan tabarruk inson — Maryam ona Nizayeva kabi farishtasifat momolarimiz bor ekan, ularning duolari bilan mamlakatimizning gullab-yashnashi, xalqimizning yanada farovon bo'lishiga aslo shubha yo'qdir.
Bahodir Qilichev.