So'nggi kunlarda ayrim internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda Hindistonda nipax virusi keng tarqalayotgani hamda u og'ir oqibatlarga olib kelishi haqida turli xabarlar tarqalmoqda.
Xo'sh, nipax qanday virus?
Nipax ilk bor qariyb 30 yil avval aniqlangan bo'lib, xavfli viruslar toifasiga kiradi. Ushbu virus ko'p hollarda yashirin yoki simptomsiz kechadi. Uning og'ir shaklida bosh miya qobig'ining yallig'lanishi (meningoensefalit), jigar, buyrak va taloq faoliyatining buzilishi kabi jiddiy belgilar hamda ba'zida o'lim holatlari kuzatilishi mumkin.
Afsuski, dunyoda Nipax virusiga qarshi alohida vaksina ishlab chiqilmagan. Muolaja jarayoni, asosan, simptomatik, ya'ni bemordagi belgilarga qarab olib boriladi.
U qay hollarda yuqadi?
Asosan, ko'rshapalaklar va cho'chqalar orqali yuqadi. Ayniqsa, ko'rshapalaklar tishlagan yoki tirnoq izi tushgan mevalarni iste'mol qilish, shu hayvonlar bilan yaqin va muntazam muloqotda bo'lish virus yuqish xavfini oshiradi.
Shuningdek, ayrim hollarda u odamdan odamga ham yuqishi mumkin. Bu esa, asosan, bemor bilan yaqin aloqada bo'lganlarda kuzatiladi. Shu jumladan, tibbiyot xodimlari ham xavf guruhiga kiradi.
Virusning O'zbekistonda tarqalish ehtimoli bormi?
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo'mitasi raisining birinchi o'rinbosari Nurmat Otabekovning so'zlariga ko'ra, mamlakatimizda Nipax virusi bilan bog'liq epidemiologik vaziyat barqaror va xavotirlanishga hech qanday asos yo'q. Boisi, uning O'zbekiston hududida tarqalish ehtimoli juda past.
Shu bilan birga, Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti ushbu virus dunyoda ham keng ko'lamli epidemiya yoki pandemiya keltirib chiqarish ehtimoli yo'qligini ta'kidlamoqda.
Bu virusning mamlakatimizga kirib kelish ehtimoli juda past bo'lsa-da, shu kunlarda Hindistonga borishni rejalashtirayotgan yurtdoshlarimizga bir nechta profilaktika choralarini ko'rish tavsiya etiladi.
Xususan, shaxsiy gigiena qoidalariga rioya qilish, qo'llarni sovun yoki antiseptik vositalar bilan tozalash, meva va sabzavotlarni iste'mol qilishdan avval yaxshilab chayish, tekshirilmagan suvni ichmaslik, ko'rshapalaklar tirnagani yoki tishlagani ehtimoli bo'lgan mevalarni iste'mol qilmaslik lozim.
Agar yuqori harorat, kuchli bosh og'rig'i yoki boshqa kasallik belgilari paydo bo'lsa, darhol shifokorga murojaat qilish kerak.
SSV matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, ayni paytda yurtimizda epidemiologik vaziyatni barqaror saqlash hamda chetdan kirib kelishi mumkin bo'lgan kasalliklarning oldini olish maqsadida 54 ta chegara punktida doimiy nazorat olib borilmoqda.
Mohigul Qosimova,
O'zA.