So'lim Namanganning Kosonsoy tumanida 106 yoshli, hammaga o'rnak bo'ladigan hayot yo'lini bosib o'tgan, shu tabarruk yoshida ham tinib-tinchimaydigan hamdamova Boltijon ona yashaydilar.
Aya hamon g'ayrat-shijoatli, hali-hanuz uy-ro'zg'or ishlarimi, nevara-evaralarga qarashmi, hamma ishga yordam berib ketaveradilar. Bundan tashqari, mahallaning faol nuroniylari bilan birgalikda ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalarni yarashtirish, xotin-qizlarni tarbiyalash, o'quvchi qizlarga odob-axloq saboqlarini berishda faollik ko'rsatib kelmoqdalar. Ularning yordami va sa'y-harakatlari bilan mahallalardagi ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar yarashtirildi.
Mahalla ayollari, qo'ni-qo'shnilar onaxondan maslahat olish, yo'l-yo'riq so'rash uchun tez-tez chiqib turishadi. Onaxon maslahati va yordamlarini hech kimdan ayamaydilar. Xonadoni har doim kelib-ketuvchilar bilan gavjum, fayzli. “Mehnatdan qochmanglar, bolalarim, mehnat odamni o'ldirmaydi, ulug'laydi. Chin yurakdan, mehr bilan qilingan ish hech qachon mukofotsiz qolmaydi. Har doim yuzingizni yorug', hurmatingizni baland qiladi. Esimni taniganimdan buyon mehnat qilaman. Alloh uzun va barakali umr bergani, elda aziz qilib qo'ygani shundan”, — deydi onaxon ziyoratga kelganlarga.
Onaxon to'liqsiz o'rta ma'lumotni Chust tumanidagi Rudakiy nomidagi maktabda olganlar. Ikkinchi jahon urushi yillarida front ortida fidokorona mehnat qilib, yaxshi kunlardan umid qilib yashaganlar. Frontdan keyingi tiklanish davrida ham qishloq xo'jaligi sohasida faoliyat olib borib, davlatimiz ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti yo'lida sidqidildan mehnat qilganlar. Bugungi kunda barcha qilgan mehnatlarining rohatini ko'rib, elning e'zozida umrguzaronlik qilmoqda. Mehnatlari e'tirof etilib, “Mahalla iftixori” ko'krak nishoni bilan taqdirlangan.
Boltijon onaning olti nafar farzandi, 22 nafar nabirasi, evarayu chevaralari bor. Yuz yoshdan oshib, bugungi kunda ham tetik, bardam onaxon barcha yo'qlab keluvchilarni duo qiladi. Duolarida bugungi dorilomon kunlarga shukronalik, yoshlarga insof, yurtga tinchlik-xotirjamlik so'rab charchamaydilar.
Asolat AHMADQULOVA,
“Nuroniy” muxbiri.