Samimiy tuyg'ular bilan bitilgan, yurakka yaqin she'rlar insonga o'zgacha yupanch beradi. “Do'stlik” ordeni sohibi, taniqli shoir, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi Chorsham Ro'ziyev ijodi ham insonni o'ziga ohanrabo kabi tortadi, desak mubolag'a emas.

Chorsham Ro'ziyev 1955 yil 8 dekabr sanasida Buxoro viloyati Kogon tumanidagi Miyonko'l qishlog'ida oddiy dehqon Yo'ldosh Ro'ziyev oilasida dunyoga kelgan. Maktabni oltin medal bilan tugatgach, 1974-1980 yillarda hozirgi O'zMUning jurnalistika fakulteti kechki bo'limida tahsil olgan. Oliy o'quv yurtini imtiyozli diplom bilan tamomlagan. O'zbekiston radiosi, Yozuvchilar uyushmasi, “Sog'lom avlod uchun” jurnali, “O'zbektelefilm” studiyasi va Milliy teleradiokompaniya tahririyatlarida faoliyat yuritgan.

Shoirning bugungi kunga qadar she'riy, hajviy, dramaturgiyaga oid va ko'plab xotira — esse kitoblari chop etilgan. Tanlangan asarlari, “Ismoil Somoniy” nomli tarixiy dramasi, “Afandi aldamaydi” nomli hajviy kitobi, ijoddagi ustozi, O'zbekiston xalq shoiri, xalqaro Mahmud Qoshg'ariy mukofoti sohibi Rauf Parfiga bag'ishlangan “Abadiyat qo'shig'i” nomli essesi shular jumlasidandir. Yaqinda shoirning “O'zbekning bir oilasi” nomli xotira kitobi ham chop etildi.

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Chorsham Ro'ziyev tavalludining 70 yilligiga bag'ishlab o'tkazilgan adabiy-ijodiy uchrashuvda O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiysi, ustoz jurnalist, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev shunday degan edi:

— Uning she'riyati ibratli, hikmatli she'riyat. Zero, shoirning o'zi ham xalqiga intilgan, xalq esa unga intilgan shoirdir. Rauf Parfi “she'r —  o'ngda ko'rilgan tush” deb ta'riflagandi. Chorsham o'z ijodida shu so'zlarning ma'no-mazmunini ochib berdi.

Shuningdek, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining ijodiy masalalar bo'yicha birinchi o'rinbosari Minhojiddin Mirzo, taniqli adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori Qozoqboy Yo'ldoshev ham Chorsham Ro'ziyev —  eng qaltis damlarda ham o'z milliyligini yo'qotmagan, odamiylik maqomini baland tutib kelayotgan ijodkor ekanligini e'tirof etishdi.

Kamina Chorsham Ro'ziyev bilan 1996 yildan 2008 yilgacha O'zMTRK qoshidagi “O'zbektelefilm” kino-video studiyasida hamjihatikda mehnat qildim. Chorsham dublyaj studiyasining katta muharriri edi. Uning o'z ishiga puxta, har jabhadan xabardorligi, zukkoligi, samimiyligi, xodimlarga nisbatan mehribon, g'amxo'rligi barchani hayratga solmay qo'ymasdi. Uning she'rlariga bastalangan qo'shiqlar allaqachon radiomizning oltin fondidagi xazinalardan biriga aylangan.

Shoir juda kamtarin, atrofi­dagilarning fidoyi mehnatlarini qadrlaydigan inson. Qaysi vazifada ishlamasin, darrov jamoaning hurmat-e'tiborini qozonadi.

Halilulloh Tojimuhamedov,

mehnat faxriysi.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan