Ikromxon Najmiddinov,
“Nuroniy” jamg'armasi
Namangan viloyat bo'limi
raisi, senator.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil 26 dekabrdagi Oliy Majlisga va ko'p millatli o'zbek xalqiga Murojaatnomasini Toshkent shahridagi anjumanda Yurtboshimiz bilan yuzma-yuz turgan holda, katta hayajon va mas'uliyat bilan tinglar ekanman, O'zbekistonimizning 2025 yildagi olamshumul rivojlanishi va 2026 yil hamda yaqin besh yillikdagi yangi marralari ko'z oldimda gavdalandi.
Darhaqiqat, mamlakatning taraqqiyot darajasini belgilovchi ko'rsatkichlardan biri, bu — yalpi ichki mahsulot bo'lib, 2025 yilda uning hajmi 145 mlrd. dollarni tashkil etdi. Joriy yilda esa YaIM ni 167 mlrd. dollarga yetkazish maqsad qilib olindi. Bu raqamlar “O'zbekiston — 2030” strategiyasida 2030 yilga qadar mo'ljallangan marralarga 2026 yilning o'zida erishilishini ko'rsatmoqda. Shuning uchun ham Yurtboshimiz tomonidan “O'zbekiston — 2030” strategiyasini qayta ko'rib chiqish, yanada yuksakroq marralarni belgilab olish topshirig'i berildi va yangi marra belgilandi, ya'ni yangi besh yillik oxirida yalpi ichki mahsulot 245 mlrd. dollarni tashkil etadi. Bu raqamlar halqimizning turmush darajasi kundan-kunga yaxshilanib borayotganligini ifoda etadi, albatta.
Mamlakatimizda oxirgi 9 yilda erishilgan mislsiz rivojlanish va taraqqiyot natijasini Namangan viloyatida inson manfaatlari yo'lida olib borilayotgan bunyodkorlik, yaratuvchanlik ishlarining o'ziga xos ko'lamida yanada yaqqol ko'rishimiz mumkin. Yangidan-yangi ishlab chiqarish va xizmat ko'rsatish ob'yektlari, keng ko'lamli turar joy binolari, xizmat ko'rsatish shoxobchalari, GES va suv inshootlari, ravon yo'llar, kichik sanoat zonalari, Yangi O'zbekiston massivlari viloyat ahlining turmush sharoitini yanada yaxshilash maqsadlarini ko'zda tutadi.
Viloyatning yalpi hududiy mahsuloti 2025 yilda 107,2 foizga o'sganligi sohalarning jadal rivojlanayotganligidan dalolatdir. Dastlabki ma'lumotlarga ko'ra, sanoat 109,1 foiz, xizmatlar sohasi 115,3 foiz, agrosanoat 104,5 foiz o'sgan. Yakunlangan yilda kambag'allik darajasining 7,6 foizdan 2,5 foizga kamayganligi viloyatda “Kambag'allikdan — farovonlik sari” umummilliy dasturining izchil bajarilayotganligini ko'rsatadi.
Erishilayotgan bu kabi ijtimoiy-iqtisodiy samaradorliklar namanganlik keksa avlod vakillarini ham birdek xushnud etib, ular ham bugungi jo'shqin islohotlardan kuch hamda ilhom olgan holda, jamiyatda kechayotgan yangilanishlarda faol ishtirok etmoqdalar va dorilomon kunlarga cheksiz shukronalar aytmoqdalar.
Namangan viloyatida bugun 336,2 ming nafar pensiya va nafaqa oluvchilar, 273,0 ming nafar yoshga doir pensionerlar, 1901 nafar o'zgalar parvarishiga muhtoj keksalar, 235 nafar urushorti mehnat faxriylari bo'lib, to'liq ijtimoiy himoyaga olinganlar.
“Nuroniy” jamg'armasining viloyat bo'limi, shuningdek, uning tuman va shaharlardagi bo'linmalari keksa faxriylarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi faolligini ta'minlash yuzasidan qator tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda. Raqamlarga to'xtaladigan bo'lsak, o'tgan 2025 yilda 4745 ta ma'naviy-ma'rifiy, 2561 ta sport tadbirlari tashkil etilgan. “Salomatlik uchun 5 ming qadam” aksiyasida 66,5 ming nafar keksalar ishtirok etgan. 117,9 ming nafar keksaga turli yordamlar ko'rsatilgan. Jumladan, 65,2 ming nafari tibbiy ko'rikdan o'tkazildi, 8077 nafariga dori-darmon, 39,5 ming nafariga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi. Belgilangan tartibda 1283 nafar keksa avlod vakillari sanatoriylarda dam olgan bo'lsalar, 144,3 ming nafar keksa faxriylarimiz ichki turizm imkoniyatlaridan bahramand bo'ldilar.
Nuroniylarning boy tajribasidan yoshlarni barkamol avlod etib tarbiyalashda oqilona foydalanish maqsadida, o'tkazilgan “Uch avlod uchrashuvi” tadbirlarida 56,8 ming nafar nuroniy, 46,5 ming nafar o'rta avlod vakillari, 126,7 ming nafar yoshlar ishtirok etdilar. “Qo'sha qarish saodati” bo'yicha 938 ta tadbir tashkil etilib, 50-60 yil tinch-totuv yashagan oilalar yosh oilalarga namuna etib ko'rsatildi.
Mahallalarda tinchlik-osoyishtalikni ta'minlash, jinoyatchilik va huquqbuzarlik holatlarining oldini olish maqsadida, 16,4 mingta targ'ibot va davra suhbatlari tashkil etilib, ularda 81,4 ming nafar faol nuroniylar ishtirok etgan. “Yashil makon” milliy dasturi va boshqa davlat dasturlarining ijrosi bo'yicha, jamiyatdagi ayrim kamchilik va nuqsonlarni bartaraf etish maqsadida, 48,6 ming marta jamoatchilik nazorati tashkil etilgan.
“Bir nuroniy — o'n yoshga mas'ul” loyihasi bo'yicha 2243 nafar nuroniyga 22430 nafar muammoli yoshlar biriktirilib, tarbiyaviy ishlar olib borildi. Natijada ularning 99,7 foizining to'g'ri yo'lga tushib olishiga erishildi.
Oilalarni mustahkamlash, ajrimlarni kamaytirish maqsadida, “Nuroniy — har bir oilaga mas'ul” loyihasi bo'yicha 1370 ta muammoli oilaga bir nafardan nuroniy biriktirilib, olib borilgan tushuntirish, amaliy yordamlar natijasida ayni xonadonlardagi muammolar hal etilib, o'zaro munosabatlar mustahkamlandi.
“Kambag'allikdan — farovonlik sari” dasturi bo'yicha
2 bosqichda 13993 ta oila kambag'allikdan chiqarilishi bilan bir qatorda, ular jamg'arma hisobidan stol-stullar, sport kiyimlari va o'quv qurollari bilan ta'minlandi.
Albatta, bu kabi ko'rsatkichlar bilan birgalikda, kelgusida amalga oshirilishi lozim bo'lgan ustuvor vazifalar ham zimmamizga ulkan mas'uliyat yuklaydi. Yurtboshimiz tomonidan Murojaatnomada 6 ta ustuvor yo'nalish — Mahallani rivojlantirish va infratuzilmasini yaxshilash, Iqtisodiyotni yangi texnologiyalar asosida o'stirish, Ichki bozorni rag'batlantirish bilan aholi daromadini oshirish va turmush sharoitini yanada yaxshilash, Kasbga yo'naltirish va ta'limni rivojlantirish, Ekologiya va tabiatni asrash hamda Zamonaviy davlat boshqaruvi va adolatli sud-huquq tizimini joriy etish yuzasidan aniq maqsadlar bayon etildi.
“Mahalla mehr-oqibat va tarbiya o'chog'i bo'lishi kerak”, dedilar Prezidentimiz. Har bir mahallada 40 tadan ishlab chiqarish va xizmat ko'rsatish loyihalarini amalga oshirgan holda ishsizlikni kamaytirib, kambag'allikni 4,5 foizga tushirish vazifasi qo'yildi. Mamlakat iqtisodiyotini yangi texnika va ilm-fan bilan o'stirish, eksportbop va salmoqli qo'shimcha qiymat yaratadigan mahsulot ishlab chiqarish bilan 2026 yilda yalpi ichki mahsulot hajmini 167 mlrd. dollarga yetkazish va iqtisodiyotning 6,6 foizga o'sishiga erishish belgilandi.
Viloyatimizda ham yangi 2026 yilda inson manfaatlarini ta'minlash maqsadida, ortga qaytmas islohotlarni davom ettirgan holda yanada kattaroq marralarga erishish maqsad qilingan. Jumladan, Namangan viloyatida 2026 yilda 4,7 mlrd. dollarlik to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalar va kreditlarni o'zlashtirish maqsadida qiymati 7,3 mlrd. dollarlik 144 ta manzilli va qiymati 3,0 mlrd. dollarlik 52 ta istiqbolli loyihalar shakllantirildi. Hududiy investitsiya dasturi doirasida qiymati 1,3 mlrd. dollar bo'lgan 934 ta loyihani ishga tushirish, 35,6 mingta yangi ish o'rinlarini yaratish choralari ko'riladi. Shunga ko'ra, yalpi hududiy mahsulot hajmining 106,8 foizga o'sishi prognoz qilinmoqda.
Yangi yilda ham keksa avlod vakillarini har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ularning orzu-istaklarini ro'yobga chiqarish bilan bugungi kunlaridan mamnun bo'lib umrguzaronlik qilishlarini ta'minlash, shu bilan birga, jamiyatimizdagi faolliklarini yanada oshirish bilan bog'liq vazifalar asosiy kun tartibidan joy olgan.
Ma'lumki, Murojaatnomada nuroniylar zimmasiga yangi, mas'uliyatli va sharafli vazifa ishonib topshirildi. U ham bo'lsa, farzandlarimizning giyohvandlik girdobiga tushib qolishlarining oldini olish maqsadida, yoshlar o'rtasida, xususan, maktablarda keng qamrovli tushuntirish va targ'ibot ishlarini olib borishdir.
Ishonchimiz komilki, keksa avlod vakillari davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va o'zbek xalqiga Murojaatnomasini aholi o'rtasida keng targ'ib qilish barobarida, viloyat va tuman (shahar) hokimliklari boshchiligida hamkor tashkilot hamda idoralar bilan birgalikda ustuvor vazifalarning ijrosini ta'minlashda bor kuch-imkoniyatlarini ishga soladilar.