Ko'rik-tanlovining respublika bosqichi g'oliblari aniqlandi
O'zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo'llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg'armasi tomonidan an'anaviy tarzda o'tkazib kelinayotgan “Bir nuroniy — o'n yoshga mas'ul” ko'rik-tanlovining respublika bosqichiga bu yil Namangan viloyati mezbonlik qildi.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 19 yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi hamda 2023 yil 11 martdagi “Keksa avlod vakillarini har tomonlama qo'llab-quvvatlash hamda ularning ijtimoiy faolligini oshirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi Qarorlarida nuroniylarning jamiyat hayotidagi faolligini oshirish, yoshlar tarbiyasida ularning boy hayotiy tajribasidan samarali foydalanishga alohida e'tibor qaratilgan. Shu maqsadda Prezidentimiz tashabbusi bilan joriy etilgan “Bir nuroniy — o'n yoshga mas'ul” tamoyili asosida nuroniylarning yoshlar tarbiyasidagi faolligini oshirish borasidagi ishlar mamlakatimizda o'ziga xos qadriyatlar tantanasiga aylandi. Mana, bir necha yildirki, nuroniylarning yoshlar bilan olib borayotgan ishlari sarhisobi — “Bir nuroniy — o'n yoshga mas'ul” ko'rik-tanlovi an'anaviy tarzda o'tkazilib, g'oliblar taqdirlanmoqda.
Joriy yilda ham O'zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo'llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg'armasining Qoraqalpog'iston Respublikasi, Toshkent shahar va barcha viloyatlar bo'limlari tomonidan davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda mamlakatimizning barcha hududlarida “Bir nuroniy — o'n yoshga mas'ul” ko'rik-tanlovining tuman (shahar) hamda viloyatlar bosqichlari yuqori uyushqoqlik bilan tashkil etildi. Ularning barchasidan muvaffaqiyatli o'tib, hududiy bosqichda g'olib bo'lgan 14 nafar ishtirokchi respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo'lga kiritdi.
Ko'rik-tanlovning Qoraqalpog'iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlarning hududiy bosqichlari g'oliblari, faxriy mehmonlar va faol nuroniylarni namanganlik mezbonlar bayramona kayfiyatda, karnay-surnay sadolari ostida Namangan shahridagi Ma'naviyat va ma'rifat markazida kutib olishdi.
Tadbir avvalida Namanganda yashab ijod qilgan tarixiy shaxslar, ma'rifatli insonlar, allomalar, fozilu fuzalolar, jadidchilar, olimlar va iqtidorli yoshlar hayotidan sahna ko'rinishlari namoyish etildi.
Namangan viloyati hokimi o'rinbosari Jamshid Xatamov tadbirni kirish so'zi bilan ochib, viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqovning nuroniylarga yo'llagan tabrigini o'qib eshittirdi. Shundan so'ng “Nuroniy” jamg'armasi respublika Boshqaruvi raisi o'rinbsari Shuhrat Usmonov so'zga chiqib, mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan keksa avlod vakillariga ko'rsatilayotgan g'amxo'rlik, e'tibor va hurmat natijasida nuroniylar jamiyat hayotida kundan-kunga faol bo'lib borayotganini ta'kidladi va “Nuroniy” jamg'armasi respublika Boshqaruvi raisi, senator, O'zbekiston Qahramoni Sodiqjon Turdiyevning ko'rik-tanlov ishtirokchilariga yo'llagan tabrigini o'qib eshittirdi.
Ko'rik-tanlov ishtirokchilari uchta shart bo'yicha bellashuvlari boshlandi. Bellashuvlarni hakamlar hay'ati raisi, Iqtisodiyot universiteti huzuridagi O'zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirish ilmiy asoslari va muammolari ilmiy markazining sektor mudiri, iqtisod fanlari doktori, professor Bahodir Umrzaqov, hay'at a'zolari — Yoshlar ishlari agentligi direktori maslahatchisi Umidjon Bahromov, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi boshqarma boshlig'i, hay'at a'zosi Begmat Ochilov, O'zbekiston mahallalari uyushmasi bo'lim boshlig'i, hay'at a'zosi Ilyos Dostonov, O'zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo'mitasi bo'lim boshlig'i Rahima Mirxoliqovalar baholab borishdi.
Nuroniylar barcha shartlarda faol ishtirok etdilar. “Bir nuroniy – o'n yoshga mas'ul” tamoyili doirasida amalga oshirgan ishlari yuzasidan tayyorlagan albom va yozma ma'lumotlarida, “Nuroniylar bellashuvi” shartida o'zlariga biriktirilgan uyushmagan, muammoli 10 nafar yoshlarni to'g'ri yo'lga qaytarish va jamiyatda o'z o'rnini topishiga ko'maklashish borasida amalga oshirgan ishlarini bayon etishdi.
Bu yilgi bellashuvlar juda qizg'in tus oldi. Ayniqsa, Namangan viloyati Uychi tumani “Bog' ko'cha” mahallasidan Saida Ubaydullayeva, Toshkent shahri Mirzo Ulug'bek tumani “Sultoniya” mahallasidan Mavluda Abduqodirova, Buxoro viloyati Buxoro tumani “Shodlik” mahallasidan Hamida Jo'rayeva, Navoiy viloyati Nurota tumani “G'afur G'ulom” mahallasidan Baxtiyor Halimovning chiqishlari tadbir mehmonlarida katta taassurot qoldirdi.
Jizzax viloyati Zarbdor tumani “Toshkeskan” mahallasi faol nuroniysi Asrorxon ota Shodiyev milliy urf-odatlarimizni sahna ko'rinishi tarzida tomoshabinlar e'tiboriga havola qilganida zalda gulduros qarsaklar yangradi. Qoraqalpog'iston Respublikasi Shumanay tumani “Mami” mahallasi faol nuroniysi Sarbiyke ona Qallashova sahnaga ko'tarilganidayoq tomoshabinlar e'tiborini qozondi. Surxondaryo viloyati Jarqo'rg'on tumani “Eski qishloq” mahallasi faol nuroniysi Chori ota Raimov, Toshkent viloyati Yangiyo'l tumani “O'zbekiston” mahallasi faol nuroniysi Mastura aya Yakubova, Xorazm viloyati Xiva tumani “Parchanxos” mahallasi faol nuroniysi Abdurasul ota Jumaniyazov, Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani “Dehqonobod” mahallasi faol nuroniysi Jumaboy Qosimov, Samarqand viloyati Urgut tumani “Yuqori qayroqli” mahallasi faol nuroniysi Akrom Suyunov, Qashqadaryo viloyati Nishon tumani “Navbahor” mahallasi faol nuroniysi Shavkat Sultonov, Andijon viloyati Andijon shahri “G'ayrat” mahallasi faol nuroniysi G'ulomiddin Abdullayevning chiqishlarini ham tomoshabinlar katta qiziqish bilan kutib olishdi. Farg'ona viloyati Quva tumani “Quva” mahallasi faol nuroniysi G'ofirjon ota Qoraboyev sahnaga o'zi bilan nurli allomalar siymolarini yaratgan nuroniylar bilan chiqqanida zalni gulduros qarsaklar tutib ketdi.
Qizg'in bellashuvlar yakunida hakamlar hay'ati xulosasiga ko'ra, Namangan viloyati Uychi tumani “Bog' ko'cha” mahallasi faol nuroniysi Saida Ubaydullayeva faxrli 1-o'ringa sazovor bo'ldi va unga bosh sovrinni viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov topshirdi.
2-o'rinni egallagan Toshkent shahar Mirzo Ulug'bek tumani “Sultoniya” mahallasidan Mavluda Abduqodirovaga mukofotni “Nuroniy” jamg'armasi respublika Boshqaruvi raisi o'rinbosari Shuhrat Usmonov topshirdi.
Bu yilgi bahslarda nuroniylar shu qadar faollik bilan ishtirok etishdiki, hakamlar hay'ati ikki ishtirokchiga 3-o'rinni berishdi. 3-o'rin sohiblaridan biri Buxoro viloyati Buxoro tumani “Shodlik” mahallasi faol nuroniysi Hamida Jo'rayeva hamda yana bir 3-o'rin sovrindori — Navoiy viloyati Nurota tumani “G'afur G'ulom” mahallasi faol nuroniysi Baxtiyor Halimovga mukofotlarni “Nuroniy” jamg'armasi Namangan viloyati bo'limi raisi, senator Ikromxon Najmiddinov topshirdi.
Ko'rik-tanlov ishtirokchilarining barchasi turli nominatsiyalar bo'yicha g'oliblikka erishdilar.
Namanganlik san'atkorlar ijrosidagi kuy-qo'shiqlar ko'rik-tanlovga o'zgacha fayz bag'ishladi. Tadbir yakunida Namangan viloyati hokimligi nuroniylarni shahardagi “Shodiyona” to'yxonasiga bir piyola choyga taklif etdi. “Bir nuroniy — o'n yoshga mas'ul” ko'rik-tanlovi nuroniylar uchun chin ma'noda shodiyonaga aylanib ketdi.
Hamroxon Musurmonova,
Abdurashid Boltaboyev.